Breaking News

Qozog'iston AQSh matbuoti nigohida


Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning AQShga tashrifi o’z nihoyasiga yetdi. Turli uchrashuvlar va tadbirlarga boy tashrif AQSh ommaviy axborot vositalari tomonidan ham yetarlicha yoritildi.

Juma kuni Nursulton Nazarboyev Oq Uyda prezident Jorj Bush bilan uchrashgan. Vashington Tayms gazetasida bugun chiqqan maqolaga ko’ra, o’z yadro arsenali, inshootlari va sinov poligonlarini yo’q qilgan Qozog’iston Eron uchun yaxshi namuna bo’lishi mumkin. Qozog’iston 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislikka da’vogarlik qilmoqda. Jorj Bush Qozog’istonni bu borada qo’llab-quvvatlashini bildirgan, biroq Vashington Taymsga ko’ra, bu hol ikki prezident qo’shma bayonotida aks etmagan.

Vashington Tayms juma kuni ham Qozog’istonga bag’ishlab maqola chiqargan. Unda respublikaning telekommunikatsiya sohasidagi yutuqlari alohida ta’kidlab o’tilgan, jumladan iyun oyida fazoga KazSat 1 ilk sun’iy yo’ldoshining chiqarilishi. Maqola Bush ma’muriyatini Qozog’istonga sun’iy yo’ldosh texnologiyasi bo’yicha yordam ko’rsatishga chaqiradi.

Biroq Vashington Post gazetasida kecha chiqqan maqola Bush ma’muriyatini Qozog’istonning demokratik islohotlar yo’lidagi kamchiliklariga panjara orasidan qaraganlikda aybladi. Gazetaga ko’ra, o’tgan yil prezident saylovlarida 91 foiz ovoz olgan Nazarboyev mamlakatni hali ham avtoritar usulda boshqarmoda. Prezident Bush o’z nutqlarida AQSh ma’muriyatining avtoritar tuzumlarni o’tmishda qo’llab-quvvatlaganligini xato deb bir necha bor tan olgan. Biroq gazetaning kinoya qilishicha, AQSh rahbari o’z nutqlarini o’zi eshitmaydi. AQSh hamon Qozog’iston, Ozarbayjon, Misr, Liviya va Pokiston kabi tuzumlarni qo’llab-quvvatlamoqda, deb yozadi Vashington Post gazetasi.

Deyarli barcha AQSh gazetalari va telekanallari 3 noyabrda AQShda ekranga chiqarilayotgan va Qozog’istonga daxldor kinokomediyani ham muhokama qilmoqdalar. Uni britaniyalik komik san’atkor Sasha Baron Koen suratga olgan va o’zi bosh rolni ijro etgan. O’tgan oy Torontodagi xalqaro kinofestivalga taqdim etilgan ushbu film Qozog’iston hukumatining kuchli noroziligiga uchradi. Unda Borat Sagdiyev ismli go’yoki qozog’istonlik telejurnalistning AQShga sayohati tasvirlangan. “Borat” film davomida Qozog’iston va qozoqlarni qoloq, madaniyatsiz va uyatsiz qilib ko’rsatadi. Qozog’iston hukumati film AQShda ekran yuzini ko’rishi bilanoq uning ijodkorlarini sudga berishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG