Markaziy Osiyo hududida qochqinlar huquqi oyoq osti bo'lyapti


Qirg’iziston bir yildan ortiq vaqt mobaynida O’sh shahar tergov izolyatorida saqlangan besh andijonlikni yaqinda O’zbekistonga topshirdi. Qirg’iz rasmiylarining bu harakati xalqaro jamoatchilikning keskin tanqidiga uchradi. Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch Tashkiloti vatanga qaytarilgan qochqinlar taqdiridan xavotirda.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktor o’rinbosari Reychel Denberning aytishicha, yaqinda Toshkentga jo’natilgan qochqinlarning to’rt nafari rasmiy tarzda qochqin sifatida tan olingan.

“Qirg’iz rasmiylarining qochqin maqomiga ega bo’lgan odamni u kelgan davlatga qaytarishi 1951 yilda qabul qilingan BMT Qochqinlar konventsiyasiga ziddir. Qirg’iziston rasmiylari qochqinlarni bu yerda xohlab-xohlamay saqlab turishibdi. Ikkinchidan, O’zbekiston o’z fuqarolarining qo’shni davlatda ekanidan norozi. Qochqinlarga nisbatan qochqin kabi emas, balki shubhali shaxs kabi munosabatda bo’lish, boshpana izlayotgan shaxs guvohnomasi tan olinmaslik muammosi mavjud. O’zbekistonlik qochqin ekstremist, terrorist bilan qiyoslanadi. Rasmiylar bu ikki tushunchani aralashtirib yuborishga urinyapti,” - deydi Human Rights Watch tashkiloti vakili.

Vaziyatni o’zgartirish uchun nima qilmoqchisiz, deya so’raymiz inson huquqlari tashkiloti xodimidan.

“Maqsad – turli davlatlar va xalqaro qurilmalarda, ayniqsa Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida qochqinlarning umumiy huquqlari himoyasi uchun kampaniya o’tkazish. Chunki ayni shu davlatlarda o’zbekistonlik qochqinlarga nisbatan “ov” e’lon qilingan. Aynan o’zbekistonlik qochqinlarga qarshi ovlar qochqinlarni himoya qilish bo’yicha xalqaro tizimga putur yetkazishi mumkin,” – deydi Reychel Denber.

Biroq sobiq sovet davlatlarida huquq himoyachilari, xususan Human Rights Watch tashkilotining murojaat-u bayonotlari e’tiborsiz qoldiriladi. Harakatlar samara berarmikan?

“Natija bo’lmaguncha harakat qilish kerak. Masalan, Qozog’iston 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) raisi bo’lmoqchi. Xalqaro qonunlarga muvofiq, o’z majburiyatlarini bajarmayotgan davlat YXHT raisi bo’lishi maqsadga nomuvofiqdir. Qozog’iston agar YXHT raisi bo’lishni istasa, barcha xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga tayyor ekanini albatta isbotlasin. Shu kabi usullar bilan natijaga erishish mumkin,” - deydi Human Rights Watch tashkiloti vakili.

Qirg’iziston demokratik ekanini da’vo qilayotgan ekan, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar Qirg’iziston rasmiylarini majburiyatlarni bajarishga chorlasin, deydi Reychel Denber. Aqlli so’zlar, takliflar ishlatsin, deydi huquq himoyachisi.

Lekin biz O’zbekistonda aqlli so’zlar ham, aqlli takliflar ham yordam bermayotganini ko’ryapmiz-ku?

"Har narsa bo’lishi mumkin ... har qanaqa vaziyatga bir xil retsept taklif qilish qiyin. Ha, O’zbekistonga nisbatan yengil sanksiyalar e’lon qilindi. Juda kech. Boshqa hech narsa qilinmadi. AQSh esa hech narsa qilmadi. Biz Amerika tashkiloti emasmiz, biz dunyo bo’ylab faoliyat yuritamiz. Hech bo’lmasa, Amerika, Yevropa, BMT va YXHT vaziyatni o’zgartirishga harakat qilsin,” - deydi inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktor o’rinbosari Reychel Denber.

XS
SM
MD
LG