Breaking News

Qirg'iziston nega Toshkent nog'orasiga o'ynayapti?


24 avgust kuni Qirg`iziston tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov Toshkentda O`zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyayev, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokara o`tkazgan. Sharhlovchilar nazarida Qirg`iziston xalqaro huquqiy me`yorlarni buzib bo`lsada, O`zbekiston bilan aloqalarni yaxshilashga majbur.

Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asoslari, chegara zonalaridagi va ikki davlatning Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati tarkibidagi faoliyati muhokama qilingan.

Tashrifdan ko`zda tutilgan asosiy maqsad Qirg`iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning O`zbekistonga kutilayotgan safariga hozirlik ko`rish.

O`zbekiston va Qirg'iziston o`rtasida so`nggi paytda rivojlangan munosabatlar asosan xavfsizlik xizmatlarining o`zaro hamkorliklari, shuningdek, Qirg`izistondagi qochqinlarni O`zbekistonga qaytarish bilan ko`zga tashlanadi.

Xavfsizlik kuchlarining hamkorliklari paytida Qirg`izistondagi taniqli imomlardan biri Rafiq qori Kamolovning otib o`ldirilishi mamlakat ichida norozilikni yuzaga keltirgan bo`lsa, Qirg`iziston tomonidan besh nafar andijonlik qochqinlarni O`zbekistonga qaytarilishi xalqaro jamoatchilikning Qirg`izistonga nisbatan keskin tanqidiga sabab bo`ldi.

BMT Qochqinlar agentligining Bishkekdagi idorasi o`zbekistonlik qochqinlarning yo'qolib qolayotganligi haqida ma`lumotnoma tarqatgan. Inson huquqlari himoyachilariga ko`ra, BMT tomonidan qochqinlik maqomiga ega kishilarning yo'qolishi Qirg'iziston va O`zbekiston xavfsizlik kuchlarining hamkorligida amalga oshmoqda.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, O`zbekiston xavfsizlik kuchlari Qirg`izistonda bemalol harakatlanishadi:

“Men o`zim O`shga borganimda guvohi bo`lganman, O`zbekiston maxsus xizmatlari bemalol o`z uylaridek mashinalarda kirib borishadi, xohlagan kishisini tutib kelishadi. Qirg'iziston mustaqil davlat qanday qilib bunga yo`l berish mumkin? O`zbekiston hukumati Qirg`iziston hukumatini shunga majbur qilmoqda, ayniqsa BMT maqomiga ega qochqinlarni berish kerak emas”, - deydi Surat Ikromov.

Mahalliy kuzatuvchilardan biriga ko`ra, energetika ta`minoti jihatdan O`zbekistonga mutlaq tobe Qirg`iziston O`zbekiston bilan hamkorlik qilishga majbur.

O`zbekistondan Qirg`izistonga sotilayotgan gaz rasmiy Toshkent uchun ikki o`rtadagi siyosiy aloqalarda asosiy dastak bo`lib qolmoqda.

Taxminlarga ko`ra, Qirg`iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning O`zbekistonga tashrifi chog’idagi asosiy masalalaridan biri O`zbekiston gazining Qirg`izistonga uzluksiz yetkazish masalasi bo`ladi.

O`zbekiston gaz narxini dunyo miqyosidagi narx-navoga qarab belgilaydi. Muzokaralarning Qirg'iziston uchun ijobiy hal bo`lishi esa rasmiy Toshkent tomonidan qo`yiladigan shartlarga ko`nishni taqozo etadi.

XS
SM
MD
LG