BMTda Livandagi xunrezlikni qanday to'xtatish bo'yicha yakdillik yo'q


Isroil Livanga qarshi havo hujumlarini davom ettirib, Beyrut janubi, ko’priklar hamda shu paytgacha nishonga olinmagan joylarni borbardimon qilmoqda. Livan janubida Isroilning besh askari halok bo’lgani haqida xabarlar bor.

Quddusdagi muxbirimiz Jim Tiplning xabar berishicha, Hizbulloh guruhi ham Isroilga qarata 100 dan ortiq raketa otgan.

Xunrezlikni to’xtatish harakatlari avjida, ammo Fransiya Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ishonchi pasayib borayotganini ta’kidlamoqda. AQSh rasmiylari BMT kelasi hafta boshida rezolyutsiya qabul qiladi, deb umid bildirmoqda.

Shiddatli janglar davom etayotgan Livanda Isroil harbiylari 15 kilometrli xavfsiz zona yaratish harakatida.

Isroil generali Beni Ganzning aytishicha, maqsad Hizbulloh guruhi infratuzilmasini yakson qilish, toki ular Isroilga tahdid sola olmasin. Buning uchun qo’ldan kelgan barcha harbiy choralarni ko’ramiz, deydi Isroil harbiysi.

Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmertning ta’kidlashicha, Livan chegarasi bo’ylab xavfsizlik zonasini barpo etish rejasi deyarli yakunlanyapti. Hozirda Livanning 20 ga yaqin qishloqlari Isroil harbiylari nazorati ostida.

Isroillik shtab qo’mondoni Den Halutz Livanda qancha qolish qarori Isroil hukumati qo’lida, deydi. “Isroillik askarlar bu yerda keragicha qoladi.”

Yaqin orada janglarni to’xtatish va vaqtincha sulh tuzish bo’yicha BMT rezolyutsiyasi qabul qilinadi, degan umid so’ngani yo’q. Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyerning aytishicha, AQSh, Britaniya va Fransiya BMT rezolyutsiyasi ustida ter to’kmoqda. Undan maqsad, xunrezlikka darhol chek qo’yib, Livanga xalqaro kuchlarni jo’natish rejasiga turtki berish, deydi janob Bleyer.

Ammo Fransiyaning BMTdagi elchisi Jan Mark de la Sabliyer rezolyutsiyaning tezlikda qabul qilinishiga ishonchim komil emas, deb ta’kidlamoqda. Chunki vaqtincha sulh tuzish tartibi bo’yicha Xavfsizlik Kengashida yakdillik yo’q.

Fransuz diplomatiga ko’ra, avvaliga janglarni to’xtatib, keyin tomonlar orasida uzoq muddatli kelishuv va yechim haqida gapirsa bo’ladi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Shoh Makkormakka ko’ra, sulh tuzish bo’yicha BMT rezolyutsiyasi kelasi hafta boshida qabul qilinishi mumkin.

Bu boradagi harakatlarga boshchilik qilayotgan Fransiya esa Livanga xalqaro tinchlikparvar kuchlarni jo’natishdan oldin zo’ravonlikka chek qo’yish talabi bilan chiqmoqda.

“Masalaga yondashuv, qarorlar va Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari tartibi bo’yicha muhokamalar avjida. Bir qator mavzular bo’yicha ittifoqchilarimiz bilan hamfikrmiz,” - deydi AQSh vakili Makkormak.

AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo’yicha muovini Deyvid Velch tez orada mintaqaga yana safar qiladi. Ammo safar tafsilotlari haqida ma’lumot yo’q.

Shuningdek, AQSh Livan armiyasini tayyorgarlikdan o’tkazish va uni kerakli jihozlar bilan ta’minlash rejasini tasdiqladi. Maqsad, deyishmoqda AQSh rasmiylari, Isroil-Hizbulloh orasida janglar to’xtagach, Livan o’z hududida qayta nazorat o’rnata olsin.

XS
SM
MD
LG