Uyg'ur imom Husayn Jalil Xitoyda 15 yilga qamalgan


Shu yilning mart oyida O’zbekistonda qamoqqa olinib, iyun oyida Xitoy qo’liga topshirilgan uyg’ur imomi Husayn Jalil uni terroristlikda ayblovchi hukumat tomonidan 15 yilga qamalgan.

37 yoshli imom oilasi bilan Kanadada yashar va Toshkentga rafiqasi qarindoshlarini ko’rishga borgan edi.

Rafiqasi Komila Telendibayevaning aytishicha, u Xitoydagi qarindoshlardan turmush o’rtog’ining 15 yilga panjara ortiga tashlangani haqida xabar olgan.

Kanada rasmiylari ma’lumotni tasdiqlaganicha yo’q. Kanada Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Xitoy hukumati bilan muzokaralar davom etmoqda va Jalilga huquqiy va konsullik xizmati ko’rsatish asosiy vazifa.

O’tgan oy Komila Telendibayeva Kanadaning Burlington shahrida to’rtinchi farzandini ko’rdi. Uningcha, Kanada fuqarosi bo’lmish turmush o’rtog’iga Xitoy hukumati hech narsa qila olmaydi.

Rasmiy Pekin Jalilni Xitoyning Shinjon-uyg’ur viloyatiga yoki uyg’urlar tili bilan aytganda Sharqiy Turkistonga safar qilgan rasmiy delegatsiyaga qurolli hujumga aloqadorlikda ayblagan.

XS
SM
MD
LG