AQSh diplomati: Aloqalarni o'zgartirish prezident Karimov qo'lida


9 avgust kuni Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucherga (Richard Boucher) uning tashrifi ikki davlat o'rtasidagi kelishmovchilik va muammolar yechimi yo'lida yaxshi imkoniyat ekani bildirilgan.

2005 yilning 13 mayida Andijonda ro’y bergan qonli voqealardan beri AQShning bu kabi yuqori lavozimli rasmiysi O’zbekistonga ilk bor safar qildi.

Andijon voqealaridan keyin AQSh-O’zbekiston aloqalari keskin sovuqlashgan. O’zbekiston AQShning mustaqil tergov o’tkazish kerak degan talabiga javoban uning Xonoboddagi harbiy kuchlarini chiqarib yuborgan. AQSh diplomatlari va qonun chiqaruvchilari O’zbekiston bilan aloqalarni iliqlashishi prezident Islom Karimov qo’lida, biz muzokaraga tayyormiz, deb keladilar.

Richard Baucherning o’zi Amerika Ovoziga shu yilning 22 martida bergan intervyusida, "O’zbekiston bilan har qanday masalada yuzma-yuz gaplashishga tayyormiz va rasmiy Toshkentdan xalqaro qonunlarga va me’yorlarga rioya qilishni kutamiz",- deb ta’kidlagan.

Vashington tashqi siyosatining asosi inson huquqlari va demokratik islohotlarni ilgari surish bo'lib qolarkan, O`zbekistondagi siyosiy vaziyat aynan demokratik islohotlar yo`qligi, inson huquqlarini qo`pol buzilishi bilan ko`zga tashlanadi.

Siyosiy sharhlovchi Tursunboy Qoratoyevga ko`ra, munosabatlar AQShning inson huquqlari bilan bo`gliq pozitsiyasini o`zgarishini taqozo etadi.

Mustaqil ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra esa tashrif nohukumat tashkilotlarning bugungi ahvoli va inson huquqlari faollarining ta`qib qilinishi bilan bo`gliq.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher Toshkentga bir kunlik safari ketidan hozir Qirg’izistonga yo’l olgan. AQShning Toshkentdagi elchixonasida jurnalistlar savollariga javob berarkan, janob Baucher Amerika-O’zbekiston aloqalarining kelajagida inson huquqlari va demokratiya muhim omil bo’lib qolishini bildirgan. Hamkorlikni mustahkamlaymiz, desada AQSh diplomati, O’zbekistondan AQShga tegishli tashkilotlar birma-bir chiqarilib yuborilayotgan bir paytda, bu hamkorlik asoslari aynan nimadan iborat bo’lishi mumkinligi haqida batafsil gapirmadi.

“Tomonlar inson huquqlari va Andijon voqealari bo`yicha turlicha qarshga ega. Lekin shunga qaramasdan, men hamkorlikni davom ettirish uchun yangi asos topish mumkinligiga ishonaman, bu asos orqali biz boshqa barcha muammolarni muhokama qilishimiz mumkin”, - dedi Richard Baucher.

AQSh Davlat kotibi muoviniga ko`ra inson huquqlarini himoyalash AQSh davlati va Amerika xalqi uchun eng muhum yo`nalish va AQSh O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatni kuzatishda davom etadi.

“Muammo vaziyatni yaxhsilash uchun qanday choralar ko`rish lozimligi bilan bo`gliq. Inson huquqlarining buzilishi oqibatida qiynoqqa uchragan kishilarning sharoitini yaxshilash uchun nima qilishimiz mumkin? Hukumat bu borada, aynan inson huquqlari masalasida, aniq bir qadamlar tashlashi lozim ”, - deb hisoblaydi Richard Baucher.

Baucher nazarida ikki o`rtadagi munosabatlar keskinlashishda davom etsa, AQSh tomoni aniq bir choralar ko`rishi mumkin, biroq hozircha bu choralar aynan nima bo’lishi noaniq.

“Men buni hozir bilmayman, vaqti kelganda bu haqda aniq gapirish mumkin bo`ladi”, - deydi Richard Baucher.

Shuningdek, matbuot anjumanida AQShga qarashli tashkilotlarning O`zbekistondan chiqarib yuborilayotgani, “Zarafshon - Nyumont” qo’shma korxonasi uchrayotgan muammolarga munosabat haqida ham so`raldi.

Richard Baucher AQSh tashkilotlariga oid vaziyat muhokama qilinganini aytish bilan cheklandi. “Zarafshon – Nyumont” bo`yicha esa AQSh biznesining mamlakatda aniq bir muammolarga uchrayotgani, bu rasmiy uchrashuv chog`ida muhokama qilingani, chet el kompaniyalariga nisbatan bunday munosabat mamlakatdan boshqa investorlarning chiqib ketishiga sabab bo`lishi mumkinligi aytib o`tildi.

AQSh Davlat kotibi muoviniga ko`ra, O`zbekiston o`z mustaqilligini mustahkamlashda Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirishi mumkin, biroq mustaqillikni mustahkamlashni boshqa yo`llari ham mavjud. Demokratiya mustaqillikni yanada mustahkamlovchi yo’l, dedi Baucher. AQSh O`zbekistonga shu yo’lda ko`mak berishga tayyor, O`zbekistonning taraqqiy topishidan manfaatdor, deydi AQSh diplomati.

XS
SM
MD
LG