Breaking News

Jizzaxlik inson huquqlari faoli ayollar tajovuziga uchradi


Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev o`z uyida britaniyalik diplomatlar bilan uchrashuv chog'ida bir guruh ayollar tomonidan kaltaklangan. Uning aytishicha, 18 avgust kuni Britaniyaning O`zbekistondagi elchixonasidan tashrif buyurgan diplomatlar Jizzax viloyatidagi inson huquqlariga oid vaziyat bilan tanishgani kelishgan. Biroq mehmonlar bilan suhbat boshlanishidan biroz o`tib, uning uyiga avvaliga besh nafar ayollar bostirib kirgan va haqoratlay boshlagan.

- So`z bilan ifodalashi mumkin bo`lgani – sen vatan xoinisan, terrorchisan, uyingda ayg`oqchilar o`tirishibdi, shunga o`xshagan gaplar. Ular mendan mahalla qo`mitasiga borishimni talab qilishdi, men “xo`p” dedim-u, chiqishlari bilan eshikni qulflab oldim. Shundan so`ng yigirma daqiqa mobaynida eshikni tashqaridan do`pposlashdi. Bu orada men ichki ishlar boshqarmasiga bir necha bor qo’ng’iroq qildim. Nihoyat ikki nafar mirshab keldi. Mirshablarga eshikni ochishim bilanoq, boyagi ayollarning soni ko’payib, o`n beshga yaqini yana to`polonni boshladi, - deydi Hamroyev Amerika ovoziga.

Inson huquqlari himoyachisiga ko`ra, ayollar britaniyalik diplomatlarga ham tajovuz qila boshlashgan. Kelgan militsiya xodimlari esa, Baxtiyor Hamroyevga ko`ra, faqatgina voqeani kuzatish bilan cheklanishgan.

- To`polonchilar diplomatlar o`tirgan uyga qarab harakatni boshlashdi, men mirshablardan ularni himoya qilishni so`radim, ular esa faqat kulib turishdi. Uydagilarimga mehmonlarni himoya qilish kerakligini aytishim bilanoq bir parcha temir kelib boshimga tushdi, qon otilib ketdi. Hammayoq qonga belanganini ko`rgandan so’nggina militsiya ayollarni uydan chiqara boshladi.

Baxtiyor Hamroyev janjal boshlanishidan avval uyiga mahalliy ma’muriyatdan vakillar kelishganini, unga o`z faoliyatini to`xtatish bo`yicha maslahat berishganini, ular ketgach esa kaltaklash sodir bo`lganini so’zlab berdi.

- Bu voqea mustaqillik bayrami bilan bog`liqmi yoki yaqinlashayotgan prezident saylovlari bilan bog`liqmi, buni vaqt, voqealar davomi ko`rsatadi, - deb xulosa qiladi huquq himoyachisi.

O`zbekistonda huquq himoyachilari va mustaqil jurnalistlarni aynan ayollar yordamida kaltaklanishi yangilik emas. Avval ham bu kabi holler yuz bergan. Kuzatuvchilarga ko`ra, aynan shu maqsadlar uchun ayollardan iborat maxsus guruhlar tayorlangan va ular huquq-tartibot organlari bilan muvofiqlashgan holda faoliyat olib borishadi.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Jizzax viloyati raisi Baxtiyor Hamroyev huquq himoyachisining aynan chet-ellik diplomatlar huzurida kaltaklanishi O`zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyatning yanada og`irlashayotganidan dalolatdir, deydi.

XS
SM
MD
LG