Tojikistonda nasroniylarga munosabat salbiylashyapti


Bir vaqtlar fuqarolar urushini boshdan kechirgan tojikistonlik ziyolilarning aytishicha, mamlakatda dinlararo ziddiyat mavjud, lekin ular fikricha demokratik tuzum va zamonaviy madaniyat ostida xalqlar o’rtasida e’tiqod erkinligiga hurmat ko’rsatilishi lozim.

Yetti milliondan ziyodroq aholiga ega bo’lgan Tojikiston fuqorolarining 98 foizga yaqini islom diniga e’tiqod qiladi. Keyingi yillarda respublikada nasroniylarning bir qancha sektalari va krishnaitlar, o’zga din vakillari ish ko’ra boshladi. Ularga munosabat bundan 10 yil oldingiga qaraganda hozir ancha mo’tadil.

Hukumat hatto o’z qonunlarida musulmonlarga qaraganda ularga kengroq sharoit yaratib bermoqda. Ammo odamlar orasida nasroniylarga qarash salbiy tomonga o’zgarib bormoqda. Bu esa olimlar nazarida milliy nizolarga o’sib ketishi mumkin. Buning sabablaridan birini filologiya fanlari nomzodi, yosh olim Ilhomjon Yusupov kattalarning yoshlarga munosabati zamirida ko’radi.

“Bu ham bir illat, millatimizni illati. Yomon xislatlar ham yoshlarga ota-onalaridan o’tadi. Ular o’zlari bilgan-bilmagan holda dasturxon boshida, to’y-ma’rakalarda yahudiylarni yomonlab, kofir deb atab, Muhammad payg’ambarga o’tkazilgan tayziqlarni misol qilib diniy ziddiyatlarni tarbiyalaydilar. So’ng diniy kelishmovchilikdan milliy kelishmovchilik kelib chiqadi,”- deydi olim.

Lekin Tojikiston ziyolilarining hammasi ham bunday fikrlamaydi. Masalan, ziyoli Qo’ldoshali Zohidov fikricha, dunyoni nasroniylar boshqaradi-yu, jahondagi notinchliklar-u Tojikistonda o’tgan urushga ham ular sababchi ekan. Unga ko’ra, nasroniylarning puli ko’p bo’lib, dunyoni nazorat qiladi va yer yuzida musulmon davlatlari orasiga nifoq solishga harakat qilishadi.

“1991 yillarda Tojikistonda oppozitsiya kuchlari paydo bo’lishi va urush chiqishida ham boshqa davlatlarning qo’li bor. Shuning uchun odamlarimiz ularni yoqtirmaydi,” - deydi u.

Lekin nasroniy Zinaida Petrovna Volkovaning aytishicha, Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida ham oddiy xalq o’rtasida diniy qarama-qarshilik bo’lmagan.

“Ehtimol bu yuqori lavozimdagilar orasida bo’lgandir. Oddiy kishilar nimaga e’tiqod qilgan bo’lsalar, shunda qoldilar. Shuning uchun men qandaydir qarama-qarshi turishlik bor edi deya olmayman,” - deydi Zinaida Volkova.

Hozir Tojikistonning Dushanbe va Chkalovsk shaharlarida alohida cherkovlar faoliyat ko’rsatmoqda. Xo’janddagi cherkov esa ikki yil oldin elektr tarmog’idagi qisqa tutashuv sabab yonib ketgandi. Ayni paytda uni qayta tiklash uchun So’g’d viloyat hukumati va Rossiyaning Xo’janddagi konsulligi harakat qilmoqda.

Dushanbe shahridan bo’lgan ziyoli Salimxo’ja Obidov Tojikistonda dinlararo ziddiyatlar uchquni mavjudligini e’tirof etar ekan, demokratik tuzumda odamlarda bag’rikenglik bo’lishi zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, demokratik tartiblar va ilg’or madaniyat millatlar orasida e’tiqod erkinligini hurmat etishni taqozo etadi va jamiyat bunga ko’nikishi lozim.

Yosh olim Ilhomjon Yusupov ham qanday din bo’lmasin, kim qanday aqidada turmasin, inson bir xudoni tanishi va eng asosiysi o’z qalbida muhabbatga ega bo’lishi muhimligini ta’kidlaydi. Unga ko’ra, har qanday dinlardagi yaxshi tomonlarni inson o’zlashtira borishi kerak.

“Har bir inson xoh namoz o’qisin, boshga dinda bo’lmasin, uning qalbida xudo bo’lsa, o’z qalbida xudo bergan sof muhabbatni topsa, dunyodagi eng yaxshilarini tanlab hayotga tadbiq etaveradi,” - deydi u.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Tojikistonda hozirgi kunda turfa diniy yo’nalishlardagi o’nga yaqin tashkilotlar qayddan o’tib, faoliyat olib bormoqda.

XS
SM
MD
LG