Breaking News

Xelsinki Komissiyasida Rossiyadagi inson huquqlari ahvoli tinglandi


AQSh Kongressi qoshidagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, yani Xelsinki Komissiyasida yaqinda o’tkazilgan tinglovda Rossiyada inson huquqlari bilan bog'liq ahvol va fuqarolik jamiyatini yaxshilash yo’lidagi harakatlar muhokama qilindi.

Xelsinki Komissiyasi tinglovida inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi besh tashkilot vakillari ishtirok etdilar. Ularning aytishicha, Rossiya hukumati diniy va etnik ozchiliklarga nisbatan bag’rikenglik qilmayapti. Rossiya shuningdek inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar faoliyatiga aralashmoqda va matbuotni o’z nazorati ostiga olmoqda.

Demokratiya uchun AQSh jamg’armasi prezidenti Karl Gershmanga ko’ra, Rossiya bugun ikkiga bo’linib qolgan.

"Ularning har ikkisi bir-biriga qarama-qarshi turibdi. Biri mamlakatdagi mustaqil siyosiy fikrlash va faollik qilish yo’llarini to’sish orqali o’z hokimiyatini saqlashga intilayotgan qog’ozbozlar Rossiyasi bo’lsa, ikkinchisi avtoritar tuzumga qaytish siyosatini o’zgartirishga harakat qilayotgan fuqarolar Rossiyasidir," - deydi Karl Gershman

Tinglovda hisobot bergan Freedom House, ya'ni "Ozodlik Uyi" tashkiloti vakili Tomas Meliyaning aytishicha, AQSh va boshqa davlatlarning Rossiyani islohotlar yo’lidan borishga undab, bosim o’tkazishlariga, Kreml rahbarlari, mamlakat ichki ishlariga aralashuv sifatida qaraydilar. Rossiya hukumati nazarida, G’arb, uning muvaffaqiyatsizliklarga uchrashini tilaydi, deydi janob Meliya.

"Biz inson huquqlari va demokratiya haqida gapirganimizida ular bunga o’zlari barpo etayotgan davlatga nisbatan tahdid sifatida qaraydilar. Biz Rossiyaga yordam bermoqchi bo’lib turganimizda ular bizni Rossiyaga qarshi deb biladi."

Xelsinki Komissiyasi tarkibida sakkiz nafar senator va 9 nafar kongressmen faoliyat yuritadi. Ularning biri, Kanzas shtatidan saylangan senator Sem Braunbek, komissiyani boshqaradi. Uning aytishicha, AQSh-Rossiya munosabatlarining ijobiyligi bugungi kun talabidir, biroq buning uchun Rossiyaning ichki siyosatini inkor etmaslik zarur.

"Rossiya bilan yaxshi aloqada bo’lish kerak, biroq shu bilan birga inson huquqlari va demokratiya bilan bog’liq muammolarni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Demokratiyaning G’arb andozalariga to’g’ri kelishini istaymiz, biroq uning hech bir mamlakatda mukammal emasligini ham tan olish kerak."

XS
SM
MD
LG