Turkiya turkiyzabon xalqlarni umumtarixni o'rganishga chaqirmoqda


Turkiy davlatlar vakillari yaqinda Turkiyada madaniy aloqalarni rivojlantirish borasida fikr almashgan.

“Turkiy Davlatlar Qurultoyi” ilk bor Turkiyaning marhum prezidenti Turg'ut O’zal taklifi bilan va mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida o’tgan edi.

Bu safar qurultoy Turkiyaning dam olish maskani Antaliya shahrida o’tkazildi. Do’stlik va hamkorlik shiori ostida o’tkazilgan 10-anjumanda O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston va Tojikiston qatorida, Ozarbayjon va Mo’g’uliston turkiy xalqlar yashovchi avtonom respublikalar va boshqa etnik turk jamoalarining vakillari qatnashdi.

Yig’ilishda, ayniqsa madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda insonparvarlik yordami ko’rsatish mavzulari muhokama qilingan.

Anjumanga Turkiya Bosh vaziri Tayyip Erdog’an mezbonlik qilgan.

Choqay Qochar, Turkiyadagi muhojir o’zbeklar tomonidan boshqariladigan Turkiston jamiyati vakilining aytishicha, Erdog'an Yevropadan Osiyogacha,barcha turkiyzabon xalqlar orasida iqtisodiy, tijoriy, madaniy aloqalarni kuchaytirib, hamdo’stlik tuzish zarurligini eslatgan. Bunday hamdo’stlik orqali turk dunyosi jahon siyosatida o’ziga loyiq orinni egallashi mumkin, deya ta’kidlagan.

Janob Erdog’anga ko’ra, qadim tarixga ega, yer osti zahiralariga boy turkiy davlatlar, iqtisodiy integratsiya orqali bir yoqadan bosh chiqarishi lozim. Turkiya bosh vaziri fikricha, Turkiya va Markaziy Osiyodagi respublikalar umumiy tarixni qayta ko’rib chiqib, maktablarda yosh avlodga o’qitmog’i kerak.

XS
SM
MD
LG