Qirg'izistonda minglab musulmonlar haj safariga otlanmoqda


Qirg’izistonda Haj mavsumiga taraddud ko’rilmoqda. Rasmiylar bu yil ziyoratchilar Hajga faqat havo yo’llari orqali borishini ma’lum qilgan.

O’sh shahar qozisi Rahmatullo Qosimovning aytishicha, bu yil Qirg’izistondan 4,5 ming ziyoratchi muqaddas Haj safariga boradi. Qozining so’zlariga qaraganda, bu mavsumda ziyorat o’tgan davr tajribasidan kelib chiqib ancha puxta tashkillashtiriladi.

O’tgan yili Qirg’izistondan Hajga otlangan minglab ziyoratchilar manzilga yetib borolmay, qo’shni va arab davlatlari chegaralaridan ortga qaytgan. Ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobuslar qahraton qish chillasida dala-dashtda qolib ketgani ma’lum. Hojiboshilar, mas’ul davlat idoralari bu ziyoratchilar sarflagan xarajatlarni qaytarishdan bosh tortgan. Bu o’z navbatida mojaroga sabab bo’ldi.

Joriy yilda ko’ngilsiz holatlar oldini olish uchun maxsus chora-tadbirlar ko’rildi, deydi O’sh shahar qozisi Rahmatullo Qosimov.

Ziyoratchilarni manzilga samolyotda eltish rejalangani bois safar xarajatlari ham ortgan. Avval avtobuslarda 700-1000 dollar evaziga Hajga borish mumkin bo’lgan bolsa, endi bu raqam ikki barobar ko’tarilgan.

Qirg’iziston diniy ishlar bo’yicha davlat qo’mitasi raisi Jo’lbo’rs Jo’ro’bekovning aytishicha, hukumat va rasmiy idoralar qo’shni O’zbekistondan farqli ravishda bu borada cheklovlar kiritmagan:

“Bizda u borsin, bu borsin degan cheklov yo’q. Faqat 5-6 marta Haj qilganlar kutib turadi, birinchi marta ziyoratga borayotganlarga yo’l beriladi. Odam oz bo’lsa, boraveradi.”

Diniy ishlar bo’yicha davlat qo’mitasidan olingan ma’lumotga ko’ra, o’tgan yili Haj qilolmay pul sarflab qaytgan ziyoratchilarga hech qanday imtiyoz berilmaydi. Ammo bu yilgi Haj mavsumida ular birinchilardan bo’lib ro’yxatga olinadi.

Qozi Rahmatullo Qosimovning ta’kidlashicha, qodir odamlargina Islomda beshinchi farz hisoblangan Haj safariga borishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG