Qirg'izistonda aksilterror amaliyotlari davom etmoqda


Bugun O'sh shahar sudida shu yilning 12 may kuni Qirg'iziston va Tojikiston chegarachilariga qurolli hujum qilganlikda ayblanayotgan jangarilar ustidan sud jarayoni boshlangan. Hujumlarda Qirg'iziston huquq-tartibot idoralari xodimlaridan olti nafari halok bo'lgan edi.

Yarim yildirki, Qirg’iziston janubida mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan diniy ekstremist va terroristlarga qarshi amaliyotlar olib borilmoqda.

Mart oyida O’zgand shahrida MXX va IIV hamkorlikda 16 kishi qo’lga olinganini ma’lum qilgan, qo’lga olinganlar “Hizb-ut-Tahrir” partiyasi a’zolari ekani va ulardan qurol-yarog’ musodara qilingani aytiladi.

May oyida Qirg’iziston-Tojikiston chegarasida qurolli guruh avval Tojikiston chegarachilariga, keyin Qirg’iziston chegarachilariga hujum qilgan. Har ikki tomon talofot ko'rdi. Rasmiylar qurolli guruh O’zbekiston Islomiy Harakatiga mansub ekanini ma’lum qilgan.

Jalolobodlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning aytishicha, maxsus xizmatlar tomonidan keng ko’lamli amaliyotlar may oyi oxirida Bozorqo’rg’on tumanida boshlangan.

Iyun’ oyida Jalolobod shahrida mashinani to’xtatishga harakat qilgan DAN xodimi noma’lum shaxslar tomonidan otib o’ldirildi. Noma’lum guruh shahar ichida huquq-tartibot idoralari xodimlariga qurolli qarshilik ko’rsatgan va chegaradosh O’zbekison hududida yashiringan.

Iyul’ oyida Jalolobodda rasmiylar O’IH a’zolari ekanini da’vo qilgan 5 nafar shaxs otib o’ldirildi. Mamlakat janubida MXX, IIV maxsus bo’linmalari tomonidan asosan o’zbeklar yashaydigan mahallalarda tintuvlar, qamoqqa olishlar boshlandi.

Qirg’iziston MXX Nurbek To’qbaevning aytishicha, terrorizm - mamlakat xavfsizligiga tahdid tug’diruvchi omilga aylangan.

Amaliyotlar davomida huquqbuzarliklarga yo’l qo’yilgan, fuqarolar faqat dindor bo’lgani uchun maxsus xizmat xodimlari tomonidan tahqirlangan, kaltaklangan.

Avgust oyi boshida O’sh shahrida MXX maxsus bo’linmasi tomonidan O’IH a’zolari ekani da’vo qilingan ikki nafar shaxs va Qorasuv shahar jome’ masjidining imomi Muhammad Rafiq Kamolov otib o’ldirildi. Amaliyot qirg’iz va o’zbek maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgani ma’lum qilingan.

Imomning o’limi Qorasuvdagi “As-Saraxsiy” jome’ masjidi qavmida norozilik uyg’otdi. Musulmonlar imomning o’limi yuzasidan jo’yali izoh talab qilib, namoyishga chiqdi.

Norozilik to’lqini muslimonlar safarbarligiga aylanishidan qo’rqqan Qirg’iziston MXX o’ldirilgan imom jangarilar tomonidan garovga olingan bo’lishi mumkinligini e’lon qildi.

MXX xodimi Nurbek To’qbaevga ko’ra, mamlakat janubida O’IH mansub jamoalar harakatlanayotir va urushning “noto’g’ri usuli” qo’llanilayotir. Uning aytishicha, noqonuniy qurolli guruhlar, shu jumladan O’IH va “Hizb-ut-Tahrir” a’zolari 1 sentyabrgacha tavbasiga tayanib kelsa, ularga nisbatan qonun doirasida chora ko’riladi.

Axborot agentliklari elektron pochta orqali olgan va ovozi Tohir Yo’ldoshniki ekani taxmin qilingan shaxs O’IH Qirg’iziston janubidagi voqealarga aloqador emasligini bayon qilgan.

Jangarilar qayerga yashiringanini ma’lum qilgan fuqarolarga 2, 5 ming AQSh dollari miqdorida mukofot va’da qilindi.

Qirg’izistonda ekstremistik tashkilot deya faoliyati ta’qiqlangan “Hizb-ut-Tahrir” partiyasi a’zosi Sulton Badalovning aytishicha, MXX jangarilarga taslim bo’lish to’g’risidagi chaqirig’i bema’nidir.

Ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’lining aytishicha, diniy ekstremizm va terrorizm xavfi avvalgi prezident Aqaev davrida ham chayqov qilingan, Bakiev davrida ham chayqov qilinmoqda.

Qarorgohi Moskvada joylashgan “Memorial” Inson Huquqlari tashkiloti vakili Vitaliy Ponomarevga ko’ra, huquqbuzarliklar bilan o’tayotgan amaliyotlar Qirg’iziston janubi aholisi o’rtasida hukumatga qarshi kayfiyatning keskinlashuviga sabab bo’ladi.

Huquq himoyachisining aytishicha, buni O’zbekiston misolida ko’rish mumkin.

XS
SM
MD
LG