Jizzaxda mustaqil jurnalist hibsga olingan, yana biri bedarak yo'qolgan


Jizzaxda mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov hibsga olingan. Yana bir mustaqil journalist - ba’zi manbalarga ko’ra prezident Karimovning jiyani deb e’tirof etilgan Jamshid Karimovning izsiz yo`qolgani bildirilmoqda.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev ma`lumotlariga ko`ra, mustaqil jurnalist Ulug’bek Haydarov jinoyat kodeksining 165-moddasi bo’yicha, pora talab qilganlikda ayblanmoqda.

“Ulug’bek Haydarov jahon ommaviy axborot vositalarida o`z tanqidiy maqolalari bilan ishtirok etib kelayotgan, respublikadagi taniqli jurnalist. Uning opasi Nortojining aytishicha, mahalladagi bekatda unga noma’lum ayol yaqinlashgan va cho`ntagiga pul tiqib, baqirishni boshlagan. Darhol maxsus xizmat xodimlari yetib kelishgan va jurnalistni hibsga olishgan. Voqea 14 sentyabr kuni sodir bo`lgan”, - deydi huquq faoli Baxtiyor Hamroyev.

Mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov intenet saytlarida e`lon qilingan tanqidiy maqolalari bilan yaxshi tanilgan. U o`z maqolalarida Jizzax viloyatida inson huquqlarining buzilishi, fermerlar noroziligi, viloyatdagi og`ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yoritib kelgan.

Baxtiyor Hamroyevning aytishicha, jurnalistga nisbatan jinoiy ish uyushtirilishiga aynan shu tanqidiy maqolalar sabab bo`lgan.

Jizzaxda jurnalistlarga va huquq himoyachilariga bosim ortib bormoqda. Ayni paytda Jizzaxlik yana bir mustaqil jurnalist Jamshid Karimovning yo`qolib qolgani bildirilmoqda.

Jamshid Karimovni oxirgi marta 11 sentyabr kuni ko`rishgan. Bundan avval jurnalistning mamlakatni tark etishi ta`qiqlab qo`yilgan edi. Jamshid Karimov ham Jizzaxdagi og’ir ijtimoiy ahvolni yoritgan bir qator maqolalalar muallifi edi.

Baxtiyor Hamroyev Jizzaxdagi mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilariga nisbatan boshlangan yangi tazyiqlar to`lqiniga izoh berar ekan, Jizzaxda besh-olti kishidan iborat qo`rqmas demokratlar borligini va ular viloyatdagi og’ir ahvol haqida xalqaro jamoatchilikni xabardor etib kelishayotganini aytadi.

“Yaqin kunlarda Jizzaxda bo`layotgan voqealar, og`ir ijtimoiy ahvol haqida hech narsa eshitmasangiz, ajablanmang. Bu hukumat ana shu kichik demokratlar qo’rg’onini ham yiqitganini anglatadi”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Ayni paytda mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov Jizzaxdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Jamshid Karimovning qayerda ekani noma`lum.

XS
SM
MD
LG