O'zbekiston paxtasi: Mashaqqati dehqonga, foydasi davlatga


O`zbekistonda paxta terimiga ommaviy safarbarlik ishlari boshlangan. Poytaxt va viloyatlardagi o’quv yurtlarida, ko’plab tashkilotlarda paxta shtablarini tuzishga kirishilgan.

Yaqin kunlarda terimga to`la tayyor bo`lish bilanoq, talabalarni, viloyatlardagi maktab o`quvchilarini paxta terimiga chiqarish boshlanadi.

Bu yil paxta terimi uchun belgilanadigan narx fermerlar hisobidan ko`tarilgan. Davlat tomonidan bir kilogramm uchun 53 so`m belgilangan bo`lsa, fermerlar hisobidan bunga 10 so`m qo'shib berilishi haqida ko`rsatma berilgan.

Jizzaxliik fermer Mamurjon Azimovga ko`ra, bu to`lov viloyat hokimiyati tomonidan majburiy yuklatilgan. Fermer 10 so`m qo`shimcha qilishdan bosh tortgan taqdirda ham o`z pulini nazorat qilish huquqiga ega emas - bu faqat bank tomonidan taqsimlanadi.

Fermerning aytishicha, viloyatlardagi iqtisodiy ahvol yildan yilga og’irlashmoqda. Shu bois qishloq aholisining o`zi hasharchilarsiz paxta terimini tugatishi mumkin.

“Iqtisodiy ahvol, xalqning ahvoli kundan-kun og’irlashayotganligi sababli, bu yil menimcha xalqning o`zi paxtani terib beradi. Kollej yoki boshqa o`quvchilarning yordamiga ehtiyoj qolmaydi. Chunki xalq hozir faqat shunga qarab turibdi, ayrim maktab o`quvchilari hali ota-onasi maktab formasini olib berolmagani uchun maktabga ham bora olishgani yo`q,” – deydi Mamurjon Azimov.

Uning aytishicha, ota-onalar paxta terimi pulini olgachgina bolalariga kiyim-bosh qilib bera oladi.

“Hasharchilarni jalb qilish albatta viloyat hokimligi tomonidan belgilanadi. Ular fermerdan paxtani hasharchilarga terdirishni xohlaydimi-yo`qmi, buni so`rab o'tirishmaydi”.

Ayni paytda Jizzaxdagi o`quv maskanlari, tashkilotlar viloyat hokimyatining paxta terimiga chiqish haqidagi buyrug’ini olgan.

Toshkentdagi ayrim o`quv yurt talabalari 10 sentyabrdan boshlab paxta dalalariga chiqarilishi mumkin.

Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalom Ergashev fikricha, Farg`onada ham o`quv yurtlarida paxta shtablari tuzila boshlangan. Viloyatda paxta mavsumi boshlanishi bilan har yilgidek yonilg`i mahsulotlari taqchilligi, odamlarning qatnovi murakkablashgani kuzatilmoqda.

Kuzatuvchiga ko`ra, hozirda davlat tomonidan paxta terimi uchun berilayotgan arzimas pul ko`plab aholining, ayniqsa ayollarning paxta terimi uchun Qozog’iston va Qirg`izistonga chiqib ketishlariga sabab bo`ladi.

O`zbekiston asosiy savdo mahsulotlaridan biri hisoblangan paxta xomashyosini yetishtirish bo`yicha dunyoda ikkinchi o`rinni egallaydi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, paxta yetishtirish qanchalik mashaqqatli kasb hisoblansa, bu mahsulotni sotish shunchalik daromadlidir.

O`zbekistonlik fermerlar faqat paxta yetishtirish bilangina shug’ullanishadi. Bu mahsulotni sotish va dehqonlar mehnati uchun qanday haq to`lash davlat ixtiyorida.

Aynan davlat tomonidan to`lanayotgan narxning arzimasligi uchun ham fermerlar daromadli soha bo`lgan paxta yetishtirishdan ko`ra boshqa poliz ekinlarini ma`qul ko`rishadi.

Biroq o`zbekistonlik fermerlar qanday hosil yetishtirishni tanlash huquqidan mahrum qilingani, unumli yer faqat paxta va bug’doy uchungina ijaraga berilishi ta`kidlanadi.

XS
SM
MD
LG