Keksa jurnalist uch yarim yilga qamoqqa tashlandi


Qashqadaryolik keksa jurnalist Yodgor Turlibekov uch yarim yilga qamalgan.

Uzoq vaqt jurnalist bo’lib ishlagan va ayni paytda huquq himoyachisi sifatida tanilgan qashqadaryolik 70 yoshli Yodgor Turlibekov ustidan sud hukmi e’lon qilindi. Huquq himoyachilarining aytishicha, sud qarori jamoatchilikdan sir tutilgan.

Yodgor Turlibekovni advokat bilan ta`minlagan Inson huquqlari tashabbuskor guruhi rahbari Surat Ikromov so’zlariga ko`ra, hukm hatto advokatga ma`lum qilinmasdan chiqarilgan.

Qashqadaryodagi huquq himoyachilari ham sud hukmi e’lon qilinganidan bexabar bo’lgan. Ulardan biri, Jo’ra Murodov jurnalist o’ta faolligi sababli doim nazoratda bo`lgan deb hisoblaydi:

“Bular Turlibekovning piketlarda ko`p qatnashgani uchun ham sud bo`layotganligini huquq himoyachilariga ma`lum bo`lishidan qo’rqishgan. Huquq himoyachilari adolatsiz bo`layotgan sud uchun piket qilishadi deb o`ylashgan. Turlibekov avval davlat idoralarida faol piketlar o`tkazgani uchun ham 15 kun qamoq jazosi bilan qo`rqitilgan edi”, - deydi Jo`ra Murodov.

Yodgor Turlibekov O`zbekiston prezidentini haqoratlashda asossiz ayblandi. Uning maqolalarida faqat iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat tahlil qilingan, deb hisoblaydi Jo’ra Murodov.

“Maqolalari, asosan, Qozog`istonda iqtisodiy o`zgarishlar bo`layotgan bir paytda O`zbekistonning orqaga ketayotgani, ijtimoiy ahvol og'irlashayotgani, qashshoqlar soni tobora ko`payib borayotgani, davlat idoralari fuqarolarning arzlarini eshitmayotgani haqida edi”, - deydi huquq himoyachisi.

Yodgor Turlibekov shu yilning iyun oyida maqolalarida O`zbekiston prezidentini haqorat qilganlikda, bu maqolalarini jamoat joylarida tarqatganlikda ayblanib, hibsga olingan.

Keyinchalik aybnomalar ro’yxatiga firibgarlik ham qo`shilgan.

Turlibekov advokati Rustam To`lganovning ma’lum qilishicha, jurnalistning kasbiy faoliyatida biror jinoyat alomatlari yoq. Turlibekovning maqolalarida, asosan, og`ir ijtimoiy-siyosiy vaziyat haqida fikr yuritiladi.

Yodgor Turlibekov O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyati raisi sifatida faoliyat ko`rsatgan.

XS
SM
MD
LG