Panjara ortidagi Mo'tabar Tojiboyeva hayoti xavf ostida


Sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan farg`onalik huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva ning hayoti xavf ostida. Bu haqda Tojiboyeva bilan qamoqxonada uchrashgan qarindoshlari Toshkentda o`tgan matbuot anjumanida bildirgan. Tayziqlar natijasida O`zbekistonda huquq himoyachilari soni bir necha barobariga qisqargani ta`kidlanmoqda.

Ayni paytda Mo`tabar Tojiboyeva jazoni Toshkentdagi qamoqxonalardan birida o`tamoqda. Shu yilning 10 avgustida Tojiboyeva bilan qarindoshlari ko`rishishgan. Ikki kunlik uchrashuvdan so`ng huquq himoyachisining qarindoshlari Toshkentda matbuot anjumani o`takazishdi. Matbuot anjumani o`tkazishga sabab Tojiboyeva ning ukasi Rasul Tojiboyevga ko`ra huquq himoyachisining hayoti xavf ostida ekanligidir:

“Ayollar qamoqxonasiga o`tgandan keyin, uni darhol ruhiy kasallar bo`limiga o`tkazishgan. Bizni 10 avguts kuni qo`yishdi, biz kirgandan keyin ertalabdan hamma uchrashuv xonalarni muhrlab tashlashdi, bizga xonalar ta`mirlashda deyishdi. Shu bilan shanba kuni tekshiruv o`tkazishdi avval hech bu kunlari tekshirilmagan ekan. Bizning oldimizga bir koreys mayor ayol keldi. Avval aytib o`tganimdek, xonalardan birida muhr buzilgan ekan, buni ularning o`zlari “quloq” qo`yib, qilishgan. Avval xonalar hech qachon muhrlanmagan, maqsad buni Tojiboyevaning bo`yniga qo`yish”.

Rasul Tojiboyevga ko`ra Mo`tabar Tojiboyeva bungacha ham ma`muriy huquqbuzarlik bahonasi bilan qamoqxonadagi izolyatorda saqlangan, qarindoshlari bilan uchrashuvdan so`ng huquq himoyachisining yana izolyatorga tashlanishi ehtimolga yaqin:

“Izolyatordan chiqqandan keyin biz bilan uchrashdi. O`n kun izolyatorda bo`lgan. Bu shundoq bo`lganki, ruhiy kasallar bo`limidan chiqayotib uning narsalari orasiga qaychi tiqib qo`yishgan. Shu bilan Mo`tabar opamga ayb qo`yishgan, izolyatorga tiqishdan avval ogohlantirish berish, keyin tushintirish xati olinish kerak ekan, bular avval izolyatorga solib, ikki kun o`tgach, ogohlantirish bilan tushuntirish xati olishgan. O`zlari maxsus quloq qo`yib muhrni buzishdi, buni Mo`tabar opamga to`nkab, yana izolyatorga yotqizish maqsadida. Negaki, izolyator degan nomni eshitsa hamma ayollar qaltirar ekan, hozir opamni ruhan va jismonan sindirish maqsad qilingan”, - deydi Rasul Tojiboyev.

Rasul Tojiboyev qamoqxona ma`muriyati munosabtning sababi Mo`tabar Tojiboyevaning huquq himoyachisi ekanligi bilan bo`gliqligini aytadi:

“Hozir qamoqxonada opamga nisbatan bosim nihoyatda kuchli bo`layapti, maqsad Tojiboyeva ni boshqa ayollarga qo`shmaslik. Negaki, Mo`tabar opam kelganda ayollar “sizni bizga Ollohni o`zi yetkazdi, siz orqali bizning shikoyatimiz kattalarga etadigan bo`lsa, bizning sharoitimiz ham sal engil bo`larmikan” deya xursand bo`lishgan. Mo`tabar opamga agar bu erdan biron axborot tashqariga chiqadigan bo`lsa, sen joningdan umidingni uzaver deyishgan” , deb ta`kidlaydi Tojiboyeva ning ukasi Rasul Tojiboyev.

Farg`onadagi “O`t yuraklar” klubining rahabari Mo’tabar Tojiboyeva Irlandiyaga inson huquqlari bo`yicha xalqaro anjumanga jo`nashidan avval hibsga olingan edi.

Keyinchalik u tovlamachilikda, noqonuniy namoyishlar o`tkazishda, davlat idoralariga tuhmat qilishda ayblanib sakkiz yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Hukm ustidan o`tkazilgan appelyatsiya sudi ham sakkiz yillik qamoq jazosini o`zgarishsiz qoldirgandi.

Ma’lumotlarga ko`ra o`tgan bir yildan oshiq vaqt mobaynida O`zbekistonda huquq himoyachilariga bo`lgan bosim keskin ortgan. Huquq himoyachilarining ko`pchiligi turli ayblar bilan qamoq jazosiga hukm qilingan, ko`plari tazyiqlar oqibatida mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`lishgan.

Bundan bir muncha avval mamlakatdagi inson huquqlari bo`yicha yirik tashkilot hisoblangan O`zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov unga nisbatan qo`zgatilgan tergov surishtiruv natijasida O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan edi.

Hozirdagi ma’lumotlarga ko`ra Tolib Yoqubov Qozo`gistonda, u BMT Qochqinlar agentligidan boshpana so`rashga majbur bo`lgan. Bu tashkilotning o`nga yaqin a`zolari tuli ayblar bilan qamoqqa tashlangani takidlanadi.

Ochiqda, faoliyatda qolganlariga nisbatan turli tayziqlar ko`rsatilishi davom etmoqda. Ushbu jamoyatning Jizzax viloyati bo`yicha raisi Baxtiyor Hamroyevning aytishicha uning o`gli bezorilikda ayblanib qamoqqa olingan, hozirda unga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda. Huquq himoyachisiga ko`ra bu bevosita uning faoliyati bilan bo`gliq:

“Yoshlar janjallashgandan keyin, biz ota-onalar maslahatlashdik. Qoyadigan bo`ldik. Shundan keyin ichki ishlar bu narsani mutloqo teskarisiga rivojlantirib yubordi.

Uch yilgacha qamoq jazosi belgilangan moddalarda hibsda ushlab turilmaydi, odamlar sudga qatnab tergov beradi. Bizning ishni bunday bo`lishi mahalliy hokimyatning huquq himoyachisi sifatida menga bo`lgan adovati bilan bo`gliq. Shu orqali o`g’limga uch yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin”, - deydi Hamroyev.

Baxtiyor Hamroyev berayotgan ma`lumotlarga ko`ra Andijon fojelaridan so`ng O`zbekistonda huquq himoyachilarining soni bir necha barobariga qisqargan:

“Andijondagi xunrezliklardan so`ng boshlangan muttasil ta’qiblar, kaltaklashlar, qamashlardan so`ng huquq himoyachilarining soni juda kamaydi. Bizning tashkilotni Andijon xunrezligigacha 128 a`zosi bor edi, xunrezlikdan keyin esa dekabr oylariga borib 18 a`zo qoldi. Hozirga kelib esa biz sakkiz kishi qoldik, shulardan ham faqat beshtasi o`z faoliyatini davom ettirayotgan a`zolarimiz”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Kuzatuvchilarga ko`ra O`zbekistondagi huquq himoyachilarining taqdiri xalqaro jamoatchilikning bu masalaga e`tiborini taqozo etadi, jumladan qamoqxonada hayoti xavf ostida ekanligi uqtirilayotgan Mo`tabar Tojiboyevaning ham.

XS
SM
MD
LG