Qochqinlar Qirg'izistonda doimiy qo'rqinch ostida yashamoqda


Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotining aytishicha, Qirg’iziston xalqaro qonunchilikka xilof ravishda siyosiy boshpana so’rovchi va qochqinlarni himoya qilmayapti. Tashkilotga ko’ra, yaqinda Qirg’iziston to’rt nafar qochqinni O’zbekistonga majburan qaytargan.

Kuzatuvchilar Qirg’iziston hukumatining o’tgan yil Andijon voqealaridan so’ng va hozir turlicha siyosat yuritayotganini qayd etishmodqa. Avvaliga andijonlik qochqinlarga vaqtinchalik boshpana berib, so’ngra esa ularning uchinchi mamlakatga ketishlarini ta’minlagan Qirg’iziston hukumati, bir yil o’tib Qirg’izistondan chiqib ketmagan siyosiy boshpana so’rovchi va qochqinlarni qo’shnisi bosimi ostida O’zbekistonga topshirmoqda.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev shu oyga rejalangan Islom Karimov bilan Toshkentdagi uchrashuviga shu tariqa tayyorlanmoqda.

Ilgari Toshkentda ishlagan va ayni damda Human Rights Watch tashkilotining Moskvadagi sho’basini boshqarayotgan Allison Jillning Amerika ovoziga aytishicha, demokratik jamiyat qurishga intilayotgan Qirg’iziston va avtoritar O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarning yaqinlashayotgani xavotirga sabab holdir.

"So’nggi ikki hafta ichida Qirg’iziston janubidan O’zbekistonga majburan kamida to’rt qochqin chiqarilgan. Sir emaski, qirg’iz rasmiylari O’zbekiston hukumati bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilmoqda yoki O’zbekiston xavfsizlik xizmati xodimlariga Qirg’iziston hududida harakatlanib, o’z vazifalarini bajarish vakolatlari berilgan. Bu bilan Qir’giziston xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini buzmoqda," -deydi Human Rights Watchning Moskvadagi bo’limi direktori Allison Jill.

1951 yilgi Qochqinlar bo’yicha xalqaro Jeneva konvensiyasini yoqlagan davlat sifatida Qirg’iziston boshpana so’rovchi va qochqinlarni qiynoqlarga solinish yoki ta’qib qilinish ehtimoli bor mamlakatga majburan chiqarmaslik majburiyatini o’z bo’yniga olgan.

Hukumat bu ayblovlarga rasman javob berganicha yo’q. Rossiyaning Interfaks axborot agentligi shu haftada Andijondagi qamoqxona boshlig’i Ismoil Po’latovning so’zlarini keltirgan holda qamoqxonaga hech kim majburan qaytarilmagan, deya xabar qiladi.

Human Rights Watch ga ko’ra, O’zbekistonga qaytgan andijonlik har bir qochqin o’tgan yil may oyidagi voqealarda qatnashganini matbuot orqali tan olishga majburlanadi.

Allison Jillga ko’ra, Qirg’iziston unga O’zbekiston bosimidan yordam berishga va’da bergan xalqaro hamjamiyatdan yuz o’girmoqda. Qirg’izistonda qolayotgan boshqa qochqinlar endilikda o’zlarini xavfdan xoli deb bilmaydilar, deydi Jill xonim.

XS
SM
MD
LG