Breaking News

Tojikiston korrupsiya bobida qo'shnilaridan qolishmayapti


Dunyo bo’ylab korrupsiyaga qarshi kurashuvchi xalqaro tashkilotlarga ko’ra, Tojikiston yulg’ichlik va qo’poruvchilik eng chuqur ildiz otgan jamiyatlardan biri.

Tojikistonda korrupsiyaning bu qadar ildiz otganidan respublika prezidenti Imomali Rahmonov ham o’z chiqishlaridan birida alam bilan so’zlagan edi.

“Biz hozir kim tadbirkor-u kim hukumat a’zosi ekanligi hisobini topolmay qolyapmiz. Kim shahar va nohiya hukumati raisi-yu kim ishbilarmon? Bu birinchidan. Ikkinchidan bularni hammasi yashirincha, soliqdan uzoqda turadi. Ba’zan vazirliklarimiz oilaviy tus olmoqda. Bugun vazirni tayinlaysan, bir oydan keyin ko’ribsizki… Hech bir sharm-hayo yo’q! Nafaqat vazirliklar, boshqa idoralarda ham shu ahvol”, - degan edi Tojikiston prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashga chaqirib.

Tojikiston nohiya markazlaridan birida oddiy ichimlik suvi keltirish uchun aholi tegishli idoralarga pul yig’ib berishga to’gri kelganini va yana pul so’rashayotganini aytishadi.

Yuzdan ortiq xo’jaliklar nomidan Nozima Vohidova bu haqda ma’lumot berarkan, odamlar 4-5 bor uch, besh va o’n somondan (1 dollar – 3,2 somon) pul yig’ib berishganini, bu orada suv nasosi ta’miri uchun yana pul yig’ishganini aytadi. Suv xo’jaligi idorasi rahbari, deydi Vohidova, ichimlik suvini uzatish uchun har xo’jalikdan yana 60 somondan jami 800 dollar atrofida pul so’ragan.

Korrupsiya respublikaning hamma sohalarini zarpechakdek o’rab olgan. Shu yilning o’zida Tojikiston Davlat Huquq, Tijorat va Siyosat universitetining ikki propektori – Abdusamad G’afurov va Jo’rabek Isomiddinovlar pora olishayotganda qo’lga olingan.

Tojikiston qishloq xo’jaligi vaziri o’rinbosari Siroj Murodov esa 200 ming dollarni o’zlashtirganlikda ayblangan.

Tojikiston alyumin zavodi sobiq direktori 10 millon dollardan ortiq mablag’ni o’zlashtirib, respublikadan tashqariga qochib ketgan.

Oliy sud harbiy kollegiyasi tomonidan esa poraxo’rligi uchun Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardan birining sobiq komandiri podpolkovnik Baxtiyor Mirzoyev 13 yilga, harbiy qism shtabining sobiq boshlig’i mayyor Ali Xolmatov 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Tojikistonliklar adolat homiysi bo’lishi kerak bo’lgan viloyat, shahar va nohiya sudlarida ham qonunbuzarliklar ko’payganligini ta’kidlashadi. So’g’d viloyat sudi xodimi Mahmudjon G’ulomov bu holatni izohlar ekan, sudyalar ham inson ekanligi va adashishlari mumkinligini eslatadi. Uning aytishicha, shunga qaramasdan yaqin o’tgan oylar orasida 10 sudyaga nisbatan turli intizomiy choralar ko’rilgan.

“Obyektiv, subyektiv sabablar, muhit va ta’sirlar…turli holatlar bo’ladi. Xay endi shunaqasi ham uchraydi. Buni inkor etib bo’lmaydi. Ish bor joyda kamchilik ham bo’ladi”, - deydi sudya Mahmudjon G’ulomov.

74 yoshli O’lmas bobo Ikromov Tojikistonda barcha ish pul bilan o’lchanishini ta’kidlaydi.

“Qayerga borsak pul so’rashadi. Ayniqsa shifokorlar og’ziga siqqancha pul so’raydi. Birgina qon tashxisi uchun 3.5 somon oladi. Nafaqam 20 somon bo’lsa, qayerga boraman? Maktablarda ham pul so’rashadi. Ta’mirdan boshlab kitob-daftargacha pul so’rashadi. Boylarda bo’lsa beradi, kambag’al nima qiladi? Zamonimiz juda yomon bo’ldi, kim bo’lmasin faqat pul so’raydi. Nima qilishimiz kerak endi?” - deb zorlanadi O’lmas bobo.

Mamatsho Mo’minshoyevning aytishicha, bugungi kunda korrupsiya Tojikiston iqtisodiyotining eng past bo’g’inidan tortib eng baland poyasigacha chirmashib ketgan. Uning fikricha, Tojikistonda korrupsiyani kamaytirish uchun eng baland kursilarda o’tirgan amaldorlardan minbarlarni tozalash kerak bo’ladi.

“Tozalashni eng yuqori minbarlardan boshlash erak. Shundan keyingina korrupsiya rivoji Tojikistonda bartaraf etiladi”, - deydi Mamatsho Mo’minshoyev.

XS
SM
MD
LG