Islom va demokratiya yonma-yon qadam tashlay oladimi?


AQSh hukumati nazarida Iroq, Livan va boshqa arab mamlakatlaridagi demokratik o’zgarishlar Yaqin Sharq bo’ylab demokratiya yoyilishga zamin yaratadi.

Biroq ayrim musulmon davlatlarida demokratiya yo’li bilan saylangan hukumat vakillari fundamental qarashlarga ega bo’lib, ko’p fikrlilik tamoyillariga qarshi ish tutmoqda. Bu esa G’arbda xavotir uyg’otmoqda.

Prezident Bush Yaqin Sharqda ham musulmon, ham demokratik jamiyatlar vujudga kelishiga ishonadi.

“Hammaga ravshan bo’lsinkim, dunyoning beshdan bir aholisi e’tiqod qiluvchi islom dini demokratiya qonunlari bilan hamohangdir. Musulmon davlatlarida demokratiya ildiz ota olishiga shubham yo’q”, - deydi Bush.

Aslida ham ko’pchilik arablar harbiy diktatorlik va avtoritar tuzumlar xalq uchun xizmat qilmasligini tushuna boshlagan. Yaqinda o’tkazilgan so’rovlarda arablarning aksariyati ko’pfikrlilik, qonun ustivorligi hamda so’z erkinligini quvvatlashini aytgan.

Biroq Livanda Hizbulloh, Falastinda esa Xamas kabi radikal islomiy qarashlarga ega bo’lgan guruhlarning saylovlarda g’alaba qozonishi, G’arbda - arab dunyosida demokratiya sarobligicha qolib ketadi, degan xavotirga sabab bo’lmoqda. Islom va demokratiyani o’rganish markazi rahbari Radvan Masmudi fikricha bu kabi xavotir demokratiyani yanada kuchsizlantiradi.

“Arablar uzoq yillar davomida bosim hamda yopiq jamiyatdan aziyat chekkan. Ana shu erksizlik radikal musulmonlarga qo’l kelib, xalq nazarida ular yagona xaloskor sifatida shakllanishi turgan gap”, - deydi tahlilchi.

Xalqaro Inson huquqlari bo’yicha mutaxassis Neil Xiks nazarida radikallar ham avtoritar boshqaruv yo’lini tutmoqda.

“Demokratik hukumat demokratiya mezonlariga javob berishi lozim. Shunday ekan, mamlakatda inson huquqlarini poy-mol etayotgan, zo’rovnlikni targ’ib qiladigan qurolli guruhlarga o’rin yo’q. Demokratiya tinchlik yo’li bilan targ’ib qilinadi. Partiyalar ham tinchlik elchisi bo’lmog’i darkor”, - deydi Nyu Yorkda joylashgan va inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakili.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasi deya nomlanuvchi tahlil markazi xodimi Amir Hamzavi fikricha, Yaqin Sharqda demokratiya, radikal guruhlardan ko’ra ko’proq hokimiyatdan ketishni istamayotgan elita vakillaridan aziyat chekmoqda.

“Demorkatiya yo’lidagi eng katta to’siq, bu islomiy radikal guruhlar emas, balki hokimiyatni boy berishni istamayotgan avtoritar elitadir. Ular radikallarni bahona qilib, demokratiyaga zimdan g’ov bo’lmoqdalar. Siyosiy islohotlarni to’xtatib qo’ymoqda”, - deydi tahlilchi Hamzavi.

Agar radikal guruhlar bo’lmaganida Yaqin Sharqda demokratiya urug’ini sochish osonroq bo’larmidi degan savolga, Neil Xiks shunday javob beradi.

“Qisqa javob yo’q. Radikal guruhlar arab dunyosi bo’ylab katta kuchga ega. Biz mintaqaga demorkatiyani olib kirmoqchi ekanmiz, ular bilan ham hisoblashishimiz lozim. Radikallar va hukumat o’rtasida murosa qilinishiga ko’maklashish kerak”, - deydi inson huquqlari bo’yicha mutaxassis Neil Xiks.

XS
SM
MD
LG