Breaking News

Tojikiston: Maoshi oz muallimlar boshiga savdo tushdi


Nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki maorif sohasida ham turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan Tojikistonda o’qituvchilar yetishmayapti. Buning asosiy sababi respublikada o’qituvchilarga e’tiborsizlik va maoshlarining ozligidir.

Olib-sotarlikka o’tayotgan o’qituvchini hozir Tojikistonda sahardan bozorda ko’tara savdo oldida uchratasiz. O’tgan ikki oylik maoshini hali qo’liga olmagan o’qituvchilar el qatori bozorga chiqmoqqa majbur bo’lishmoqda.

Tojikiston shimolidagi Spitamen nohiyasidagi o’rta maktab direktori Shodimurod Yoqubov “maktabimizdan o’qituvchilar 6 iyundan ta’tilga chiqishgan. Yana ikki haftadan so’ng ishga chiqishlari kerak. Lekin hozirgacha ta’til pulini olgani yoq,” deydi.

Uning aytishicha, muallimlar uchun ta’til vaqtida ajratiladigan bir oylik maoshga teng davolanish puli ham o’qituvchilarga to’lanmagan.

Zafarabod nohiyasida dehqonlar farzandlariga ta’lim beruvchi o’qituvchilar ham ana shunday ahvolda. Bu sharoitdan chiqib ketish uchun biror yechim ko’rinadimi, degan savolga muallima Oyniso Zohidova “hozir biz may oyiga pul olganmiz, avgust kelib qoldi, ta’til pullarini olmadik. Biz qiyinchilikda qoldik, bu sharoitdan qanday chiqib ketish yo’llarini izlayapmiz,” deb javob qiladi.

Spitamen nohiyasi xalq maorif bo’limi mudiri o’rinbosari Ibrohim Barakayev o’qituvchilar ustiga yuborilayotgan haqsiz tekshiruvlarning asossizligini ta’kidlar ekan, bunday tekshiruvlar nohiyada o’tgan yilning noyabr oyidan beri davom etayotgaligidan noliydi. Muallim Sh. Yoqubovning aytishicha, bu holat o’qituvchilarning ishdan ko’ngillari qolishiga va maktabni tark etishiga sabab bo’lmoqda ekan.

“Maktablarni tekshirgani bu sohani yaxshi bilmagan hukumat a’zolari boradi. Nimani tekshiradi, nimani hal qiladi, biz tushunmaymiz. Maktab ishlariga aralashaverishadi, tekshirishaveradi, oxir-oqibat o’qituvchilarning ham asabiga tegadi,” – deydi muallim.

“Prezidentimiz o’z chiqishlarida maktablar ta’miriga 60 million somon pul ajratilganini aytgan edilar. Shaxsan men rahbarlik qilayotgan maktabga bir somon ham pul ajratilmadi. Bundan 7-8 yil oldin maktabimizda 129 o’qituvchi ishlardi. Hozir ularning soni 65 nafarga tushib qoldi. O’qituvchilarimiz miqdori 50 foizga kamaydi. Oqituvchilarimiz maktabda ishlab ro’zg’or tebrata olmaydi. Sharoit ularni maktabni tark etishga majbur qildi,” - deydi maktab direktori Sh. Yoqubov.

Birgina Spitamen nohiyasida o’tgan bir yilda 150 o’qituvchi maktabni tark etgan. 2004 yilning may oyida Tojikiston prezidenti maktablardan o’qituvchilar ketib qolishini to’xtatish maqsadida, ularga alohida e’tibor qaratish borasidagi bandlarni o’z ichiga olgan muhim qarorga imzo chekkan edi.

Xalq maorif idorasi vakili I. Barakayevga ko’ra, bu qaror gog’ozda qolib ketgan. Uning ta’kidicha, agar o’qituvchilar ijtimoiy himoyalanganda edi, Tojikistonda yetishmayotgan 11 ming o’qituvchi o’rni to’ldirilgan bo’lardi.

Mahalliy hokimiyatning turli bahonalar bilan o’qituvchilar maoshini bermay turganligini prezident siyosatiga qarshi borishdir, deb hisoblaydi Barakayev.

XS
SM
MD
LG