Qozog'iston Markaziy Osiyoda yetakchilikka intilmoqda


28 sentabr kuni, Qozog’iston rahbari AQShga tashrif buyurib, prezident Jorj Bush va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan muzokara olib boradi. Siyosiy sharhlovchilar nazarida, Qozog’iston G’arbga o’zini Markaziy Osyoda tinchlik-farovonlik va iqtisodiy barqarorlik yetakchisi sifatida namoyon etishga urinmoqda.

May oyida Qozog’istonga tashrifidan oldin, AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni Rossiyani demokratiyadan chekinayotganlikda va energiya manbalarini siyosiy qurol sifatida qo’llayotganlikda ayblagan edi. Bir kundan so’ng Cheyni energiyaga boy yana bir davlat – Qozog’istonni maqtab chiqdi.

“Qo’shma Shtatlar mustaqil Qozog’iston kelajagi yorqin va farovon bo’lishiga ishonadi. Qozog’iston, shuningdek, Markaziy Osiyoda taraqqiyot, barqarorlik va tinchlikni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi”, -deydi janob Cheyni.

Biroq tanqidchilar Cheyni bildirgan maqtovlar va Qozog’istondagi ba’zi nodemokratik jarayonlar o’rtasida tafovut mavjud, deya bong urmoqda. Marta Bril Olkott Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasi nomli ilmiy markazda Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassis. Unga ko’ra, ozog’iston no-hukumat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi qonunlar qabul qilgan.

“Ommaviy axborot vositalari bo’yicha yangi qonunda ham muammolar bor. Xullas, kamchiliklar yo’q emas. Saylovlar jarayoni ancha yaxshilangan, biroq ular hali ham erkin va adolatli degan xalqaro talabga javob bermaydi”, -deydi Olkott xonim.

Tahlilchiga ko’ra, Qozog’istonda saylovlar nisbatan erkin, biroq muxolifatchilarning axborot vositalarida chiqish huquqi cheklangani va saylov kampaniyalari bostirilgani va kaltaklanishlar haqida xabarlar bor. Prezident Nazarboyev muammolarni bilvosita tan olib, islohot yo’lidan boramiz, deydi.

"Qozog’iston siyosiy taraqqiyotida yangi sahifa boshlayapmiz, ya’ni jamiyatimiz erkinlik tomon qadam tashlaydi. Buning uchun, barcha siyosiy guruhlarni o’z ichiga olgan milliy komissiya tuzayapmiz”,- deydi Qozog’iston rahbari.

Asilbek Kojaxmetov, “Qozog’iston Demokratik Tanlov” partiyasi a’zosiga ko’ra, muxolifat mamlakatdagi siyosiy tuzumni o’zgartirish harakatida.

“Biz parlament vakolatlarini kuchaytirib, prezident vakolatlarini qisqartirmoqchimiz. Erkin saylov, erkin ommaviy axborot vositalari, viloyat hokimlarining va sudlarning saylanishiga ershimoqchimiz”, -deydi muxolifatchi.

Prezident Nazarboyev va hukumat vakillari korrupsiyada ham ayblangan. Yaqinda AQSh sudi amerikalik tadbirkor Jeyms Giffenni Nazarboyevga bir qator kompaniyalar nomidan pora berganlik va shu orqali Qozog’iston neft hududlarida ishlash huquqini qo’lga kiritganlikda aybdor deb topdi.

AQSh hukumatining Nazarboyevga iliq munosabati sabab ba’zilar prezident Bushni ikkiyuzlamachilikda ayblaydi. Chunki AQSh rahbari xalqaro kleptokratiya, ya’ni o’g’rilar boshqaruviga qarshi kurash e’lon qilgan edi. Siyosatshunos Olkott xonim ikkiyuzlamachilik haqidagi da’volar 1990-yillarga borib taqaladi, deydi.

“Hozirga kelib Qozog’iston elitasi pul qilishni o’rganib, uning qayerdan kelishini ochiqcha ayta boshlagan. Shu bois bu juda murakkab masala. Boshqa tomondan ‘AQSh rahbari o’g’rilik orqali pul orttirgan kishilar bilan uchrashmasligi kerak,’ ‘bu ikkiyuzlamachilik bo’lardi,’ deyish tog’ridir. Lekin sobiq Sovet davlatlarida deyarli barcha boylik o’g’rilik bilan topilgan”, -deydi Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassis Marta Olkott.

O’tgan yili prezident Nazarboyev amerikalik bir jurnalistga, “meni diktator deb bilasizmi-yo’qmi, o’zingizga bog’liq,” degan edi. Matbuot anjumanida AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays Qozog’iston rahbari bilan erkin saylovlar va muxolifatning ommaviy axborot vositalarida chiqish huquqini ochiqchasiga muhokama qilganini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG