Breaking News

Gulchehra Nurullayeva: Xalq dardi bilan yashayotgan shoira


O’zbekistonda mustaqillik yillari hukumat tomonidan ta’qiqqa uchragan ijodkor va ziyolilarning asosiy qismi muxolifatda bo’lgan. Nega muxolifatda turgan bu insonlar hukumatning “qora ro’yxati”ga kiritildi? Ular o’z ijodlari, faoliyatlari, dunyoqarashlari bilan xalqqa, jamiyatga, qolaversa mavjud hukumatga naqadar xavfli?

Bu haqida shoira Gulchehra Nurullayeva mulohaza yuritadi.

O, ne ko’rgulik bu, maydonlar to’lin,
Qadr sotish uchun tursalar.
Sening ko’z oldingda, kishanlab qo’ling,
Yostiqdoshing yechintirsalar.

Ajab, chapin o’ysa o’ngda turgan ko’z,
Bu qay iblis ijodi illat?
Shunday bo’lgach, “biz” deb kerilma ulus,
Biz xalq emas, biz emas millat!

Sovet davrida bir qancha mukofotlar bilan siylangan, biroq 1980 yillarda O’zbekistonning mustaqilligi uchun fidoiylarcha kurashgan shoira Gulchehra Nurullayeva she’ri edi bu.

Mustaqillik uchun kurashgan shoiraga bugun mustaqil hukumatning munosabati xususida Gulchehra Nurullayevaning o’zi so’zlaydi:

G. NURULLAYEVA: Mavjud hukumat meni muxolifatdagi shoira deb biladi. Men masalan shu paytgacha she’rlarim bilan garchi juda keskin muxolifatda turmagan bo’lsam ham, lekin qaysidir faoliyatimning qirralari mavjud hukumatning ko’ziga meni bir ashaddiy muxolifatchi sifatida ko’rsatsa kerakki, men undan biron bir e’tiborni his qilmayman.

“Gulchehra Nurullayeva bizning shoiralarimiz, umuman ayol yozuvchilarimiz ichida alohida ajrab turadigan xususiyati bor. Unda jangovarlik ruhi bor,” - deya shoira ijodini baholaydi adabiyotshunos olim Norboy Xudoyberganov.

“Mustaqillik uchun kurash 80-yillarning o’rtalarida haqiqiy avj olgan. Shularni Gulchehra ham o’zining ijodida ma’lum darajada aks ettirdi. Hatto shaxsan birinchilardan bo’lib kommunistik partiya safidan chiqdi, komsomol mukofotlaridan voz kechdi va yozuvchilar uyushmasida o’ziga o’xshagan fikrlaydigan shoirlarni, yozuvchilarni qo’llab-quvvatlab, mustaqillikning qo’lga kiritilishida ma’lum darajada hissa qo’shdi u”, - deydi Norboy Xudoyberganov.

Ko’zlarimga qumlar qadaldi,
Qaro-qaro tunlar qadaldi,
Jonim, seni suyganim uchun.

Kuyindilar yemishim bo’ldi,
Ohu-zorlar demishim bo’ldi,
Jonim, senga kuyganim uchun.

Meni sendan sitmoqchilarmi,
Seni mensiz etmoqchilarmi,
Seni qalbga qo’yganim uchun

Vatan.

MUXBIR: Gulchehra opa, she’rlaringiz ommaviy axborot vositalarida qachon e’lon qilingan, kitobingiz qachon chop etilgandi?

G. NURULLAYEVA: So’nggi kitobim 1988 yilda e’lon qilingan. She’rlarimni chop etilmayotganligi sabab, menga ma’lum bo’lishicha, o’zini siyosatshunos deb e’lon qilgan Usmon Haqnazarovning maqolalaridan birida hukumat tomonidan yozilgan “qora ro’yxat”da mening ham ism-familiyam bor ekan. Modomiki, “qora ro’yxat”da ism-familiyam bo’lsa, ommaviy axborot vositalarining meni o’z sahifalariga yoki o’z ekranlarida, yoki o’z to’lqinlariga taklif etish ular uchun o’sha lavozimdan ketishday bir gap. Shu vatanni sevishdan boshqa men hech o’zimda gunoh ko’rmayman-da. Shu xalqi qiynalayotgan odamlarni, mehnat qilib turib oylik olmayotgan odamlarga kuyinishdan boshqa hech o’zimning aybimni, gunohimni sezmayman. Nima uchun “qora ro’yxat”da turibman, o’zim ham tushunmayman.

