Breaking News

Amerika islom haqida hamon noto'g'ri tushunchaga ega


Dunyo aholisining oltidan bir qismi, bir milliard ikki yuz millionini tashkil etgan musulmonlar ro'za tutmoqda.

Iroq, Afg’onistonda qonli mojarolar, dunyoning turli burchaklarida esa musulmon fundamentalizmi avj olayapti.

AQShning Michigan shtatidagi masjid imomi Ilohiyning aytishicha, Islom dinida terror va terrorizm tushunchalari qoralanadi, bu iboralarga Islomda o’rin yo’q.

“Islom dini va musulmonlarga bo’lgan salbiy munosabat va fikrlar asosan diniy savodsizlikdandir. Ekstremizm turli din vakillarini o’z domiga tortuvchi illat. U faqat musulmonlarning muammosi emas. Ayblovlar tufayli biz ham jabr ko’rayapmiz. Islom tenglik, tinchlik hamda adolat singari qadriyatlarga tayangan din. Yaqin Sharqdagi ekstremizmning sabab-mohiyati nimada? Biz uning ildiziga qarashimiz kerak. Biz har qanday ko’rininshdagi terrorizmni qoralaymiz”, - deydi imom.

AQShda olti millionga yaqin musulmon istiqomat qiladi. Islom mamlakatda tez rivojlanayotgan din hisoblanadi. Muqaddas Ramazon oyi hamda yaqinlashayotgan umumiy saylovlarda Amerika musulmonlari faol qatnashib, bu jarayondan o’z manfaatlari yo’lida foydalanishni muhim deb biladilar. Imom Ilohiyning so’zlariga qaraganda, saylovda musulmonlar ishtiroki o’ta muhim.

“Biz musulmon jamoasini noyabr oyidagi Kongress saylovlarida qatnashishga chaqiramiz. Maslahatimiz – agar salbiy qarashlarni bartaraf etmoqchi bo’lsangiz, jamiyatning bir qismiga aylaning. Saylovlarda ishtirok eting. Ma’qul nomzodga ovoz bering. Bu ham konstitutsiyaviy huquqimiz, ham burchimiz”, - deydi u.

Prezident Bush musulmonlar uchun muqaddas bu ayyom munosabati bilan e’lon qilgan tabrigida “Ramazon va shu kabi bayramlar umumiy qadriyatlarni birgalikda yodga olish uchun eng qulay fursat” deya ta’kidlagan. Amerikadagi musulmonlarning erkin e’tiqod qilish huquqi mamlakat qonunlari bilan himoyalangan.

AQSh prezidenti terrorga qarshi kurash ba’zilar da’vo qilganidek islomga qarshi urush emas, deb takrorlab keladi. U islomni “tinchliksevar din” deb ta’riflagan. AQSh musulmon jamoalarining chuqur hurmat va e’tiborini qozongan imom Ilohiy dinlararo hamjihatlikka da’vat etadi.

“Musulmon va nasroniylar hamkorlik qilsin deymiz. Axir ular birgalikda dunyo aholisining deyarli yarmini tashkil etadi. Hamkorlik qilsak, bir-birimizni tushunsak, bu dunyoni jannatga aylantirishimiz mumkin. Biz dinlar va tsvilizatsiyalararo urushga qarshimiz. Rim papasining yaqinda aytgan so’zlari bizni ranjitdi. Xato manbadan yanglish iqtibos keltirgan”, - deydi imom.

Musulmonlar islomning ko’pincha terrorizm va zo’ravonlik bilan birga tilga olinayotganidan tashvishda. Imom Ilohiy ta’biricha, “islom nafaqat Ramazon oyida, balki doimo rahm-shafqatli bo’lishga chorlovchi dindir”.

XS
SM
MD
LG