AQSh Davlat departamenti: O'zbekistonda diniy erkinlik yo'q


AQSh Davlat departamenti jahonning 197 davlatidagi diniy ahvolni tahlil qilgan yillik hisobotini chiqardi. Hisobotda diniy erkinliklar bo’yicha O’zbekistondagi ahvol ham yoritilgan.

AQSh Davlat departamentining diniy erkinliklar bo’yicha yillik xalqaro hisobotida O’zbekistonda bu boradagi ahvol har yili salbiy deb baholanadi. Bu yilgi hisobotda ham O’zbekiston hukumatining turli diniy oqimlar va diniy tashkilotlarga nisbatan siyosatida salbiy hollar ko’p uchragani qayd etiladi. Qator diniy tashkilotlarning yopilgani yoki ularga litsenziya berilmagani haqida aytiladi.

Hisobotda ro’yxatdan o’tmagan nasroniy va musulmon tashkilotlarga tazyiqlar haqida ham aytib o’tilgan. Bunga ba’zi hollarda nasroniy tashkilotlarning ba’zilarida o’zbek millatiga mansub nasroniylarning borligi sabab qilib ko’rsatilgan.

AQShga qarashli qator tashkilotlarning yopilishi natijasida O’zbekiston musulmonlarini AQShga jo’natib u yerdagi musulmonlar va boshqa din vakillari bilan muloqotlariga imkoniyat beruvchi dasturning zarar ko’rgani ham hisobotda bitilgan.

Hisobotda ijobiy o’zgarishlar ham tilga olingan. Ular qatorida O’zbekistonga 2003 yili qaytgan mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hech qanday to’siqlarsiz o’z diniy asarlarini nashrdan chiqarayotgani, radio orqali islom haqida dastur olib borayotgani, uning boshchiligida faoliyat ko’rsatayotgan islam.uz Internet sahifasiga to’siq qo’yilmayotgani va Islom Universitetida mudarrislik qilayotgani misol tariqasida keltirilgan.

Shuningdek, diniy faoliyat olib borganlikda ayblanib qamoqqa tashlanganlarning ba’zilariga amnistiya e’lon qilingani, ro’yxatdan o’tmagani uchun yopilgan ba’zi masjidlarning qayta ochilgani ham ijobiy o’zgarishlar sifatida hisobotdan joy olgan.

Unga ko’ra, shu yil iyun oyiga qadar O’zbekistonda jami 2,224 diniy oqim, tashkilotlar va muassasalar ro’yxatdan o’tgan. Bu ko’rsatkich o’tgan yilgidan 24 taga ko’pdir. Hajga boruvchilarning soni ham 4,200 dan 5,000 gacha ko’tarilgan.

AQSh Davlat departamenti 197 davlatdagi diniy ahvolni tahlil qilgan yillik hisobotida 8 ta davlatni alohida xavotirga sabab mamlakat sifatida belgiladi. Bular Birma, Xitoy, Eritrea, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan va Vyetnam.

Qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Davlat departamentini O’zbekistonni ham ushbu maxsus qora ro’yxatga kiritishga da’vat etib kelgan.

XS
SM
MD
LG