Breaking News

Isroilliklar Hizbullohga boy beramiz degan xavotirda


Bugun Isroil aviatsiyasi Livanni yangidan borbardimon qilib, Beyrutning shialar yashovchi janubi va Suriyaga yaqin joylarni nishonga oldi. Hujumlarda 11 kishi o’lgan, 18 kishi yaralangan.

Quddusdagi muxbirimiz Jim Tiplning xabar berishicha, Isroilning Hayfa shahrida ham Hizbulloh raketalaridan ikki kishi jarohat olgan. So’nggi so’rovlarga ko’ra, Isroil xalqining aksariyati ‘Livanda urushni boy berayapmiz’ degan fikrda. Bosh vazir Yaxud Olmertning xalq orasidagi reytingi tushib bormoqda.

Xabarlarga ko’ra, Hizbulloh qarorgohi hisoblangan Dahiya hududiga yarim soat ichida 20 bomba tashlangan. Mintaqada xunrezlik boshlanganidan beri, 900 livanlik va Isroilning 120 askari halok bo’lgan.

Isroil hukumati Livanda piyoda harbiy amaliyotlarni kengaytirishga qaror qilganicha yo’q, chunki Birlashgan Millatlar Tashkilotida vaqtincha sulhga erishish harakatlari avjida.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Gideon Meirning aytishicha, mojaroga aniq yechim topilmaguncha, Isroil harbiylari Livanda hujumlarni davom ettiradi.

Livandagi muxbirimiz Margaret Beshirning xabar berishicha, Isroil, shuningdek, Beyrutning shialar yashovchi hududlariga havodan varaqalar tashlab, aholini hududni tark etishga chaqirmoqda. Livan hukumati ularga vaqtincha boshpana topish bilan ovora.

Livan bosh vazir maslahatchisi Muhammad Chattaning ta’kidlashicha, ushbu holat uysiz qolganlar muammosini yanada og’irlashtiradi.

Livan janubida ahvol og’ir, deyishmoqda rasmiylar. Yonilg’i zahiralari 48 soat ichida tugashi aytilmoqda. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotiga ko’ra, kelasi bir necha kun ichida yonilg’i yetkazilmasa, Livandagi kasalxonalarning 60 foizi ishdan to’xtaydi.

Livan rasmiysi Muhammad Chatta BMTda mojaroni tugatish bo’yicha diplomatik harakatlar davom etyapti, deydi. Ammo hozirgacha aniq natija ko’rinmayapti.

XS
SM
MD
LG