O'zbekistonda diniy bag'rikenglik qadriyati yo'qolib bormoqda


O`zbekistonda turli dinlar bag`rikenglik asosida yashab keladi deyilsada, e’tiqod erkinligiga doir vaziyat so’nggi yillarda ancha salbiylashgan. Bosim avvalo dindorlarga nisbatan o’tkazilmoqda.

Nasroniylarning “To`liq evangelchilar” oqimining Qoraqalpog`istondagi sobiq rahbari Nozim Isusichning bildirishicha, O`zbekistonda bundan bir -ikki yillar avval diniy bag`rikenglik, din va e`tiqod erkinligiga oid vaziyat bir muncha yaxshi bo`lgan, biroq so`nggi yillarda vaziyat keskin o`zgargan.

“Bu keyingi paytda O`zbekistonning G`arb bilan aloqalari keskinlashgani bilan bo`gliq”, - deydi Nozim Isusich.

Ayni paytda mazkur oqim faoliyati Qoraqolpog`iston bo`yicha to`xtatilgan va cherkovlari yopilgan. Diniy oqim vakillari O`zbekiston qonunchiligini buzganlikda ayblangan.

Nozim Isusichga ko`ra siyosiy vaziyat tufayli nafaqat mazkur, balki nasroniylik diniga tegishli ko`plab oqimlarga nisbatan ham shunday tazyiqlar boshlangan.

Rasmiy manbalarda, xususan O`zbekiston Diniy Boshqarmasi tomonidan berilayotgan ma`lumotlarda O`zbekistonda turli dinlarning bag`rikenglik asosida faoliyat yuritayotgani ta`kidlanadi.

O`zbekistonda islomdan so`ng eng katta diniy guruh bu nasroniylikni provoslav ko`rinishi bo`lsa, keyinigi o`rinni yahudiylar band eta boshladi.

Provoslav chekrov vakillari O`zbekistonda diniy ko`rinishlarga nisbatan bosim bo`layotgani haqidagi ma`lumotlarga shubha bilan qarashadi.

Toshkentdagi Yahudiy madaniy markazi muvofiqlashtiruvchisi Alyona bildirayotgan fikrlarga ko`ra yahudiy ravvinning o`ldirilishi diniy adovatga bo`gliq deyishga asos yo`q va uning o`zi dindor emas, biroq yahudiylar jamoasining diniy faoliyatiga nisbatan to`siqlar bo`layotgani kuzatilmagan.

O`zbekistonda diniy e'tiqodga bosim mamlakatdagi asosiy din - islom vakillariga nisbatan ko`rsatilayotgani ta'kidlanadi. Rasmiy hukumat tomonidan bu ektremizmga qarshi kurash sifatida tushuntiriladi.

Yaqinda ektremizm talqin qiluvchi adabiyotlarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish haqida qonunchilikka kiritilgan o`zgarishlar ham ko`proq musulmonlarga nisbatan ta'qiblarni kuchaytiruvchi holat sifatida qayd etildi.

O`zbekiston Musulmonlar idorasining huquq bo`limi vakili Murod Hojiyevga ko`ra idora qoshida diniy adabiyotlarni mamlakatga olib kirishni belgilovchi maxsus ulamolar guruhi faoliat boshlagan.

“Bu mutaxassilar guruhi o'sha adabiyotlarni o`rganib, dinimiz doirasidan chiqqanmi – chiqmaganmi shunga qarab, keyin mamlakatga olib kirishga ruxsat beradi ”, - deydi O`zbekiston musulmonlar idorasining vakili.

O`zbekistonda musulmonlarning ta`qibga olinayotgani haqida musulmon idoralarining rasmiylari emas, ko`proq oddiy aholi - musulmonlar gapirishadi.

“Qancha siquv bo`lsa, shunchalik qarshilik kuchayadi. Bu fizikaning oddiy qonuni. Sal nazoratni kamaytirsa, o`zgarish bo`ladi. Hamma u deydi, bu deydi, lekin ko`nishga majbur. Sal narsaga vahobiy, hizbut deb tiqib qo`yadigan bo`lsa... Provokatsiya juda ko`p, uyunigizga borishadi u-bu narsa tashlab qo`yishadi. Keyin, hech narsa qilolmaysiz ”.

Bu musulmonga ko`ra ayni paytda islom dinida ko`rsatilgan asosiy amallarni bajarish - besh mahal nomoz o`qish, masjidga qatnash, musulmonchilik haqida nasihatlar qilishning o`zi oddiy musulmonni turli ekstremistik tashkilotlarga a`zolikda ayblash uchun yetarli asos sanalmoqda.

XS
SM
MD
LG