Breaking News

Vashingtonda Qozog'istonning Mustaqillik Yodgorligi ochildi


AQShga tashrif buyurgan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Vashingtondagi Qozog’iston elchixonasi tashqarisida Mustaqillik Yodgorligini ochdi. Marosimda AQSh hukumati rasmiylari, Qozog’istonda faoliyat yuritayotgan AQSh kompaniyalari vakillari va Vashingtonda o’qib-ishlayotgan qozog’istonliklar ishtirok etdilar.

So’zga chiqqan prezident Nazarboyevga ko’ra, bu chet-elda ilk bor qad ko’targan Qozog’iston Mustaqillik Yogdorligidir.

“Yangi Qozog’iston suvereniteti ramzi bo’lgan ushbu yodgorlikning “ozodlik” so’ziga sinonim bo’lgan Qo’shma Shtatlar poytaxtida qad ko’tarishidan faxrlanaman,” – dedi Nazarboyev. “Biz AQSh bilan terrorga qarshi urushda ittifoqchimiz. Askarlarimiz Iroq kelajagi uchun yelkama-yelka kurashmoqdalar. Aminmanki, ozodlik uchun qilingan qurbonliklar zoye ketmaydi. Amerika uzoq muddatga ishonchli va haqiqiy hamkori borligini bilishi kerak.”

AQSh Energetika vaziri Sem Bodmen ham ishtirok etdi.

Mustaqillik Yodgorligi bronzadan tayyorlangan bo’lib, balandligi deyarli to’rt metr. Uning ustida chexiyalik me’mor Klara Sever bir yil davomida ishlagan. Unda qanotli qoplon ustida turgan Saklar davridagi jangchi qo’lida lochini bilan tasvirlangan. Jangchi Qozog’iston tarixi, qoplon esa mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini anglatadi. Ba’zi mutaxassislar Qozog’istonni “Osiyo” yoki “Yevrosiyo yo’lbarsi” deb ataydilar. Vashingtondagi yodgorlik Almatidagi ulkan Mustaqillik Yodgorligining kichik shaklidir.

Juma kuni Qozog’iston rahbari AQSh prezidenti Jorj Bush, vitse-prezidenti Dik Cheyni, savdo va energetika vazirlari, Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori va AQShning qator kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlari bo’lib o’tishi kutilmoqda.

Qozog’iston Bosh vaziri o’rinbosari, iqtisodiyot vaziri Karim Masimovning Amerika ovoziga aytishicha, yogdorlik ochilishidan oldin Qozog’iston transport va kommunikatsiya vazirligi va AQSh transport vazirligi o’rtasida hamkorlik bo’yicha bitimga erishildi. Bundan tashqari “FedEx” (FedEks) yuk tashuvchi-kuryer xizmati kompaniyasi bilan ham Almatida mintaqaviy transport markazini ochishga kelishildi.

XS
SM
MD
LG