Breaking News

BMT vakillari Isroil armiyasidan bombardimon qilmaslikni so'ragan


27 iyul, payshanba, Isroil armiyasi Hizbullohga qarshi hujumlarini davom ettirdi. Biroq Isroil tomonda ham zarar katta. Yaqin Sharqdagi muxbirimiz Jim Tiplning xabar berishicha, Hizbullohning janubdagi strategik jihatdan ikkinchi o’rindagi Bint Jbail shahri uchun kechgan janglarda Isroilning to’qqiz askari o’lgan, 25 nafari jarohat olgan. Havo hujumlari yo’l va binolarni vayron qilgan. Isroil qo’mondonlaridan biri general Alon Fridmanga ko’ra, hujumlar kamida yana bir necha hafta davom etadi.

“Armiyamiz missiyani o’xirigacha yetkazadi. Biz Hizbulloh raketa hujumlarini to’xtatib, ularni qurolsizlantirishga muvaffaq bo’lamiz, bunga qancha vaqt talab qilinishidan qat’iy nazar”, -deydi Isroil generali.

Isroil rasmiylariga ko’ra, Hizbulloh Livan janubidan surib chiqarilishi kerak. Shundagina xavfsiz zona yaratilib, xalqaro kuchlar yordamida tinchlikparvarlik missiyasi boshlanishi mumkin. Livan armiyasi ham bundan manfaatli bo’ladi, hamda Hizbullohning boshqa qurol olmasligi va Isroilga rahna solmasligini ta’minlash uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlar bilan harakat qiladi, demoqda Isroil hukumati.

BMTning Kanada, Finlyandiya, Avstriya va xitoylik kuzatuvchilari ularni bombardimon qilmaslikni so’rab, Isroil armiyasiga va deyarli 10 marta Isroilning BMTdagi elchisiga qo’ng’iroq qilgan. Biroq ularning talablari qondirilmagan. Kuzatuvchilar yashiringan postga baribir bomba tashlangan va ular halok bo’lgan. Isroil diplomati Dan Gillermen, hujumlarda BMT vakillari ataylab nishonga olinmaganini aytdi.

Xitoyning BMTdagi elchisi Vang Gungya Isroilning bu harakatini kechirib bo’lmaydi, deb rasmiy Tel-Avivdan kechirim so’rashni talab qilgan:

"Xitoy va boshqalar buni qoralaydi. Fikrimcha, BMTning har qanday binosi va xodimini nishonga olish kechirib bo’lmaydigan harakatdir", -dedi Xitoyning BMTdagi elchisi janob Vang.

Bosh kotib Kofi Anna chorshanba kuni qilgan bayonotida, Isroilni hujumlarni ataylab amalga oshirganlikda ayblagan edi. Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert, Annandan kechirim so’rab bu borada tergov ishlari olib borishga va’da bergan. AQShning BMTdagi elchisi Jon Bolton esa mazkur voqeaga siyosiy tus bermaslik lozim, demoqda.

“AQSh BMT vakillarining o’limini bahona qilib, bunga siyosiy tus berishga, hamda tezlikda sulhga erishish kerak degan chaqiriqlarga qarshi chiqadi”, - dedi AQSh diplomati janob Bolton.

27 iyul kuni AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Malayziya poytaxti Kualu Lumpurga keldi. ASEAN, ya’ni Janubiy Osiyo Mamlakatlari Uyushmasining forumida qatnashish uchun. Rays Yaqin Sharq mavzusida jurnalistlarning savollariga javob berarkan, tomonlarni tinchlikka olib kelish uchun yana bir bor Yaqin Sharqqa borishini ma’lum qildi.

“Yaqin Sharqqa tashrifim tomonlarni sulhga olib kelsa, bundan juda mamnun bo’lardim”, -deydi Rays xonim.

26 iyul kuni, Rimda o’tgan uchrashuvda Britaniyadan tashqari yig’ilishning deyarli barcha qatnashchilari AQSh Davlat kotibasiga bosim o’tkazib, rasmiy Vashingtondan Isroilni tinchlikka kelishini talab qilishni so’ragan. Biroq Oq Uy o’z gapida qolib, uzoq muddatli tinchlikni o’ylaganda, hozir sulhga kelish to’gri bo’lmaydi, deb ta’kidlashda davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG