O'shdagi qotillik: O'zbek madaniy markazi rahbari kimga yoqmasdi?


15 oktyabr kuni kechqurun O’sh shahrida O’zbek milliy madaniy markazi prezidenti Oybek Olimjonov otib o’ldirilgan.

O’sh shahar Ichki Ishlar xizmati matbuot kotibi Zamir Sidiqovga ko’ra, yakshanba kuni kechqurun qotil noma’lum o’qotar quroldan shahar markazidagi “Olatog’” kafesida iftor qilayotgan Oybek Olimjonovning boshiga o’q uzgan. Voqea joyidan 9 mm gil’za topilgan.

45 yoshli tadbirkor, O’sh shahar Kengashi deputati, O’sh shahar O’zbek milliy-madaniy markazi prezidenti Oybek Olimjonovning o’limi jamoatchilikda noxush taassurot uyg’otdi.

O’sh viloyat O’zbeklar Jamiyati prezidenti Davron Sobirovning aytishicha, Oybek Olimjonov siyosatga aralashmagan, shuning uchun uning o’limiga siyosiy tus berib bo’lmaydi. Ammo, Davron Sobirovning aytishicha, jamoat arbobi bo’lgan Oybek Olimjonovning o’limi qirg’izistonlik o’zbeklarni qayg’uga solgan.

Qirg’iziston parlamenti deputati Inom Abdurasulovning fikricha, marhum Oybek Olimjonov nima uchun o’ldirilgani hozircha hamma uchun jumboq bo’lib turibdi.

Millatlararo munosabatlar bo’yicha mutaxassis Dildora Hamidovaning aytishicha, Qirg’iziston janubida nafaqat jamoat arbobi, balki omadli tadbirkor sifatida ham tanilgan Oybek Olimjonov iqtisodiy manfaatlar qurboni bo’lgan bo’lishi mumkin.

Qirg’izistonda “qizg’aldoq inqilobi” deya ataluvchi 24 mart voqealari yuz bergandan keyingi 1,5 yil davomida bir necha tadbirkor, deputat va siyosatchi yollanma qotillar o’qidan halok bo’ldi. O’sh shahrida qariyb ikki oy avval imom Muhammadrafiq Kamoliddin maxsus xizmatlar tomonidan o’ldirildi.

Tahlilchi Ravshan Gapirovning aytishicha, “inqilob”dan keyin iqtidorga kelgan yangi hukumat va jinoiy guruhlarda hamma o’z o’rnini topgan emas, shuning uchun respublikada taloto’p – mulk bo’lishtirish, yer bosib olish va yollanma qotilliklar avjiga chiqmoqda.

“Hech qaysi sohada barqarorlik yo’q, hamma narsa o’z o’rniga tushmaguncha, bu jarayon davom etadi”, – deydi tahlilchi Ravshan Gapirov O’sh shahar O’zbek milliy-madaniy markazi prezidenti Oybek Olimjonovning o’ldirilishini sharhlar ekan.

Qirg’iziston parlamenti deputati Inom Abdurasulovga ko’ra, Oybek Olimjonovning qotillarini hukumat albatta topishi kerak, aks holda, milliy munosabatlarga ham putur yetishi mumkin.

XS
SM
MD
LG