AQSh: O'zbekistonga yordam bermoqchimiz, o'yin o'ynamayapmiz


AQSh O’zbekiston bilan, ayniqsa Andijon voqealari ketidan sovuqlashgan aloqalarini tiklashga, prezident Islom Karimov bilan til topishishga urinmoqda.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Richard Baucher (Richard Boucher) “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’larkan, rasmiy Toshkent bilan muloqot qilyapmiz, ammo aloqalar kelajagi Karimov rahbariyatining hozirigi siyosati qay tomonga o’zgarishiga bog’liq, dedi.

"AQSh O’zbekiston hayotida rol o’ynashni istaydi, ammo yaqin o’tmishda ro’y bergan ba’zi hodisalar ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikning rivojlanishini murakkablashtiradi. O’zbekiston hukumati ahvolni tuzatsa, biz ham o’z o’rnida, u tomon yuramiz. O’zbekistonda yaqinda olib borgan muzokaralarim shuni ko’rsatdiki, O’zbekiston va AQSh ko’p sohalarda yaqindan ishlay oladi. Bizning maqsad, O’zbekistonga o’z taraqqiyot yo’lini topishda, uning xavfsizroq davlatga aylanishida yordam berish, unga o’z mustaqilligini mustahkamlashda ko’maklashish. Qayd etaman, biz O’zbekistonda yoki O’zbekiston bilan yoki mintaqada biror o’yin o’ynayotganimiz yo’q",- deydi Baucher.

AQShning O’zbekistonga nisbatan amaldagi siyosatida inson huquqlari, demokratik islohotlar asosiy o’rinda turadi. AQSh rasmiylari Markaziy Osiyo xavfsizligida O’zbekiston eng muhim rol o’ynovchi davlat ekanini ham tilga oladilar. Mintaqa yonilg’i manbalari bo’yicha yirik hudud sifatida jahon sahnasiga ko’tarilar ekan, neft va tabiiy gaz bo’yicha hamkorlik qilish maqsadi bilan bor.

"Biz O’zbekiston bilan aloqalarimizda aynan bir faktorni eng asosiysi deb ko’rsata olmaymiz. Bunda faktorlar qorishib ketgan. Biz bu davlatni siyosiy islohotlar qilishga, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni taraqqiy ettirishga va shu tariqa mustaqillikni kuchaytiruvchi tuzum barpo etishga chorlovchi siyosat yuritamiz. AQSh O’zbekiston bilan boshqa davlatlar singari normal holda aloqa qilishni istaydi. Qaytaraman, biz O’zbekistonga yordam berishni istaymiz, xolos",-deydi AQSh Davlat kotibi muovini.

AQSh hali ham O’zbekistonda minglab mahalliy, o’nlab xalqaro nohukumat tashkilotlarning turli gumonlar ostida yopilgani va bu jarayon nima uchun kun tartibida qolayotganini tushunmaydi. O’zbekiston rahbariyati nohukumat tashkilotlarni xalqni hukumatga qarshi turishga chorlayotganlikda, noqonuniy harakatlarda ayblar ekan, AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati, fermerlarga, oddiy fuqarolarga, imkoniyatsizlikdan qiynalayotgan ommaga yordam berayotgan kichik tashkilotlardan hech qanday tahdid yo’q, deydi.

"Prezident Karimov va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvda bu masalani ko’tardik. Mahalliy jamoatchilik tashkilotlarini yopish katta xato, dedik. Bu tashkilotlar odamlarga uyushishga, o’z ijtimoiy-siyosiy fikrlarini, muammolarini hukumat diqqatiga olib chiqishga yordam beradi",- deydi Baucher."Bu mamlakat taraqqiyoti uchun juda muhim omil. Umid qilamizki, O’zbekiston rasmiylari buni anglab yetadilar. Anglasalar, biz ular bilan ishlashga tayyormiz".

Janob Baucher ham AQShning boshqa diplomatlari qatorida Markaziy Osiyoda biror siyosiy musobaqa yoki o’yin ketayapti, degan fikrdan yiroq. Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya yoki Yevropa davlatlari, bularning barchasi biz kabi mintaqa xavfsizligidan manfaatdor, deydi u.

"Terrorizm va qoradori savdosi kabi global masalalarni hal etish dunyo tinchligi uchun xizmat qiladi. Agar Rossiya yoki Xitoy kabi yirik davlatlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga, farovonligiga hissa qo’shmoqchi bo’lsa, olg’a sursinlar. AQSh ham mintaqadan o’z yordamini ayamaydi."

AQSh Qirg’izistondan uning ikki diplomati mamlakatning ichki ishlariga aralashganlikda ayblanib, chiqarilib yuborilganini sovuq urush davriga o’hshatmoqda. Bunga javoban AQSh ham Qirg’izistonning ikki diplomatini chiqarib yubordi. Sal o’tmay, Qirg’iziston O’zbekistonga andijonlik besh qochqinni topshirdi. Ayni damda, aloqalarimiz biroq taranglashgan, ammo uni tuzatish harakatidamiz, deydi Richard Boucher.

"Diplomatlarning chiqarib yuborilgani va qochqinlarning vatanga majburan qaytarilganiga juda tanqidiy ko’z bilan qaraymiz. Qandaydir gumonlar, shubha, tushunmovchilik, uchinchi tarafning aralashishi kabi hollar davlatlararo aloqalarga katta putur yetkazadi. Biz noto’g’ri axborotning qaydan kelishini bilamiz. Ular Sovet davrida yashaganlar, biz Sovetlar bilan ishlaganmiz. Biz yolg’on axborot tashuvchi tomonlarning hamkorligimizga halal berishini istamaymiz",- deydi Richard Baucher.

XS
SM
MD
LG