O'zbekiston sufiylari fikricha zikr poklanish demakdir


Ollohni zikr etmoq asrlar davomida ko’plab tariqat, sufiy maktablarida keng qo’llanilgan. Ba’zi xudojo’ylarga ko’ra, faqat islom dinidagina ollohni zikr etmoqning jazba holati mavjud.

Kuzatuvchilarning bildirishicha, bugun O’zbekistonning Farg’ona, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida ham jazba zikr holatida bo’luvchilarni uchratish mumkin.

Biroq xudojo’ylar Ollohga zikrni yashirin ravishda ado etishadi. Chunki O’zbekistonda so’nggi yillar xuddi sho’ro davrida bo’lgani kabi xudojo’ylarning zikr tushishi ham ta’qiqqa uchragan.

Xo’sh, zikr nima? Uning inson ruhiyatiga ta’siri qanday?

Ma’lumki, Qur’onda ollohning 99 ismi haqida gap boradi. Mutaxassislarga ko’ra, mana shu ismlarni doimiy yod etish islom dininig mohiyatini tashkil etadi. Soliklar ollohni yod etish bilan o’zlarining ruhiy inkishoflari sari yo’l ochadilar.

Dunyodagi barcha dinlarda ham ollohni zikr etish mavjud, biroq hoji Asqar Mahkamga ko’ra, boshqa dinlardagi zikrda islomdagi kabi jazba holati kuzatilmaydi.

“Hindistondagi buddaviy dinlarda uzluksiz sur’atda meditatsiyaga ketib, ollohni yod etish. Bu harakatsiz. Nasroniy dinida ham hamisha xudoni yod etish, uni o’zi bilan bir deb bilish, bu vahdat-ul-vujud g’oyalariga juda yaqin keladi. Bizda endi tasavvufda, masalan, qodiriyada jazava holati juda kuchli bo’ladi. Sufiy o’zidan ketib qoladi. Agar zokir o’tirgan holatda bo’lsa, u sapchiy boshlaydi. Agar zokir tikka turgan holatda zikr etayotgan bo’lsa, o’sha jazaba holatida uning oyoqlari ham, qo’llari ham, butun vujudi ishlay boshlaydi. U butunlay qo’llarini yoygan holatda ko’tarilishi ham mumkin. Men shaxsan, boshqa dinlarda mana shunday kuchli harakatlar qilib, jazba holatiga tushish hollarini kuzatmaganman,” - deydi Asqar Mahkam.

Hadislarda hamda Qur’oni Karimning 80 dan ortiq oyatlarida ollohni zikr etish buyurilgan. Hozir O’zbekistonda “Naqshbandiya” tariqatiga e’tibor qaratilmoqda. Bu tariqatning asosi “dast ba koru, dil ba yor”, ya’ni qo’l yumushda ko’ngil xudoda bo’lishi lozim.

Biroq bu tariqatdagi xatmi xojagonda maxfiy zikr so’nggida jahriy zikr ham qo’llaniladi. Naqshbandiya tariqati bilan shug’ullanayotgan Mirza Kenjabekka ko’ra, jahriy zikrdan maxfiy zikrning savobi ustunroqdir.

“Hazrati Payg’ambarimiz salollohu alayhi vasallam aytganlarki, hafaza farishtalar eshitadigan zikrdan ko’ra, hafaza farishtalari eshitmaydigan zikr savob jihatdan 70 daraja ustun, deyilgan. Ya’ni, qalbiy zikr ustun turadi. Naqshbandiya tariqatida juda go’zal bir tamoyil qoida shaklga kirgan, ya’ni inson jamiyat bilan hamjihat yashashi kerak. Faqatgina har qanday ishni qilayotgan mahalda ham uning qalbida ollohning zikri bo’lib turishi kerak, degan bir ma’no bundan chiqadi,” - deydi Mirza Kenjabek.

Kuzatuvchilarning bildirishicha, O’zbekistonning Farg’ona, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida hozir ham jazba zikrga tushuvchilarni uchratish mumkin.

Adabiyotshunos olim Sayfiddin Sayfullohning aytishicha, u ba’zi hollarda jahriy zikr bilan ham shug’ullanadi. Unga ko’ra, zikrda odam bir lahza bo’lsa-da o’zidan begonalashib, ozini yaratuvchi bilan birga his etadi. Zikrda muayyan shaklni ifodalash qiyin. Chunki u raqs emas, u ruhiy holat, deydi olim.

“Ba’zi bir kishilarni ko’rganmiz, masalan shaxsan men ham zikr halqalarida ba’zan bo’lganman. Masalan 10 kishi zikr tushsa, shu 10 kishining holatiga qaraysiz, 10 xil bo’lishi mumkin. Birovi “dod” solib yig’laydi, birovi qaraysizki, yoqasini chok-chok qilib yuboradi, biroviga qaraysiz, dod deb ilohiy qo’shiqlar aytib yuboradi, birovi raqsga tushib ketadi. Demak, bu o’sha insonning ishqidan, insonning holatidan, insonning ruhiyatidan kelib chiqadi-da,” - deya fikr bildiradi Sayfuddin Sayfulloh.

Ismini bildirishni istamagan psixolog fikricha, ko’pchilik bo’lib virdizabon qilish, uzoq o’tirib guruh-guruh bo’lib ibodat bilan mashg’ul bo’lish inson ongiga kuchli ta’sir etadi. Raqsu samoga berilib zikr tushish, uzoq vaqt davra olib aylanish ham insonning irodasi, kuch-quvvati, hatti-harakatlarini o’zgartirib yuboradi.

Bunday ritmik harakatlar natijasida miyaning ichki faoliyatida o’zgarishlar ro’y beradi. Kishining xulqi, raftori, feli ham boshqacha bo’lib qoladi. Behush holatga tushgan odamga esa har qanday fikr va so’zlarni singdirish mumkin. Ayrim shubhali diniy guruhlar o’rtasida shu kabi usullardan foydalanilishi mumkin, deydi psixolog.

Mirza Kenjabekga ko’ra esa, zikr tushgan kishi aqldan tashqaridagi ishni qilmaydi.

“Samo tushayotgan insonlar garchand o’zlarining aqllariga hokim bo’lolmaydigan bir jazba holatiga yetsalar ham, lekin aslo aqldan tashqaridagi bir ishni sodir qilmaydilar,” - deb hisoblaydi Kenjabek.

Ba’zida jahriy zikr holatiga tushib turadigan Sayfiddin Sayfullohning bildirishicha, bunday zikrdan maqsad obro’ yoki molu-dunyo emas:

“Zikrda insonning faqat bitta maqsadi bo’ladi, bu ham o’sha gunohlardan poklanish, ollohga yaqinlashish. Insonning o’zligidan kechishi - insonning eng saodatli paytlaridan biri bo’ladi, desam g’alat qilmayman. Shu uchun zikr tariqatdagi eng katta bir savobli, ayni paytda insonni kamolotga yetkazadigan bir omil, bir ibodatdir,” - deydi Sayfiddin Sayfulloh.

Xudojo’ylarning bildirishicha, har qanday usulda ollohni yod etish kishini ruhan poklaydi. Yaratuvchi bilan o’zini birday his etish esa insonni alohida fazilatlarga ega etishi ham mumkin.

XS
SM
MD
LG