Xalqaro tashkilotlar jizzaxlik muxbir ustidan sud hukmini qoraladi


Inson huquqlari bo’yicha Hyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) va so’z erkinligi himoyasida turuvchi Chegara Bilmas Muxbirlar (Reporters Without Borders) xalqaro tashkilotlari jizzaxlik mustaqil jurnalist Ulug’bek Haydarovning 6 yillik qamoq jazosiga hukm etilganini qoralab, jazoni bekor qilishga chaqirmoqda.

Chegara Bilmas Muxbirlar chiqargan bayonotda, “O’zbekiston hukumati mahalliy va xorijiy jurnalistlarga qarshi urush e’lon qilgan,” deyiladi. Human Rights Watch tashkiloti nazarida, Ulug’bek Haydarovga qo’yilgan ayblovlar siyosiy tusga ega.

AQShda asoslangan Jurnalistlarni Himoya Qilish qo’mitasi (Committee to Protect Journalists) kuzatuvchilar sud zaliga qo’yilmagani haqida bildirgan va muxbirni ozod etishga chaqirgan.

Ulug`bek Haydarov o`tgan oy bir ayoldan pora olganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Keyinchalik uning advokati tergov-surishtiruv ishlarining yakuniga ko`ra, Ulug`bek Haydarov aybiga iqror bo`lganini ma`lum qilgan.

Jurnalistning opasi Nortoji Haydarova so’zlariga muvofiq, Ulug’bekka pora berish bilan bog’liq voqea mahalliy huquq-tartibot organi vakillari tomonidan uyushtirilgan.

Beshinchi oktyabrda Jizzax shahrida bo`lgan sud Ulug`bek Haydarovni 6 yil qamoq jazosiga mahkum etgan.

Nortoji Haydarovaning aytishicha, sud hukmi ustidan shikoyat tayyorlanmoqda.

“Hozir sud hukmi ustidan shikoyat tayyorlayapmiz, lekin bu haqda boshqa hech narsa deya olmayman. Ulug`bek hozir ularnining qo`lida. Menga biror narsa desang, ukangga o`gir bo`ladi deb ochiq aytishdi,” - deydi Haydarova.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev Ulug’bek Haydarovga nisbatan jinoiy ish uyushtirilishi uning jurnalistik faoliyati bilan bog’liq deb hisoblaydi.

“So`nggi paytda muxolifat vakillari, huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlarni ta’magirlik va bezorilikda ayblab, qamoqqa olish keng tarqalgan. Ularga tazyiq o`tkazilayapti, qamoqqa olinayapti, ba’zilar bedarak yo`qilishayapti,” - deydi huquq himoyachisi.

Ulug`bek Haydarov O`zbekistonda internet sahifalarida mahalliy hokimiyatni tanqid ostiga olgan maqolalari bilan tanilgan mustaqil jurnalist. Uning maqolalarida asosan Jizzaxdagi og`ir ijtimoiy ahvol, mahalliy hokimiyat tomonidan amalga oshirilayotgan zo`ravonlik, korrupsiya haqida so’z boradi.

Birmuncha vaqt bedarak yo`qolgani ma’lum qilingan jizzaxlik yana bir mustaqil jurnalist, O`zbekiston prezidentining jiyani sifatida tanilgan Jamshid Karimov ham ayni paytda majburiy ravishda Samarqanddagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Kuzatuvchilar fikricha, Jizzaxda mustaqil jurnalistik faoliyati bilan tanilgan faqat shu ikki jurnalist bor edi. Hukumat har ikkisini ham jurnalistik faoliyatdan chetlatishga muvaffaq bo`lgan.

XS
SM
MD
LG