Yusuf Juma: Haq so'zni aytadigan shoir-yozuvchilar deyarli qolmadi


O’zbekistonda o’z siyosiy qarashlari, erkin fikrliligi yoki muxolifatda ekani bois ijodi ta’qiqqa uchragan adabiyot, san’at, madaniyat namoyondalari uchraydi. Bunday ijodkorlar matbuot, radio-televideniyedan chetlashtirilgan. Asarlarining chop etilishiga to’siqlar qo’yilgan.

Bugungi suhbatdoshimiz – shoir va muxolifatchi Yusuf Juma.

Yusuf Jumaning bir necha bor hibsga olinib, sudga tortilishiga uning publitsistik she’rlari sabab bo’lgani aytiladi. Biroq shoir o’zi kabi ijodkorlarni ruhiy kasalxonadagi shifokorlarga o’xshatadi.

Farg’ona deyilsa bas,
Och-ofat g’anim dili
Balchiqdayin g’ashlanur.

Bois, erk uchun kurash
Farg’onadan boshlangan,
Farg’onadan boshlanur.

Yusuf Juma o’tgan asrning 80-yillari oxirida adabiyotga o’zining publitsistik she’rlari bilan kirib keldi. Bu she’rlarda milliy til, milliy ruh, milliy davlat g’oyalari ko’tarilgandi. Mustaqillik asnosida bu g’oyalar haqiqatga aylana boshladi. Ammo shoir she’rlaridagi publitsistik ohang yo’qolgani yo’q. Nima uchun?

YUSUF JUMA: Qayta qurish yillarida Gorbachyovning bergan erkinligi tufayli juda ko’p she’rlar yozildi, o’qildi, e’lon qilindi va mustaqillik uchun o’sha adabiyot birinchi qadamlarini tashladi. Afsuski, mustaqillikdan keyingi yilda Rossiyaga mustamlaka bo’lgan 137 yillik orqaga qaytishdan ko’ra ko’proq xalqni orqaga qaytardi. Bugun ham publitsistik she’rlar avvalgidan ham ko’proq kerak, avvalgidan ham ko’proq yozilishi kerak albatta. Biroq bunday she’rlarga hech qanaqa yo’l yo’q.

O’zbek o’ylaydigan xalq,
Nega qo’l bergan xudo?
Paxta eksin, degan-da,
Bola ham bilar hatto.

Poylarni nega bergan?
O’ylaydi juda uzoq.
Yirtiq kovushlar uchun
Yaratilgandir oyoq.

Ko’zni bergan, paxtaning
Jo’yagini ko’rsin, deb.
Quloq bergan, podshoning
Buyrug’ida yursin, deb.

Og’iz bergan, mabodo
Yovg’on topsa, yesin deb.
Zabon bergan, bir umr
Xo’p bo’ladi, desin deb.

Mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullayev shunday deydi:

“Yusuf akaning she’rlari odamda o’zining insoniy g’ururini uyg’otib yuboradi. Ayniqsa, diktaturani qoralab yozilgan, diktaturaga moyil bo’lib, jim yurgan xalqni qoralab yozilgan she’rlari juda insonga qattiq, kuchli taassurot qoldiradi-ki, uyg’onishga majbur bo’ladi odam. Ongida bir uyg’onish sodir bo’ladi. Ko’pchilik odamlarda bir noto’g’ri tushuncha bor-ki, mana shu diktaturani, poraxo’rlikni, butun jamiyatda bo’layotgan illatlarni Yusuf Juma tanqid qiladi-da, shu bilan birga o’z xalqini ham juda yerga uradi, deydi. Molday, eshakday yashayverasanmi, deb hech qachon o’zi yomon ko’rganidan aytmaydi, yaxshi ko’rib kuyinganidan aytadi. Bizning xalqqa qayerda ta’na toshi otilgan bo’lsa, bunga o’zimizning xalq sababchi va bunga kuyinganidan Yusuf Juma yozadi”.

YUSUF JUMA: Hozir ko’pchilik haq so’zdan qaytib, boshqa yo’llarga kirib, maddohlik qilib yuribdilar. Chunki haq so’zni bosh so’z qilib olish she’riyatda bu o’z hayotini xavf-xatarga qo’yish bilan barobar. Hozirgi paytda bunaqa she’rlar yozadigan shoirlarni men ruhiy xastaxonadagi shifokorga o’xshataman. Bugun, afsuski, haq so’zni aytadigan shoir-yozuvchilar qariyb yo’q hisobi.

