Turk adibi Orhan Pamuk Nobelga munosibmi?


Orhan Pamuk asarlari dunyoning 40 dan ortiq tiliga tarjima qilingan. Uning kitoblari hozircha o`zbek tilida chop etilmagan. Balki shu bois O’zbekistondagi keng kitobxonga yaxshi tanish emasdir.

Turkiyalik yozuvchining Nobel mukofoti bilan taqdirlanishini turkiy xalqlar ziyolilari turlicha qabul qilmoqda.

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bu munozaralarda ishtirok etmayapti. Uyushma raisi o`rinbosari Sirojiddin Sayidning aytishicha, bu ularga taalluqli emas.

Adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul avval Orhan Pamuk ijodi bilan tanishib, keyin fikr bildirish lozim deb hisoblaydi.

“Agar u o`sha voqealarda armanlarni yoqlab yozayotgan bo`lsa, bironta o`zbek ziyolisi uni qo’llashiga ishonish qiyin”, - deydi adabiy tanqidchi.

Adabiyotshunosning so’zlariga ko`ra, yozuvchi siyosiy maqsadlari uchun taqdirlansa, bu uning adabiyot sohasidagi yutug’i sanalmaydi.

“Nobel mukofoti Tolstoyga ham berilmagan. Agar mukofot san`at uchun beriladigan bo`lsa, Tolstoyga berilishi kerak edi. U yerda ham ma`lum bir guruh hal qiladi, bo`lmasa Aytmatovdek ijodkorga bermasa kimga beradi? Biror qir`ginni yoritish maqsadida mukofot berish adabiyot manfaatiga to`gri kelmaydi. Bu siyosiy o`yin bo`lishi kerak”, - deydi Ibrohim Haqqul.

Toshkentdagi Ulug`bek nomli xalqaro maktab direktori o`rinbosari, turkiyalik o`qituvchi Abdullo Seztek Turkiyaning o`zida ham yozuvchiga nisbatan turli munosabatlar borligini takidlab o`tadi:

“U armanlar bo`yicha gapirgani uchun mukofot olishiga arman lobbisi ta`sir qildi, degan gaplar aylanayapti. O`zi juda qiyin ahvoldan o`tib, yozuvchi bo`lgan. Hozir kitoblari ingliz, nemis, frantsuz va boshqa tillarga tarjima qilingan. Dunyoda taniqli nobelli yozuvchiga aylandi. Bu mukofotni olishi e`lon qilinganda Frantsiyada armanlar bo’yicha bir qonun ham qabul qilindi. Bu qonunni amaliyotga kiritishda Nobel mukofotini olgan Tukiya yozuvchisi ham bu haqda gapirayapti degan qarashlardan foydalaniladi, yani Turkiyani armanlarga yon bosadigan holatlarga olib keladi”, - deydi turkiyalik ziyoli.

Orhan Pamukning bu tarzda mukofotga sazovor bo`lishi Abdullo Seztekka og`ir botgan. “Chunki hozir Turkiyada juda yaxshi yosh yozuvchilar chiqayapti". Uning fikricha, dunyoda ko'pchilik Pamukni armanlar mavzusini ko`targani uchun ham Nobel olmoqda, deb o'ylashi mumkin.

Shoir Tohir Qahhor nazarida esa Orhan Pamukning Nobel mukofoti bilan taqdirlanishida Yevropa siyosiy kuchlari ma’lum rol o’ynagan bo’lishi mumkin.

“Kurd masalasi bor. Tukiyani parchalash, kuchsizlantirish, yo`qotish uchun Yevropa davlatlari maxfiy va ochiq harakatlari siyosatda borligi kabi, mukofot berilishida ham bor. Orhan Pamukka mukofot berilishining sababi shunda deb bilaman”, - deydi shoir.

Frantsiya parlamenti armanlar Turkiya tomonidan qir`gin qilinganini tan olmaslik jinoyat degan qonun qabul qildi. Tohir Qahhor nazarida Turkiyaga nisbatan noxolis siyosat kuzatilmoqda.

“Mukofot 80-90 foiz hollarda diniy yoki yahudiylar mavzusiga bo`gliq... Lekin u bir vatanga, bir millatga taalluqli masala. Hozir butun Turkiya to`polon qilayapti, Frantsiya avval o`zini bilsin deb. O`zining turkiy millatga mansubligini bilgan, arman mavzusiga e’tibor qaratgan odam, faqat o`sha Jazoirdagina emas, Turkistonda ham armanlar nima qilganini bilmaydimi? Mana, Qo`qonda 20 minglab odamni yoqib, o`ldirganlar kimlar? Dashnoqlar! Dunyoda bu masalalar ko`tarilaveradigan bo`lsa, hech qachon tinchimaydi”, - deb ta`kidlaydi shoir Tohir Qahhor.

Orhan Pamuk kitoblarida va nutqlarida armanlarni yoqlab chiqqani uchun Turkiya jamoatchiligi va rasmiylari tomonidan keskin tanqidga uchragan.

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda asoslangan Nobel akademiyasining bildirishicha, Orhan Pamuk o'z asarlarida madaniyatlar to'qnashuvi va uyg'unlashuvi haqida yozgani uchun ulkan mukofotga loyiq deb topilgan. Adib ona shahri Istanbulning ma'yus ruhini, uning madaniy jihatdan boy va qaynoq hayotini yorqin tarzda aks ettirgan, deyiladi akademiya bayonotida.

Orhan Pamuk ijtimoiy sharhlovchi sifatida tanilgan. U musulmon dunyosida birinchilardan bo'lib, Eronning Britaniyada yashovchi yozuvchi Salmon Rushiyga qarshi fatvosini qoralagan.

O'tgan yili yozuvchi o'z asarlarida turk davlatini haqorat qilganlikda ayblanib, sudga berilgan va shu yil boshida oqlangan edi. Ayblovlarga esa uning, usmoniylar imperiyasi davrida 30 ming kurd va bir million arman qirib tashlangan degan gaplari sabab bo'lgan.

XS
SM
MD
LG