Breaking News

O'zbekiston AQShning diniy erkinlik haqidagi tanqididan norozi


AQSh Davlat departamentining dunyo bo’ylab diniy erkinlik bobida bu yilgi tahlilida, ayrim kuzatuvchilar nazarida, O`zbekistondagi vaziyat nisbatan yumshoq ta’riflangan.

O’zbekiston diniy boshqarmasiga ko’ra esa mamlakatda e’tiqod erkinligi haqida gapirish mutlaqo o`rinsiz narsa.

AQSh Davlat departametining diniy erkinliklar bo`yicha hisobotida O`zbekistonda nasroniylik dinining turli ko`rinishlariga ham ta`qiblar kuchayganiga to`xtab o`tiladi. O`zbekiston diniy erkinlik eng yomon darajada buzilayotgan qora ro`yxatga kiritilmagan bo`lsada, AQSh mamlakatda turli din vakillariga nisbatan tayziqlar davom etmoda, deya tashvish bildiradi.

O`zbekistondagi diniy ta`qib so`nggi bir yilda bir qator nasroniy diniga mansub oqimlarga bosim o`tkazilishi, xalqaro tashkilotlarni missionerlikda ayblanib tugatilishi bilan ham ko`zga tashlanadi.

Hozirgacha bir nechta xalqaro tashkilotlar missionerlik aybi bilan faoliyati tugatilgan bo`lsa, “To`liq evangelchilar ”, “Iegova Shohidlari” kabi diniy oqimlar taqib ostiga olingan, bir nechta cherkovlar yopilgan.

Kuzatuvchilar nasroniylik dini oqimi vakillariga, bu boradagi xalqaro tashkilotlarga nisbatan bosimning aynan so`ngi bir yil ichida boshlanishi sababini O`zbekistonda missionerlik qonunga ko`ra ta`qiqilanganida emas, balki hukumat bundan G`arbga qarshi boshlangan siyosiy targ`ibot uchun foydalanishni boshlaganidan deb bilishadi.

Chunki ko’p yillardan buyon O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan nasroniylikka mansub oqimlar, xalqaro tashkilotlar hukumat e`tiboridan hamisha chetda bo`lib kelgani aytiladi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonda diniy erkinlikning bog`ilishi va tazyiqlar O`zbekiston aholisining asosiy dini bo`lgan islom vakillariga ko`rsatilishi bilan ajralib turadi.

Kuzatuvchi Baxtiyor Isabek fikricha, diniy erkinlik bo`gilayotgani qora ro`yxatda ko`rsatilgan sakkiz davlatda bosim, asosan o`zga dinlarga nisbatan ko`rsatilishi bilan ma`lum:

“O`zbekistonda esa bosim asosiy dini yoki boshqacha aytganda, mamlakat aholisining ko`pchiligi ishonadigan din - islomga nisbatan ko`rsatilmoqda. Uning imkoniyatlari mutlaqo cheklangan. Hatto, nasroniylikni ba’zi ko`rinishlarida imkoniyat kengroq. Aynan ana shu farqli tomonlari bilan O`zbekiston din erkinligi qo`pol ravishda buzilyaotgani ta`kidlangan sakkiz davlat qatoridan o`rin olishi kerak edi”, - deydi kuzatuvchi Isabek.

O`zbekiston Musulmonlar Idorasining xalqaro aloqalar bo`limi boshli`gi Aydar Tulipov, AQSh hisobotini O`zbekistondagi vaziyatdan mutloqo xabarsiz holda yozilgan, deb baholaydi.

Unga ko`ra O`zbekistonda diniy e’tiqod tayziqqa uchrayapti, deya gapirishning o`zi o`rinsiz.

O`zbekiston diniy boshqarmasining an`anaviy tarzda berilayotgan munosabatlariga ko`ra, O`zbekistonda diniy bag`rikenglik amalda va turli diniy oqimlarga mansub tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda.

Kuzatuvchilar rasmiy hukumat tomonidan diniy ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa tashlangan minglab fuqarolarni o`z e’tiqodi uchun tazyiqqa uchragan “vijdon tutqunlari” deb atashadi. Ularning ko`pchiligi qalbakilashtirilgan jinoiy ishlar bilan hukm qilingan va bu ko`rinishdagi tazyiqlar davom etmoqda, deyishadi ular.

XS
SM
MD
LG