Jizzaxlik mustaqil jurnalist aybiga iqror bo'ldi


Jizzaxda hibsga olingan mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov o`z aybiga iqror bo`lgan va uning ishi sudga oshirilgan.

Ulug`bek Haydarov pora talab qilganlik aybi bilan 14 sentaybr kuni hibsga olingan edi. Huquq himoyachilariga ko`ra, jurnalistning hibsga olinishi uning tanqidiy maqolalari bilan bog’liq.

Haydarovning advokati G`iyos Nomozov mijozi ustidan tergov ishlari yakunlangani va ishi sudga oshirilgani haqida ma’lum qildi.

“Hammasini bo`lgan, bo`lgan deb tasdiqlayapti, tafsilotlarigacha aytyapti. Men unga bunday qilmagansan, deb ayta olmayman. Hozirda tergov xulosalariga imzo chekdim. Pul so`ralgan odamlarning o`zlari qonunbuzar ekanini hisobga olish zarurligini bildirdim”, - deydi advokat Nomozov.

Unga ko`ra, tergov jarayonida Ulug`bekka nisbatan bosim o`tkazilgan deb bo`lmaydi.

Jurnalistining opasi Nortoji Haydarovaning aytishicha, Ulug`bek jurnalistik faoliyati uchun jazolanmoqda.

“Agar hammadan pora olganida, hech bo`lmaganda o`zini bir uyi bo`lardi-ku. Yashashga joyi bo`lmasa, shu ham hayot bo`ldimi, uni poraxo`r deyish uyat emasmi? Poraxo`rlarni bilamiz, qo`shsha-qo`shsha mashinalari, imoratlari bor. Bu yigitni poraxo`r deb bo`ladimi?” - deydi Nortoji Haydarova.

Ayblanuvchining opasi uning hibsga olinishiga Jizzaxdagi Marmar fabrikasi ishchilarining maosh ololmayotgani va mahalliy hokimiyat tomonidan millionlab so’m mablag` o`marilgani haqidagi maqolasi sabab bo’lgan, deydi.

“Maqolasi “Yuz ming dollar qayoqqa g`oyib bo`ldi hokim bobo?” sarlavhasi ostida Internetda chiqqan. Unda Marmar fabrikasidagi ishchilarning oylik ololmagani, ularning fabrika rahbarlari va tuman hokimidan noroziliklari haqida yozilgan,” - deydi Nortoji Haydarova.

Ayni paytda jurnalistning mazkur maqolasi yuzasidan prokuratura ish qo`zg`atgani haqida ma`lumotlar bor. Nortoji Haydarovaga ko`ra, shu maqoladan keyin mahalliy hokimiyat jurnalistga nisbatan bosimlarni boshlangan.

Ulug`bek Hayadarovning hibsga olinishi barobarida Jizzaxda yana bir mustaqil jurnalist Jamshid Karimovning ham izsiz yo`qolgani ma`lum bo`lgandi.

Prezident Karimovning jiyani va o`zining muxolif qarashlari, tanqidiy chiqishlari bilan ma`lum Jamshid Karimov so`nggi, tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ko`ra majburiy ravishda noma`lum tibbiy muassasaga joylashtirilgan.

XS
SM
MD
LG