Shoira Gulchehra Nurullayeva 80-yillar oxirida faoliyat boshlagan “Birlik” xalq harakatining faol a’zosi bo’lgan. Shoir Yusuf Juma shunday deydi:

“Gulchehra Nurullayeva “Birlik” harakatining faollaridan bo’lganlar bir paytlar. O’sha paytlari maydonlarga, hozir mustaqillikni bayram qilayotganlar xalq ustiga militsiya yuborib yurgan paytlarida juda ko’pchilik biladiki, hatto Gulchehra Nurullayeva mana shu ozodlik, mustaqillik degani uchun mirshablarning oyog’i tagida qolib ketgan. Mustaqillik uchun maydonga chiqqan Gulchehra Nurullayevani bosib ketganlar hozir to’rda turib mustaqillikni bayram qilayaptilar, mustaqillik ne’matlaridan bahramand bo’lyaptilar. Men shunga afsuslanaman”, - deydi Yusuf Juma.

G. NURULLAYEVA: “Birlik” xalq harakatida bo’lish faxr-ku. Hali vaqti kelib tarixda juda katta baho olishi kerak bu xalq harakati. Uxlab yotgan xalqni uyg’otgan harakat bo’ladi. Ayni paytda mavjud hukumatga uning kamchiliklarini mardona turib aytgan ham mana shu xalq harakati bo’ladi. Vaqti kelib xalq bunga o’zining o’rinli bahosini beradi, deb o’ylayman. Endi buning uchun mening “qora ro’yxat”ga tushishim, bilmadim endi, kechirilmas bir hol deb o’ylayman”.

Shoir Yusuf Juma fikricha:

“Gulchehra Nurullayeva bir necha bor taklif qilingan bo’lsa ham, maddohlik qilishni istamadi. Shundan keyin bu shoiramizga nisbatan, bu fidoiy insonga nisbatan ta’qib boshlandi. Gulchehra Nurullayeva bir burda nonsiz qolganda, bir burda non uzatgan odamni ko’rmaganman. Shaxsan o’zim guvohiman, juda og’ir kunlarni kechirdi, hatto uyini ijaraga berib, o’zi boshqa bir joylarda yashab yurishiga to’g’ri keldi. O’zini mustaqillik qahramonlari qilib ko’rsatayotgan, mustaqillikni olib keldik biz deb gerdayayotgan kimsalar, mustaqillik fidoyilarini mana shunday yakkalab, xoru-zor qilib, burda nonga zor qilib, oyoqtagi qilib qo’ydi”.

G. NURULLAYEVA: Yuragimdagi eng asosiy og’riq – xalqning ahvoli. Odamlar nima uchun SSSR davridagi hayotni orzu qilishadi? Ularning yashash sharoitlari borgan sari tubanlashib borayotganligi uchun, tobora qashshoqlashib borayotganlari uchun ular SSSR davridagi hayotni orzu qilishyapti. Masalan, men shaxsan Sovet davridagi hayotni hech qachon orzu qilmagan bo’lardim. Odamlar majbur bo’layapti o’sha hayotni orzu qilishga. Bu esa uyat, nihoyatda uyat. Mavjud o’zbek hukumatining imidji uchun nihoyatda uyat. Hukumatning asosiy vazifasi shundan iborat bo’ladiki, hukumat – xalq uchun, xalq hukumat uchun emas. Bizda esa, xalq hukumat uchun, hukumat o’zi uchun bo’lib qolayapti. Buni men bir ijodkor sifatida hech kechirish mumkin bo’lmagan hol deb hisoblayman”.

Mening sizday yashagim kelmas,
Chuvalchangni nahang-shoh atab,
Sitamgarni shahanshoh atab.

Mening sizday yashgim kelmas,
Aziz boshni yolg’onga bukib,
Temir tersak unvonga bo’kib…

XS
SM
MD
LG