Yonilg'i bozorida Qozog'iston mahsulotiga talab oshmoqda


Vashingtonda dunyo yonilg’i sanoati vakillari uchrashib, xalqaro yonilg’i ta’minoti muammolari hamda Markaziy Osiyo gaz va neftini dunyo bozoriga olib chiqish uchun yangi neft quvurlari barpo etish masalasini muhokama qildilar.

Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Institutida gapirar ekan, sobiq neftchi Frank Verrastro, Hindiston va Xitoyni yonilg’ining eng yirik iste’molchilari deb atadi.

"Geografik jihatdan, iste’molchi davlatlar va ta’minotchi mamlakatlar bir-birga yaqin joylashgan. Neft ishlab chiqaruvchilari sanoqli, ular Rossiya, Kaspiy dengizi davlatlari, Yaqin Sharq, Afrika va Shimoliy va Janubiy Amerikaning ayrim mamlakatlaridir. Iste’molchilar esa Yevropa, Shimoliy Amerika hamda Osiyodir. Talab va taklifning bunday joylashuvi yonilg’i yetkazishda muammo yaratishi tabiiy", - deydi Verrastro.

Kaspiy dengizi mintaqasi hozirda neft va gazning asosiy manbai sifatida qaralmoqda. Kaspiy nefti hozirda Rossiya va Turkiya orqali jahon bozoriga chiqmoqda. Biroq mutaxassislar uni boshqa muqobil yo’llar orqali g’arbga olib kelish yo’llari ustida bosh qotirmoqda. Buni amalga oshirish esa oson emas.

Vashingtonda yonilg’i masalalari bo’yicha ekspert Julia Nanay fikricha, "Hozirda Markaziy Osiyo o’z neftini Xitoy uchun moslashtirmoqda. Hatto Eron ham Xitoy bilan savdo qilish niyatida. Kelajakda Rossiya ham Xitoyga yonilg’i sota boshlaydi. Sharq asosiy iste’molchiga aylanadi."

Nanay xonim Xitoyning neftga bo’lgan ehtiyoji so’nggi uch yilda 30 foizga o’sganini aytadi. Shu sabab ko’plab neft quvurlari endi Xitoy g’arbida qurilsa ajab emas, deydi u.

AQSh Davlat departamentida yo’nilg’i masalalari bilan shug’ullanuvchi diplomat Metyu Brayzaga ko’ra esa AQSh jahon yonilg’i bozorining raqobatga ochiq va ko’p quvurli bo’lishini istaydi. Baku-Jayhun loyihasi bunga yaqqol misol, deydi Brayza.

"AQSh Markaziy hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida, jumladan Afg’oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni quvvatlashga yordam bermoqda. Kelajakda Qozog’iston mazkur mintaqada iqtisodiy jihatda rivojlangan yetakchiga aylanadi,"- deydi Metyu Brayza.

"Qozog’iston, shubhasiz, yonilg’i bozoridagi muhim davlatga aylanadi. Hammaning ko’zi unda, qani gaz va neftni sharqqa sotadimi yoki g’arbgami deb. Yonilg’i bozorida jimgina harakatlanayotgan, tabiiyga gazga boy Turkmanistondan ham ko’z uzmaslik kerak",- deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG