Qo'shib yozish, bo'rttirib ko'rsatish O'zbekistonda hamon amalda


Sobiq ittifoq yillarida O’zbekistonda kommunistik partiya belgilagan ulkan reja va majburiyatlarni uddalay olmagan rahbarlar qo’shib-yozish orqali o’z mavqeini saqlashga uringan. Mazkur illat mustaqillik yillarida ham saqlanib qolgan.

“O’zim g’allada ishlaganman. Masalan, g’alla bor-u planni to’ldirish uchun o’zining hisobiga g’allani sotganda o’shaning o’rniga tuproq qo’shganlarini ko’rganman o’z ko’zim bilan. Tonna-tonnalab tuproq qo’shib yuborgan g’allaga. Bularni qarang, voy, o’zining foydasiga mana shu g’allani sotib, o’zi masalan moshina oladi, boshqa oladi. Faqat o’zini o’ylayapti, xalqni o’ylamaydi. U tuproq borib ertaga nima bo’ladi, xalqqa u un bo’lishi kerak-ku, o’shani o’ylamaydi,” - deydi ismini bildirishni istamagan yigit.

“Masalan, biz o’zimiz ham qo’shganmiz, chunki bizni majbur qilgan, biz ishlaganmiz shu g’allada. Chiqarib sotardi moshin-moshin, o’rniga tuproq qo’shib yuborardi. Yana qancha to’lmagan planlarni to’ldi deb qo’shib yuborgan. Shu yerda qancha g’alla sotilib, o’zining foydasiga bo’lib ketyapti, lekin xalqni o’ylamaydi ular.”

Mamlakatda qo’shib-yozishlar dolzarb muammoga aylanib borayotganidan faqat xalq jabr tortmoqda, deydi o’zini Salima deb tanishtirgan ayol.

“Shu qo’shib-yozish hisobiga, menimcha, ahvol og’ir judayam. Olayotgan oyligimiz hech narsaga yetmayapti. Hamma narsaning narxi oshib ketayapti. Mana, kvartplatalar oshib ketyapti, gaz, svet, kak-budto, oyiga oshib ketayotganga o’xshayapti-da hozir. Oyligimiz oyligimizga yetmayapti. Bu oydan bu oygacha qarz olishga to’g’ri kelyapti,” - deb hisoblaydi Salima ismli ayol.

“Qarz olsangiz, bu yoqda oylikni vaqtida olmaysiz, pensiyalarni vaqtida berishmaydi. Xalqning farovonligi past. O’shalarga qo’shib-yozishlar sabab. Tepaga shunaqa bo’rttirib ko’rsatilyapti-da, aytilyapti-da. Tepadagilar xalq hayotining ichiga kirmagandan keyin, bilmasa kerak. Bu illatdan qutulish uchun xalq tarafida bo’ladigan, xalqni o’ylaydigan rahbarlar bo’lishi kerak. O’shanda xalq yaxshi yashaydi, davlat rivojlanadi.”

Qo’shni davlatlar bilan chegaradosh viloyatlarda paxta yig’im-terimiga oid qo’shib-yozishlar bu mahsulotning noqonuniy ravishda chegaradan o’tkazib sotilishi bilan bevosita bog’liq, deb hisoblaydi Temur ismli yigit:

“Masalan, Qozog’iston chegarasidagi viloyatlarda mana muncha paxta oldim deyiladi-da, hattoki qorovullarning o’zi paxtani olib chiqib beradi, Qozog’istonga sotadi. Buyam o’ziga bog’liq, oylik kam bo’lgandan keyin, tirikchilik. Hattoki telejkaga ortuvchilarning o’zi, biz ham terganmiz, bu yoqqa o’t, telejkaga ishing bo’lmasin, senga yozildimi bo’ldi deydi-da olib qo’yiladi. Yig’ilib qoldimi, asta chegaradan o’tkazib yuborishadi. Shunday chegara joylar bor, bitta kanal o’tadi. Men o’zim ko’rganman, menga aytgan o’sha brigadirning o’zi: “anavi qoplarni olib o’tishvor” degan. Narigi tomonga o’tdik, u yer Qozog’iston, u yog’iga tengega almashtiriladi. Qo’shib yozish qachon bo’lyapti, qachonki paxta yo’q bo’lsa, qo’shib yozilyapti, to’g’rimi. Qachon paxta yo’q bo’lyapti, sotilgani uchun. Sotilyapti nima uchun? Puli kam bo’lgani uchun. Haligi hammasi bir-biriga bog’liq-da”.

