Breaking News

Qoradori bilan qo'lga tushgan qirg'izistonlik deputat ozod etildi


7 sentyabr kuni Polsha poytaxti Varshava aeroportida qoradori bilan qo'lga olingan Qirg'iziston parlamenti deputati, sobiq spiker va muxolifatchi O'murbek Tekebayev juma kuni ozod etildi. Polsha politsiyasi Tekebayev yukidagi qo'g'irchoq ichidan 600 gramm geroin topgan edi.

Varshava prokuraturasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sud deputat O’murbek Tekebayevning giyohvand modda o’zining chemodaniga atayin solib qo’yilgani to’g’risidagi ko’rsatmasini inobatga olgan.

Qirg'iziston rasmiylari buni tasdiqlagan holda Tekebayev chemodanining Bishkek aeroporti vakillari tomonidan ochilgani tasvirga tushirilgan videotasma borligini ta'kidlashmqoda.

Geroin ruslarning “matreshka” qo’g’irchog’i ichiga sirka hidi anqib turgan tasmaga o’rog’lik holda yashirilgan. BMT taklifiga binoan iqtisodiy anjumanda qatnashish uchun Bishkekdan Varshavaga uchib kelgan deputat qo’lga olinish paytida geroin uniki emasligini aytgan.

Qirg'iziston Bosh vaziri Feliks Kulov voqeani provokatsiya deb atadi va Tekebayevning begunoh ekaniga ishonishini aytdi.

O'murbek Tekebayevning prezident Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev bilan aloqalari taranglashgan. Shu yil bahorida deputat Bakiyevni “it” deb atab, unga “o’zini osishni” taklif qilgan. Shundan so’ng Tekebayev parlament raisligidan ketib, hukumatga muxolif “Islohotlar uchun” harakatini boshqargan. U oddiy deputat sifatida ham 2005 yilning 24 mart kuni xalq noroziligi to’lqinida iqtidorga kelgan hukumat rahbarini va’da qilingan siyosiy islohotlarni kechiktirishda ayblagan.

O’murbek Tekebayevning Polshada geroin bilan qo’lga olinishini qirg’iz muxolifatchilari ham, hukumat amaldorlari ham “ig’vo” deb hisoblaydi. Deputatning geroin tashishiga Qirg’iziston MXX raisi Busurmanqul Tabaldiyevning shaxsan o’zi ishonmagan. MXX raisi bu voqeaga o’z idorasining aloqasi yo’qligini aytgan. Ammo huquq himoyachilari va muxolifatchilarga ko’ra, deputat O’murbek Tekebayevni prezident Qurmanbek Bakiyev hukumati MXX orqali yomonotliq qilishga uringan.

Ma’lum bo’lishicha, O’murbek Tekebayev Bishkekdagi “Manas” aeroportida “Turk Havo Yo’llari” aviashirkati orqali Varshavaga uchish oldidan chemodanini yukxonaga topshirgan. Bu hol aeroport xavfsizlik xizmatining videokuzatuv moslamasi xotirasidan atayin o’chirib yuborilgan, ammo parlament deputatlari qayta tiklagan tasvirlarda O’murbek Tekebayevning chemodanini aeroport xizmatchilaridan biri olib, 14 daqiqaga qayoqqadir g’oyib bo’lgani aks etgan. Muxolifatchilar va huquq himoyachilariga ko’ra, deputat yukiga geroin aynan “Manas” aeroportida atayin solib qo’yilgan.

Deputat Melis Eshimqanovning aytishicha, prezidentning doimiy tanqidchisi bo’lgan O’murbek Tekebayevni “tiyib qo’yish” uchun bu amaliyotga 3 oy davomida tayyorlanilgan. Qirg’iziston MXX hafta boshida portlovchi va giyohvand moddalar bilan Bishkekdan uch nafar “Hizb-ut-Tahrir” a’zosi uchib ketayotgani to’g’risida polyak xavfsizlik xizmatlarini Interpol orqali ogohlantirgan.

“Biz muxolifatchilar O’murbek Tekebayev Qirg’izistonga qaytgach, butun mamlakat bo’ylab turli siyosiy tadbirlar o’tkazmoqchimiz. Ish prezident va bosh vazirning iste’fosini talab qilishgacha borishi mumkin”, - deydi Melis Eshimqanov.

Deputatning o’zi kelasi hafta boshida yurtiga qaytadi.

XS
SM
MD
LG