Dissident ziyolilar hayotidan: Baxtiyor Isabekov


“Ijodimni nashr qilish bo’yicha, ishga joylashish bo’yicha, umuman siyosiy faoliyatning hamma turi bo’yicha ta’qiqlanganman”, deydi olim, “Erk” partiyasi faoli Baxtiyor Isabekov.

“1993 yil 9 aprel kuni ishdan modda bilan haydalganman. U paytda “Baxtiyor Iso, “Erk yo’lida” degan kitob chiqardi, deb tergov ishlari boshlashgan. Ana shu bo’yicha mehnat daftarchamda o’sha modda aks etib qolgan. Qayerga ishga boradigan bo’lsam, avvaliga olishadi, hattoki xursand bo’lib olishadi. Biroq bir-ikki kun o'tmay, bizga to’g’ri kelmas ekansiz, deb qaytarib yuborishadi”.

“Baxtiyor akaning o’ziga xos tomonlari shuki, qandaydir o’tkinchi, aytaylik bugungi propaganda ishlari yoki bo’lmasa ma’lum bir kompaniyalar bo’ladi ijodda ham, aytaylik hukumat tomonidan tashlangan shiorga maddohlik jihatdan tashlanish emas, u kishida har qanday holatda ham, har qanday vaziyatda ham o’zlarining fikrlarini ochiq bayon etish va oz fikrida qat’iy turish jihatlari menga juda yoqadi. Qilayotgan ilmiy ishlarida ham kelajakdagi o’zgarishlar, jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy o’zgarishlarga bog’lab olib ketadi”, deydi adib Inomjon Tursunov.

Bir necha yillar o’z yurtidan ish topolmagan olim ikki yilga yaqin vaqt davomida Qozog'iston oliygohlarida xizmat qilib keldi. Baxtiyor Isobekov qozoq va o’zbek ziyolilarini taqqoslaydi:

“Qozoq millatining vakillari o’zini butun Qozog'iston egasiday yuradi, ko’chada yurishining o’zida ham farq bor. Ziyolilarida-ku, bu undan ham ko’proq. Men o’sha yerdan kelganimdan keyin bunday qarasam, bizning ko’chada, bilmadim hokimlarni ko’rmaganman, oddiy insonlar, ziyolimi, boshqami, hammasi boshi egik yuradi. Shuning uchun ahvolni ana shundan keltirib chiqarsangiz ham bo’ladi. Men o’zimizning vaqtli matbuotni ko’rib turib, munofiqlik degan narsa xalqimizning doimiy sherigiga aylanib qolayotganini va bunda ziyolilarimizning xizmati benihoya katta ekanligini his qilaman. Munofiqlik, mana, masalan, deylik hozir narxni oshirsa, albatta shuni oqlab yozadigan jurnalist yoki olim yoki shoir topiladi. Bu – oshkora munofiqlik. O’zi munofiqlik yashirin bo’ladi axir, bizning ziyoli uchun esa oshkora”, deydi B. Isobekov.

Yozuv millatni shakillantirish vositalaridan biridir. Biroq bugun o’zbek millati yozuvining turliligi bois parchalanishi mumkin, deb hisoblaydi Baxtiyor Isobekov.

“O'zbek millati hozirgi shu kunda uchta yozuvda qoldi. O’zbekiston lotinda, qolgan sobiq Ittifoqdosh respublikalar kirillda, Afg’oniston o’zbeklari arab yozuvida. Hukumatimiz Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg’izistondagi o’zbeklarning o’qish dasturi qanday bo’ladi, deb biron marta qiziqmadi, yo qiziqsa ham o’z holiga tashlab qo’ydi. Bu bilan qiziqqanida, o’zbek millati yaxlit bo’lishini xohlaganida albatta ular bilan muzokaralar olib borib, millatning yaxlitligiga ta’sir qilmaydigan shakllarini topgan bo’lardi. Masalan, chegaradosh davlatlarning hammasida millatni parchalab yubormaslik uchun yo’l topilgan. Buni istash kerak avvalo. O’zbekistonning O’zbekiston tashqarisidagi o’zbeklarga bo’lgan yalpi mana shu munosabati ularni O’zbekistondan va o’zbek xalqidan nari itaryapti. Buni men parchalash deyman”, deb o’z fikrini davom ettiradi olim:

“Mayli, Turkmanboshi qancha, nima bo’lsa bo’lsin, lekin shunga qaramasdan u dunyo turkmanlarini birlashtirish yo’lini tutdi. Nazarboyev? Qozog'istonda, masalan, O’zbekistondan bitta qozoq boradigan bo’lsa, unga siyosiy to’siqlar qo'ymasdan, "sen O’zbekistondan kelgansan" demasdan, unga yo’l beradi. O’qishga boradigan bo’lsa, yotoqxonadan tortib hammasigacha ta’minlaydi. Ishga boradigan bo’lsa, 60 ming tanga "podyomniy"dan tortib, uy-joy va kerakli ishlar bilan ta’minlab berishi bilan. Bu O’zbekistondan borganlarni, men ko’zim bilan ko’rganlarimni aytyapman sizga. Mongoliyadan 30 ming oilani ko’chirib kelganini aytayotganim yo’q. Bu qozoqlarni birlashishi uchun xizmat qilyaptimi? Endi esa bizning siyosatimizga qarang”.

“Mening kichik bir xususiy nashriyotim bor edi. Shunda Yassaviyning kulliyotini tayyorlashga to’g’ri keldi. Bu ish ustida biz 10 yildan buyon hamkorlik qilyapmiz. Baxtiyor Isobekov Yassaviy haqida ancha-muncha ishlar qilib qo’ydi. Bu kishi bizga kulliyotni tayyorlab berishdan tashqari, ijodga shu qadar kirishib ketdiki, 114 betli Yassaviy so’zligini yozdi. Shu ish jarayonida ko’nglida Ahmad Yassaviy tasavvuf lug’atini tuzish ishtiyoqi tug’ildi. U kishini bilimi shunga yetadi. Undan tashqari, u kishi faqat tilshunos emas, adabiyotshunos, tasavvufshunos, tarixshunos, etnograf, ma’rifiy sohada bir qomusiy olim”, deb aytadi shoir va tarjimon Sa’dulla Ahmad.

“Men Yassaviy ijodi bilan keyingi yillarda ancha shug’ullanib yurdim. Bilasizmi, O’zbekiston matbuotida Yassaviyga oid materialni chiqarish og’irroq kechadi. O’zbekiston o’rischasiga "stranizm" deydi, ya’ni mamlakatchilik, bular "stranizm" yo’lidan yurdi. Ya’ni 1924 yilda Moskva chizib berib, "mana bu yer O’zbekiston degan joy, bu o’zbek madaniyati, o’zbek xalqi, o’zbek davlati" degan tushunchaga kelib qolishdi va hozirgi avlodni xuddi shu tushunchada tarbiyalashyapti. Natijada Yassaviy bularning geografiyasidan tashqarida qoldi. "Ha, endi Qozog'istondaku, inkor qilasizmi", deydi bittasi. "To’g’ri, inkor qilmayman, biroq geografiyang ham to’liq emas," dedim. Jahlim chiqdi. "Axir Navoiy ham Afg’onistondaku", og’ayni, dedim. Millat boshqa bo’ladi, davlat, mamlakat doim unga mos kelavermaydi. Millatning yaxlitligi faqat shunda ta’minlanadi”, deydi qayg’urib olim Baxtiyor Isobekov.

XS
SM
MD
LG