Maktablarda ham qo’shib-yozish holatlari bo’lib turadi. Go’yoki yaxshi niyat bilan qilingan bo’rttirib yozishlar yoshlar ongini zaharlab, kelajagimiz ildiziga bolta urmoqda deb ta’kidlaydi mana bu ayol:

“Oliy o’quv yurti muallimlari bilan gaplashsangiz agar aytishadiki, “ey, hozirgi o’quvchilarning bilimi tamoman sust” deyishadi. O’sha maktabning direktoriga bog’liq, o’sha maktabning o’qituvchilariga bog’liq. Biz bunday qo’shib- yozishlarga o’quvchini yoshligidan o’rgatib qo’ysak, kelajagimiz nima bo’ladi? Bolalarimiz ham o’rganadiki, demak, men past o’qisam ham o’qituvchimga yaxshiroq muomala qilsam, bahomni oshirib-oshirib qo’yadi, ertaga keyin uchga o’qiydigan o’quvchi 4-5 ga o’qiyman deb o’ylaydi. Bu narsa uning ongiga o’rnashib qoladiku. Mana shu narsaga o’rganib borganidan keyin o’zi biror korxonaning rahbari bo’ladi. Ongiga o’rnashib qolgan narsani endi u hayotda tadbiq etadi o’zining korxonasiga nisbatan, korxonam orqada qolmasligi kerak, ilg’orlar qatoriga chiqishi kerak, deb. Unda bormi-yo’qmi, demak o’sha narsani qo’shib yozishga harakat qiladi. Bu narsa, albatta, bizning mustaqil mamlakatimizni olg’a suradigan narsalardan emas. Bu illatga hammamiz birgalikda kurashishimiz kerak.”

Yana bir mutaxassis fikricha, inflyatsiya, ya’ni pul qadrsizlanishi masalasida ham qo’shib-yozish holatlari mavjud.

“Rasmiylarning qo’shib-yozishiga sabab hukumatga o’zini oqlab, ijobiy qilib ko’rsatishdir. Masalan, pulning qadrsizlanishi haqidagi raqamlarga e’tibor bergan bo’lsangiz, hammasi risoladagiday kechayapti. Aslida bu naqd pulni kamaytirish evaziga qilinayotgan qo’shib-yozish bo’lib, bu oqibatda iqtisodiyotga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Holbuki, o’sha mulozimlar pulning inflyatsiyasi reja darajasida, hatto undan ham past deb matbuotda, televideniyeda chiqishlar qilib, amalda xalq iqtisodiy ahvolining yomonlashishiga sababchi bo’lmoqda.”

Mohira ismli ayol jamiyatda qo’shib-yozishlar, ayniqsa saylov kampaniyasi davrida ko’zga yaqqol tashlanadi degan fikrda.

“Qo’shib-yozish deganda, masalan, saylovni olaylik. Saylov deyishadi-da hamma xalqni chaqirishadi-da, o’zi oldin saylab qo’yishgan bo’ladi-da o’sha odamni. Faqat odamlarning ko’ziga, odamlarni chaqirib, xuddi xalq saylaganday qilib ko’rsatishadi. Qonun bo’yicha ishlanmaydi-da,” - deydi ayol.

Bo’rttirishlar yaxshilikka olib kelmasligi muqarrar. Shuning uchun ham men va ayrim talaba do’stlarim mamlakatni tark etishga qaror qilganmiz, deydi Arslon ismli talaba yigit.

“Ko’paytirib gapirish, ozgina aldash yoki hamma narsani faqat yozish shaklida ko’rsatish zo’r deb maqtanish, bilmadim, mumkinki 50 yildan keyinmi o’zgarib qolishi mumkin. Chunki odamlar hozir o’z joyidan qo’rqadi. Tepadagi odamlar esa faqat olishni biladi. Shunga odamlar qo’rqqanidan hammasini qog’ozda yaxshi qilib ko’rsatishni xohlaydi. Buning ziyoni juda katta, chunki oddiy xalq buni biladi, ko’radi, patriotizm degan narsa kamayib, mamlakatda patriotizm kamaysa u hech narsaga olib kelmaydi. Hamma yaxshi odamlar mamlakatdan ketishi, o’z kuchiga ishonmasligi shundan kelib chiqadi deb o’ylayman,” - deydi talaba yigit.

O’zbekistonda turli sohalarda qo’shib-yozishlar mavjud va bu illatga qarshi kurash olib borilmoqda. Huquq-tartibot organlari tomonidan Samarqand viloyatining bir qator xo’jaliklarida yo’q paxta qo’shib yozilgani aniqlangan. Paxta hosilini qo’shib-yozishda ayblangan 23 nafar mas’ul shaxs mahkamaga tortilib, turli muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG