Isroil Livanda piyoda harbiy harakatni kengaytirmoqda


Yevropa Ittifoqida Isroil va Hizbulloh orasidagi janglarni to’xtatishga chaqiruvchi bayonot loyihasi bugun Bryusselda muhokama ostida. Isroil esa Livanda piyoda harbiy askarlar sonini oshirishni rejalagan va Hizbullohga qarshi hujumlarni vaqtincha to’xtatishdan bosh tortmoqda. Prezident Bush Yaqin Sharqda xunrezlikka chek qo’yish ustida ishlayapmiz deb jar solar ekan, ba’zi senatorlar AQShning mintaqadagi siyosatini tanqid ostiga olmoqda.

Zo’ravonlikni to’xtatishga doir turlicha qarashlar mavjud. Finlyandiya nazarida, Isroilning Hizbullohga qarshi hujumlarni kengaytirish qarori mintaqada ekstremizmni kuchaytiradi. Fransiya janglarni hech qanday shartlarsiz to’xtatishga chaqirayotgan bo’lsa, Britaniya Livanga xalqaro kuchlarni yuborish tarafdori. Eron esa BMT Xavfsizlik Kengashini xunrezlikni to’xtata olmayotganlikda ayblamoqda.

Bu orada, Isroil Livanda piyoda askarlar sonini ko’paytirmoqchi.

Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yefrem Snehning aytishicha, Livan janubidan Hizbullohni siqib chiqarish uchun piyoda harbiy harakatlar bir necha hafta davom etishi lozim.

Ma’lumki, yakshanba kuni Isroil zarbalari ostida Livanning janubiy Qana shahrida 54 kishi halok bo’lgan edi. Livan hukumati ushbu holat bo’yicha xalqaro tergov o’tkazishni talab qilmoqda.

Livanning muvaqqat tashqi ishlar vaziri Tariq Mitri Isroilning Qanadagi hujumlarini oddiy aholiga qarshi uyushtirilgan qatliom deb baholamoqda.

Isroil nazarida esa, uning armiyasi Livandagi jangarilarga qarshi kurashishga majbur, chunki Livan ularni nazorat qilmayapti.

Isroilning BMTdagi elchisi Den Gillerman-ning ta’kidlashicha, Livandagi zo’ravonlik Livanning aybi. Livan hukumati, deydi u, mamlakatning terrorizm o’chog’i va nafrat makoniga aylanishiga yo’l qo’ygan.

Bu orada, prezident Bush Yaqin Sharqqa doimiy tinchlik keltirish rejasi ustida ishlayotganini aytmoqda.

AQSh rahbariga ko’ra, yaqin orada BMT Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga zo’ravonlikka nuqta qo’yuvchi rezolyutsiya havola etiladi.

Ammo Bush fikricha, janglarni hech qanday shartlarsiz, zudlik bilan to’xtatish talabi xunrezlikka barham bermaydi. Unga ko’ra, masalaga kengroq qarash, jumladan Livan hukumatiga yordam berish, mintaqaga xalqaro kuchlarni jo’natish hamda terrorizm urug’ini quritish lozim.

Ba’zi senatorlar nazarida, Yaqin Sharq muammosini yechishning bir yo’li mintaqaga maxsus elchilarni tayinlash. Nomzod sifatida sobiq davlat kotiblari Kolin Pauel va Jeyms Beyker ko’rsatilmoqda.

Respublikachi senator Chak Heygelning aytishicha, Bush ma’muriyati asosiy e’tiborni – uning nazarida Hizbullohning homiylari bo’lmish – Suriya va Eronga qaratishi darkor.

Shuningdek, senatorning ogohlantirishicha, AQShning Isroil bilan yaqin hamkorligi arab dunyosi bilan munosabatlarni salbiylashtirishi mumkin.

Shunga qaramasdan, senator Heygel AQSh Isroilni himoya qilishda davom etadi, deydi.

Livanning bildirishicha, mamlakat janubida xalqaro tinchlikparvar kuchlarni ko’paytirish hamda isroillik mahbuslarni ozod etish rejasi tayyor, ammo janglar to’xtamas ekan, rejani amalga oshirish imkoniyati yo’q.

XS
SM
MD
LG