Amerika xalqining aksariyati Yaqin Sharqqa tinchlik kelishini istaydi


So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning aksariyati, Yaqin Sharqda urush tezlikda to’xtatilishini istaydilar.

Vashingtonda asoslangan “Amerika-Islom Aloqalari Kengashi” ning ma’lum qilishicha, Pensillvaniya shtatidagi mustaqil tashkilot o’tkazgan so’rov yakuniga ko’ra, respondentlarning 53 foizi Isroil-Hizbulloh o’rtasida urushning yakun topishini xohlaydi. 63 foizi esa AQSh hukumati bu borada betaraf siyosat olib borsin, degan fikrda.

Kengash ijroiya direktori Nihad Avodning fikricha, rasmiy Vashington hujumlarning darhol to’xtatilishini talab qilmay, AQShning musulmon dunyosidagi obro’sini yanada poymol etmoqda:

“Prezident va davlat kotibasi, shuningdek, Kongress a’zolarining sust harakat qilishi bizning arab va musulmon dunyosida tinchlik va demokratya targ’ibotimizga va bizga nisbatan ishonchga zarba bermoqda”, -deydi mutaxassis.

“Amerika-Islom Aloqalari Kengashi” so’zlovchisi Ibrohim Xuper Yaqin Sharqdagi kelishmovchilikning negiziga yetish borasida AQSh Davlat kotibasining bayonatiga qoshiladi:

“Mintaqa bilan aloqalarni qayta korib chiqish kerak. Nafaqat Isroil manfaatiga doir masalalar, balki barcha tomonlarga tegishli muammolarga e’tibor berib, yagona yechim topish kerak”, -deydi Ibrohim Xuper.

CNN (Si-En-En) telekompaniyasi o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 44 foizi, Isroil hujumlarni darhol to’xtatsin degan fikrda. “Amerika-Islom Aloqalari Kengashi” ommaviy so’rovlar va ular berayotgan aks sado AQShning Yaqin Sharq siyosati bo’yicha jamoatchilik o’rtasida yanada kengroq munozaraga yo’l ochadi, deya umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG