Breaking News

O'zbekiston-Qirg'iziston viza tartibi bekor qilinishi mumkin


Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida viza tartibi bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Qirg’iziston Tashqi Ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulovning Toshkentga safari davomida O’zbekiston rasmiylari bilan kelishuvga erishilgan.

Tomonlar ikki mamlakat fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz tartib o’rnatish bo’yicha bitim matnini tayyorlagan. Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevning shu yil sentyabr oyida Toshkentga tashrifi davomida bitimning boshqa hujjatlar bilan birga imzolanishi kutilmoqda.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenqulov o’z hamkasbi Vladimir Norov va O’zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, chegara hamkorligi, narkotrafik, diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurash masalalarini muhokama qilgan.

Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida viza tartibi joriy qilinganiga bu yil avgust oyida olti yil to’ldi. 1999-2000 yillarda O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari Qirg’iziston janubiga hujum uyushtirgandan keyin, rasmiy Toshkent 2000 yilning 1 avgustidan e’tiboran qirg’iz-o’zbek chegarasida viza tartibi joriy qilgan.

O’zbekiston 2006 yil yanvar oyida Yevrosiyo Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotiga a’zolikka qabul qilindi. Bu tashkilotga a’zo bo’lgan davlatlar hamkorligi fuqarolarning o’zaro vizasiz bordi-keldi munosabatlari to’g’risida bitimga asoslanadi.

XS
SM
MD
LG