Isroil Qanadagi xurujni 'harbiy xato' deya tan oldi


Isroil 30 avgust kuni Livanning Qana shahrida uyushtirilgan hujumni "harbiylar xatosi" deb tan oldi va u yerdagi bino ichida oddiy fuqarolarning borligini bilganida unga bomba tashlamagan bo’lishini bildirdi.

Shu bilan birga Isroil Hizbullohni o’sha joydan raketa hujumlarini uyushtirganlikda aybladi. Biroq xalqaro Human Rights Watch tashkiloti mustaqil ravishda o’tkazilgan taftish u yerda raketalar chiqaradigan moslama bo’lmaganini ayon qildi, dedi.

Seshanba kuni O’zbekistondagi mahalliy gazetalar Tashqi ishlar vazirligi bayonotini chop etgan. Unda Isroil armiyasining 30 iyul kuni Qanadagi binoga bomba tashlab, undagi aksariyati yosh bolalar bo’lgan oddiy fuqarolarni o’ldirgan harakatlari qoralandi. O’zbekiston ham ko’plab davlatlar qatori Livanda harbiy harakatlarning zudlik bilan to’xtatilishi tarafdori ekanini ilk bor rasmiy matbuot orqali bildirdi.

Bugun Isroil aviatsiyasi Beyrutning janubiy qismi, sharqdagi Bekaa vodiysini va Suriya chegarasiga yaqin yo’llarni bombardimon qilishda davom etdi. Isroil Bosh vazirining aytishicha, uning hukumati Livanda o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishishmoqda va kelasi hafta harbiy harakatlar to’xtatilishi mumkin. Mojaro boshlanganidan beri kamida 646 livanlik va 56 isroillik halok bo’lgan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Sipi Livniga ko’ra, kelasi haftagacha Hizbullohni qurolsizlantirishga muvaffaq bo’linadi va shunda BMT sulh bo’yicha rezolyutsiya qabul qilishi mumkin bo’ladi.

Islom Konferensiyasi Tashkiloti Malayziyada favqulodda majlis o’tkazib, Livanda harbiy harakatlarni to’xtatishni talab qilib chiqdi. Livan Tashqi ishlar vaziri Favzi Salloh tashkilot a’zolaridan Isroil harakatlarini qoralaydigan bayonot chiqarishni so’radi.

U harbiy harakatlarni zudlik bilan to’xtatish, Isroil qo’shinlarini Livandan chiqarish, Isroil tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarni taftish qiluvchi xalqaro komissiya tuzish va uylarini tark etgan livanliklarni qaytarishga chaqirdi.

Musulmonlar yashaydigan 56 davlat a’zo bo’lgan tashkilot raisi, Malayziya Bosh vaziri Abdulla Badaviyning aytishicha, quruq bayonotlar bilan cheklanadigan vaqt o’tdi va aniq harakatlarga qo’l urish kerak. Unga ko’ra, Isroil va Hizbulloh o’rtasidagi mojaroni to’xtatishda musulmon davlatlar faol harakat qilishlari kerak. Malayziya BMT homiyligida Livan janubiga o’z qo’shinlarini yuborishga tayyor ekanini bildirdi va boshqa musulmon davlatlarni ham shunga chaqirdi.

Islom Konferensiyasi Tashkilotining ba’zi a’zolariga ko’ra, BMTning mojaroni hal etish bo’yicha sust harakatlari dunyo bo’ylab musulmonlarni radikallashtirmoqda va tobora ko’proq zo’ravonliklarga sabab bo’lishi mumkin.

So’zga chiqqan Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodga ko’ra, Yaqin Sharqdagi muammoni hal qilishning eng yaxshi yo’li – Isroilni butunlay yo’qotish.

XS
SM
MD
LG