Ostonada mintaqa rahbarlari uchrashdi


Bugun Qozog`iston poytaxti Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy sammiti bo’lib o’tdi. Unda Tojikiston, Qirg`iziston , Qozog`iston va O`zbekiston prezidentlari ishtirok etdi.

Qozo`giston tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko`ra, rahbarlar mintaqada suvdan foydalanish bo`yicha xalqaro konsorsium tuzish masalasini muhokama qilishgan.

Sammitning norasmiy tarzda o`tayotgani bois undagi masalalarning aniq tartibdagi muhokamasi haqida gapirish qiyin ekanligi ta’kidlanmoqda.

Kuzatuvchilarga ko`ra, Markaziy Osiyo davlatlari rahabarlari mintaqagi mavjud muammolarni muhokama qilish uchun anchadan buyon buyuk davlatlar ishtirokidan xoli tarzda uchrashmagan edilar.

Mintaqada hamkorlikni rivojlantirish muammolari esa yechimini kutmoqda. Suvdan foydalanish, energetika savdosini muvofiqlashtirish, mintaqa xalqlarining odatiy bordi-keldilarini yo`lga qo’yish ana shu muammolar jumlasidan.

Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi tashkilot yo`q. Mintaqaviy hamkorlik asosan Rossiya ishtirokidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati va Xitoy ishtirokidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doiralarida amalga oshirilmoqda.

Ostonadagi norasmiy sammitda mintaqadagi ekologik vaziyatga oid muammolar ham muhokama qilingan, jumladan Xalqaro Orol jamg`ramasini qayta tiklash va uni rivojlantirishga kelishilgan.

XS
SM
MD
LG