Yusuf Juma nafaqat shoir va muxolifatchi, balki sobiq siyosiy mahbus hamdir. U davlat tuzumini ag’darishda da’vat qilishda gumon qilinib hibsga olingan. Bir necha oy Buxorodagi milliy xavfsizlik yerto’lasida o’tirgan. Unga qo’yilgan ayblarga asos ham uning she’rlari edi.

YUSUF JUMA: Men qamalishimdan oldin uzoq muddat quvg’inda qochib yurganman. Mustaqillk yillarida uch marta sudlanganman. Bir marta 1994 yilda quvg’inda yurganman, keyin 1999 yildan boshlab yana quvg’inda yurganman. Va juda ko’p odamlarga murojaat qilganman, hech qanaqa yordam bergani yo’q. Men qamalganda yuqoridan ko’rsatma berilganini bilganidan keyin, darhol meni Yozuvchilar soyuzidan o’chirib yuborgan. Men umuman hozir bizda ziyoli qismining xalqparvarligiga, xalq deganlariga shubham bor va uni xalq ham sezib qoldi hozir. Na haq uchun kurashadiganlarni himoya qiladi bular, na xalq uchun kurashadilar.

Dardlarimni anglamaysan,
Tanang boshqa, tanang boshqa.
Yuragimdek ho’ngramaysan,
Tanang boshqa, tanang boshqa.

Azizlarim zindondadir,
Azizlaring bo’stondadir,
Voh, mening peshonam boshqa,
Oh, sening peshonang boshqa.

Jurnalist Bobomurod Abdullayevga ko’ra, Yusuf Juma ijodi sabab hukumat tomonidan ta’qib ostiga olingan:

“Yusuf Jumaning qamalishi-yu hibsga olinishi tagida she’rlari yotibdi. Diktator deb podsholar, xonlar yozilgan, lekin voqeliklari bugungi kunga o’xshagani uchun bugungi kundagi respublika rahbarlarini tushungan milliy xavfsizlik xizmati. Qaysidir aybi bilan Yusuf Jumani hibs qilishgan bo’lishsalar ham, so’rov paytida she’rlari bo’yicha so’rov qilishgan. Mana masalan, bizda aravani tortish degan bir ibora bor. Shu iboradan foydalanib Yusuf Juma masal o’laroq bir she’r yozgan: katta eshak, nega to’g’ri yo’ldan yurmaysan, xo’tiklaring bilan xalqni qayga eltasan? Yoki bo’lmasa: Muhammad Solihga bermanglar ovoz, vayron kulbangizni etar u obod, so’qir ko’zingizga keltiradi nur, vayron kulbangizga to’ladi yog’du, degan. Ha, bermanglar ovoz, degan-ku. Komik vaziyatlar bo’lgan, sudidan, mahkama jarayonidan xabarim bor. Namangan onalari vatanga erlar tuqqan, bundan keyin ham tug’adi, degan mazmunda bir she’r yozgan. Namangan haqida, Mashrabning yurti bo’lgani uchun. Shu she’rini olib sudda, ha bu Juma Namangoniyga yozilgan, Juma shu yerda tug’ilgani uchun yozilgan, deyishdi. Shu darajada komik vaziyat, tuhmat bo’lgan”, - deydi Bobomurod Abdullayev.

YUSUF JUMA: Adolat haqida gapira boshlasam, atrofimda bitta odam qolmaydi. Haq gap eshitishdan qo’rqadilar biror yerda. Mana shu uchun ham boshimizga shundoq qora kunlar tushgan. Men bitta Karimovni gunohkor deb bilmayman. Agar bizning mana shu jamiyat, mana shu zamon, mana shunday ahvolga tushishimizga nima aybdor, kimlar aybdor, deb odil sud shuni sud qiladigan bo’lsa, o’sha odil sud o’tadigan binoga 25 millonta qora kursi kerak. Hamma gunohkor. Men xudodan tilaymanki, birorta haq degan shoir-u yozuvchilaring, jurnalistlaring boshiga qora kun tushmasin. Qora kun tushsa u O’zbekistondan himoyachi topolmaydi. Xayriyatki, demokratik dunyo bor.

XS
SM
MD
LG