AQSh: Qozog'istonda muammo ham, taraqqiyot ham bor


Nursulton Nazarboyev tashrifi AQShning qator ommaviy matbuot vositalarida keng yoritilmoqda. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Qozog’iston Nazarboyev tashrifidan oldin AQShdagi ba’zi telekanallardan mamlakat obro’sini AQShda yaxshilash uchun sezilarli reklama vaqtini sotib olgan. Bundan tashqari shu kunlarda Qozog’iston xazinasiga 40 million dollarga tushgan yangi filmning AQShda chiqishi kutilmoqda. Gollivudning ba’zi aktyorlari o’ynagan “Ko’chmanchi” nomli film qozoqlar tarixini aks ettiradi.

Biroq bu piar-kampaniya orqali rasmiy Ostonaning AQShdagi tanqidchilar fikrini o’zgartirishi aniq emas. Xuddi shu tanqidchilar prezident Bush ma’muriyatini ham demokratiyani geosiyosiy foyda uchun qurbon qilayotganlikda ayblamoqdalar. Tanqidchilar nazarida, Qozog’istonda iqtisodiy o’sishga qaramay, hali ham avtoritar tuzum hukm surmoqda. Qozog’istondagi inson huquqlari tashkilotlaridan biri rahbariga ko’ra, inson huquqlarining to’rt dushmani bor – neft, gaz, terrorga qarshi urush va geosiyosiy maqsadlar – va bularning barchasi Qozog’istonda mavjud.

AQShning Qozog’iston hukumati bilan yaqinroq aloqa qilishi tarafdorlari bo’lgan AQSh tahlilchilari nazarida esa, jahonda neftga bo’lgan ehtiyojning o’sib borishi va AQShning neft ishlab chiqaruvchi eng yirik davlatlardan biri hisoblangan Eron bilan aloqalarining salbiyligi, neftning muqobil manbalarini izlashga majbur qilmoqda. Ana shunday tahlilchilardan biri Ariel Koenga ko’ra, agar neftni Qozog’istondan AQSh olmasa, u holda uni AQShning raqiblari – Xitoy yoki Rossiya oladi.

Biroq neftdan tashqari Qozog’istonning AQShga boshqa jihatlar bilan ham foydasi tegmoqda, deydi yana bir tahlilchi Frederik Starr. Uning aytishicha, Qozog’istonda iqtisodiy o’sish va ijtimoiy taraqqiyot tufayli musulmon esktremizmining oldi olindi. Qozog’iston o’zini AQShga ishonchli hamkor sifatida ko’rsatib keldi. Uning qo’shinlari Afg’oniston va Iroqda harakat qilmoqda. Mintaqadagi ayrim davlatlardan farqli o’laroq, deydi tahlilchi Frederik Starr, Qozog’iston barcha yirik davlatlar bilan do’stona aloqalarni birday saqlab kelishga muvaffaq bo’lgan.

Qozog’istonlik jurnalist, Central Asia Monitor gazetasi katta muharriri Begildin Gabdullin ham so’nggi fikrga qo’shiladi.

"Qozog’iston tashqi siyosatining yutug’i uning ko’p qirrali bo’lishidadir. Mamlakatimiz ana shu siyosati tufayli barcha yirik davlatlar bilan birday do’stona aloqalarga ega. Agar mintaqadagi boshqa davlatlarni oladigan bo’lsak, masalan O’zbekiston yoki Qirg’izistonni, ularning tashqi siyosatida manfaatlar toraytirilgan. Ayniqsa Andijon voqealaridan keyin AQSh bilan aloqasi buzilgan Karimov o’zini Rossiya quchog’iga otdi. Va aksincha, Qozog’iston o’zini bir mamlakat quchog’idan boshqa davlat quchog’iga tashlamaydi va yirik davlatlarga nisbatan bir xil siyosat olib boradi," - deydi qozog'istonlik jurnalist Begildin Gabdullin.

Vashingtondagi ko’zga ko’ringan tahlilchi, Xadson Instituti mutaxassisi Zeyno Baranning aytishicha, kamchiliklarga qaramay, Qozog’iston taraqqiy etmoqda.

"Agar Qozog’istonga G’arb va Amerika standardlaridan kelib chiqib qaraydigan bo’lsak, demokratiya, iqtisodiy islohotlar va ochiqlik bobida yana ancha ishlar qilish mumkin, albatta. Biroq Markaziy Osiyo va Qozog’iston atrofidagi davlatlarni oladigan bo’lsak, u holda Qozog’iston ularga nisbatan sezilarli yutuqlarga erishgan," - deydi Zeyno Baran.

AQSh Qozog’istonni nafaqat Markaziy Osiyoda namuna sifatida ko’rsatmoqda, balki butun Yaqin Sharqda ham, ayniqsa Eron uchun. AQShning diplomatik sa’yi-harakatlari va moliyaviy yordami natijasida Qozog’iston Sovet davridan qolgan yadro arsenalidan 1994 yili voz kechgan. Shundan beri respublika yadro qurolini qo’lga kiritishga intilayotgan davlatlar uchun “yadro qurolisiz ham rivojlanish mumkin”, degan ma’noda namuna sifatida tilga olinadi. Vashingtonda o’tgan yirik tadbirda Qozog’istonning bu boradagi tajribasi haqida so’z bordi.

Ushbu mavzuda nutq so’zlagan Nursulton Nazarboyev ba’zi yirik davlatlarni ikkiyuzlama siyosat olib borayotganlikda aybladi.

"Ayni damda jahonda xalqaro huquq mezonlariga zid adolatsiz vaziyat yuzaga kelgan. Negadir ba’zi davlatlar yadro qurollarini ishlab chiqarish va takomillashtirishga haqli-yu, boshqalar hattoki bu borada izlanish ham olib bora olmaydi. Bu noto’g’ri va adolatdan emas. Yadro qurollari umuman ishlab chiqarilmasligi va tarqatilmasligi kerak. Bu borada yadro qurollariga ega davlatlar namuna bo’lishlari va o’zlaridagi yadro arsenalni qisqartirishlari kerak," - dedi Nursulton Nazarboyev.

Qozog’iston rahbarining AQShga tashrifi davomida iqtisodiy va savdo aloqalariga ham urg’u berildi. Qozog’iston transport va kommunikatsiya vazirligi va AQSh transport vazirligi o’rtasida hamkorlik bo’yicha bitimga erishildi. Bundan tashqari AQShning “FedEx” yuk tashuvchi-kuryer xizmati kompaniyasi bilan Almatida mintaqaviy transport markazini ochishga kelishildi. AQShdagi eng yirik kompaniyalardan hisoblangan General Electric ham Qozog’iston bilan hamkorlik bitimini tuzdi. Unga ko’ra, Qozog’iston temir yo’llari kompaniyasi General Electric dan jami 650 million dollar qiymatli 310 dona lokomotiv sotib oladi va Pavlodar shahrida poyezd vagonlari teriladigan yangi zavod quriladi.

XS
SM
MD
LG