Breaking News

O'zbekiston matbuoti AQShni tanqid qilishda davom etmoqda


O`zbek matbuoti AQShni demokratiyani niqob qilib olganlikda ayblashda davom etmoqda. So`nggi haftada AQSh tashqi siyosati, demokratiya mohiyati va maqsadlariga doir o`nlab maqolalar bosilgan. Kuzatuvchilar nazarida hukumatning bu chiqishlaridan maqsad - demokratik tamoyillarga zid fikr va kayfiyat uyg’otish.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, O`zbekiston hukumati mahalliy matbuot zimmasiga muhim vazifa yuklagan. Uning mohiyati G`arb, AQSh va umuman, demokratiyani milliy qadriyatlarga qarshi qo`yishdir. Buning uchun zarur tavsiyalar ishlab chiqilib, muayyan rag`batlantirishlar belgilangan.

Matbuotda muntazam ravishda bosilayotgan bu maqolalarning doimiy mualliflaridan biri - “Turkiston-Press” axborot agentligi bosh direktori o`rinbosari, O'zbekistonda yaqinda joriy etilgan “Oltin qalam” mukofotining sovrindori Ibrohim Normatov. Uning aytishicha, bu maqolalarga hukumatning aloqasi yo’q:

“Hukumat hech qachon bunday qilinglar deb buyruq bermaydi. Ayrim voqea-hodisalar, davlatni ham, odamlarni ham hushyor torttirdi. Masalan, Gruziyada, Ukrainada inqiloblar amalga oshirildi. Bunda G`abrdan kelgan nodavlat tashkilotlar pul ajratib, odamlarni ko`tardi. Buning hammasi boshqa davlatlarni hushyor torttirmaydi deb o`ylaysizmi, shu jumladan, O`zbekistonni ham? Qo`yib bersa, ular hamma yerda inqilob qilaveradi-da. Mana oqibati nima bo`ldi. Ukrainada ichki qarama-qarshiliklar, Gruziyaning Rossiya bilan aloqlari…”, - deya misol keltiradi siyosiy sharhlovchi.

Normatovning so’zlariga qaraganda, O`zbekiston Gruziya, Ukraina va Qirg`izistondagi voqealardan o’ziga kerakli xulosa chiqargan.

Ibrohim Normatov AQSh demokratiya yo’lida milliy o’zlikni yo`qqa chiqarishni maqsad qilgan deb hisoblaydi.

“G`arbdagilar o`z maqsadlarini amalga oshirish uchun demokratiya degan niqobdan foydalanmoqda. Demokratiya aynan birovning dasturi bilan amalga oshirilmaydi. Biz bunday demokratiyani qabul qila olmaymiz. Iroqda ham shu narsa amalga oshayapti, mazhablar o`rtasidagi ziddiyatlar kelib chiqayapti. Bu ham o`sha demokratiya niqobi siyosatining natijasi-ku, bu xavfli siyosat”, - deydi Normatov.

Uning nazarida demokratiyaga ijodiy yondashish kerak, ya’ni nimalarnidir qabul qilish mumkin, nimalarnidir - yo’q. G`arb taklif etayotgan demokratiya qariyalarni hurmat qilmaslik, odatlarni oyoq osti qilish yoki e’tirozlarni ko`chada, ommaviy chiqish-to’polonlar orqali bildirishni ko`zda tutadi.

“Bu to`g'ri kelmaydi bizga”, - deydi Ibrohim Normatov.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri, tilshunos olim Baxtiyor Isabek demokratiyani milliy manfaatlarni himoya etuvchi yo`l deb ta’riflaydi:

“Masalan, Gruziya, Ukraina, Qirg`izistonda ham milliy demokratiya shakllanmoqda. O`zbekiston saltanatini boshqarayotganlarga bu yoqmaganligining o`zidan bilish mumkinki, u yerda milliy demokratiya bor. Bu rus millatining ustunligiga asoslangan avvalgi sobiq kommunistik tuzumga, hozirgi Rossiyaga ham yoqmasligi tabiiy”, - deydi olim.

Uning aytishicha, O`zbekistonda aniq bir yo`lning o`zi yoq. Buni butun dunyo biladi. Hukumat pozitsiya-fikrining muntazam o’zgarishi rahbariyatning beqarorligidan dalolat beradi.

Baxtiyor Isabek ta’biricha, matbuotdagi targ`ibotlar hukumat demokratiyadan manfaatdor emasligi bilan tushuntiriladi:

“Gap shundaki, hukumat hokimiyatni mustahkamlash uchun demokratiyadan hech narsa ololmasligiga ko`zi yetgach, demokratiyaning nozik tomonlarini umuminsoniy va milliy qadriyatlar bilan aralashtirgan holda o`ziga xos bir konsepsiya yaratish taraddudida”.

Baxtiyor Isabek so’zlariga ko`ra, demokratiya G`arbdan kelayapti. Uning manbaini Ozbekistondan izlash demokratiyaning yangi usulini yaratish bilan barobar.

“Aslida ham ular buni yashirayotgani yo'q. Ular o`rnatmoqchi bo`lgan demokratiya hukumatning aytgani, aytgan degan narsadan boshqa narsa emas”, - deb ta`kidlaydi Baxtiyor Isabek.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, O`zbekistonda demokratiyani milliy an`analarga qarshi bir tushuncha-yo’nalish qilib ko`rsatish uchun keng sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

XS
SM
MD
LG