Livan aholisi jahon hamjamiyatini loqaydlikda ayblamoqda


30 iyul, kuni Isroil aviatsiyasi Livanning Qana shahrini bombardimon qildi. 50 ka yaqin tinch aholi halok bo’lgan. Qurbonlarning deyarli yarmisi bolalar edi, deya ma’lum qilmoqda Livan rasmiylari. Mintaqadagi muxbirimiz Jim Tiplga ko’ra, bomba zarbalari 100ga yaqin tinch aholi yashiringan binoga qaratilgan. Hujumlardan so’ng Livan Bosh vaziri Fuad Seniora AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bilan muzokara olib bormasligini aytdi:

“Bugungi mudhish tongdan so’ng, zudlik bilan sulhga kelish va Isroilning Livanda olib borayotgan qirg’inlariga nisbatan xalqaro tergov boshlashdan boshqa gaplashadigan mavzu yo’q”, -dedi Livan Bosh vaziri Seniora, Isroilni harbiy jinoyatni amalga oshirayotganlikda ayblab.

AQSh Davlat kotibasi Rays, bo’lib o’tgan voqeadan chuqur qayg’uda ekanini bildirdi. Unga ko’ra, shu hafta ohirigacha sulh masalasi BMT Xavfsizlik Kengashi oldida ko’tariladi, biroq AQSh unga zudlik bilan erishishga da’vat qilmaydi.

“Mintaqada tezroq tinchlik bo’lishi tarafdorimiz. Imkoniyatim bo’lganda edi kechayoq unga erishgan bo’lardik. Sulh shartlari har ikki tomonni ham qoniqtirishi lozim. Biroq oldingi vaziyatga qaytaradigan, terrorchilarning Livan janubidan faoliyat yuritib, Isroil chegarasiga xurujlar uyushtirishiga imkoniyat yaratadigan sulhga ko’na olmaymiz”, dedi Kondoliza Rays.

Isroil rasmiylari, Qana shahridagi qurbonlar uchun Hizbullohni ayblamoqda. Sabab-guruh aynan tinch aholi boshpana qilgan bino oldidan raketa zarbalarini amalga oshirgan. Isroil hujumlardan oldin livanliklarni hududni tark etish borasida ogohlantirganini aytmoqda.

BMT Bosh kotibi Kofi Annan dushanba kuni (31 iyul), tashkilotga a’zo mamlakatlar ishtirokida yig’ilish o’tkazishga chaqirmoqda. Xalqaro hamjamiyatning harakat qiladigan vaqti keldi, deya Annan dunyoni Isroil-Livan chegarasiga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni yuborishga da’vat qilmoqda.

“Aniq qadamlarni qo’yish vaqti keldi. Ikki o’t orasida qolgan aholiga yordam berishimiz lozim. Bayonot va chaqiriqlarlardan tashqarida amal qilishimiz zarur”, -dedi Kofin Annan.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Filip Dust-Blezi esa, jabr ko’rgan livanliklarga insonparvarlik yordamini yetkazish maqsadida BMT tomonidan taklif qilingan uch kunlik sulh talabini rad qilgani uchun Isroilni tanqid qildi:

“Isroilning qaroridan afsusdaman, biroq Isroil rasmiylariga murojaat etib, ularni insonparvarlik yordamini berish davomida o’t ochmaslikka ko’ndirishga harakat qilaman”, -dedi Fransiya Tashqi ishlar vaziri janob Blezi.

Livanning Tayra shahrida esa ommaviy dafn marosimi o’tmoqda. Morglar jasadlarga to’lib ketgani bois, 30 kishining jasadi bir qabrga yotqizildi. Tayra aholisi qurbonlar sonini ko’payib borayotganida Isroil bilan birga AQSh ham aybdor demoqda.

“Ular Isroilga bombalar, bizga esa oziq-ovqat yuborgan. Ularning ovqatiga muxtoj emasmiz. Bizni o’ldirish uchun bomba yuborishni bas qiling. Men Amerika xalqini hurmat qilman, biroq hukumatini emas, sabab mana 30 yildirki Isroil Amerika qurollari yordamida bizga zug’m qilmoqda”, -deydi livanlik shayx Oqil Zaynidin.

Livan poytaxti Beyrutda esa Qana hujumidan g’azablangan minglab livanliklar BMT binosini tosh-bo’ron qildilar. Shuningdek yuzlab erkak va bolalar Hizbulloh bayrog’ini ko’targan holda Amerika va Isroilga qarshi shiorlarni aytib namoyish uyushtirdilar. BMT binosi vayron bo’lgan, biroq tashkilot xodimlariga zarar yetmagan.

Livan rasmiylariga ko’ra, Isroil hujumi oqibatida 750 mingga yaqin livanlik uyidan mahrum bo’lgan, qurbonlar soni ham ortib bormoqda.

XS
SM
MD
LG