Tojikiston prezident saylovlariga tayyorlanmoqda


Tojikistonda 6 noyabr kuni prezident saylovi o’tkaziladi. Saylov Tojikistondagi sakkiz siyosiy partiya, kasaba ittifoqi, yoshlar ittifoqi va umuman nomzodini ko’rsatgan tashkilotlarning 12 ming mahalliy kuzatuvchilari tomonidan nazorat qilinishi mumkin.

Respublika saylov va referendumlar markaziy komissiyasiga ko’ra, saylovni chet-ellik 700 mutaxassis ham kuzatishi mumkin.

Bugungacha prezidentlik uchun turli siyosiy partiyalardan 6 nomzod ko’rsatilgan edi. Kuzatuvchilar esa hozirdanoq Xalq demokratik partiyasi raisi, amaldagi prezident Imomali Rahmonov g’alaba qozonishini bashorat qilmoqda. Tojikistonlik mustaqil jurnalistining fikricha, Markaziy Osiyo respublikalarida o’xshash holat takrorlanaveradi. Tojikistonda sakkiz partiya rasman ro’yxatga olingan.

Tojikiston Kommunistik partiyasi o’z kotibi, Oliy majlis deputati Ismoil Talbakovni, Demokratik partiya “Vatan” fraksiyasi vakili Tabarali Ziyoyevni, Sotsialistik partiya o’z yetakchisi Abduhalim G’afforovni, Iqtisodiy islohot partiyasi professor Olim Boboyevni, Agrar partiya o’z rahbari Amir Qorakulovni, Xalq demokratik partiyasi Imomali Rahmonovni prezidentlikka nomzod etib ko’rsatgan. Ammo Demokratik partiya nomzodi Tabarali Ziyoyev zarur bo’lgan 160 ming imzoni yig’a olmagani uchun ro’yxatdan o’tmadi. Imzo yig’ish bobida prezident Imomali Rahmonov birinchilikni saqlab qoldi. U 700 mingga yaqin imzo to’plashga muvaffaq bo’lgan.

Tojikistonda saylovoldi targ’ibot ishlari boshlangan. Saylovchilar mavjud nomzodlardan faqat amaldagi prezident Imomali Rahmonovni tanishlarini aytmoqda. Ziyoli o’zbek Shaxboz Ikromov fikriga ko’ra, ro’yxatdagi qolgan to’rt nomzod haqida xalq shu paytgacha eshitmagan ham.

“Ilgari hukumat idoralarida ishlaydigan davlat arboblarini xalq tanirdi. Chunki ular xalq o’rtasiga bemalol borib, gaplarini bemalol ayta olardi. Hozir endi prezidentlikka ko’rsatilgan 4 o’rtoqning familiyasini ham ko’pchilik eshitmagan. Endi musulmonchilikda sal o’zini tortish, kamtarlik, kamsuqumlik degandek… Bundan ozgina chekinilsa, yaxshi bo’lardi, nazarimda,”- deydi Shaxboz Ikromov.

Prezidentlikka da’vogar Agrar partiya raisi Amir Qorakulov bo’lajak saylov demokratik tamoyillar asosida o’tishiga ishonadi.

Shahriston nohiyasi yettinchi o’rta maktab o’qituvchisi Rahmon Ro’ziboyevning aytishicha, Tojikistondagi saylov uyushqoqlik bilan, tinch va osoyishta o’tadi. U hozirgi prezidentdan bo’lak nomzodlarni tanimasligini tan oladi.

“Tojikistondagi prezidentlik saylovi tinch-totuv o’tadi. Xalq uyushqoqlik bilan bu saylovda qatnashadi. Bunga, albatta, ziyolilar qattiq kirishadi. Hozir rahbarlik qilib turgan prezidentimizni hammamiz taniymiz. Qolgan nomzodlarni esa…ular hali siyosat maydoniga chiqqan emas. Ularning hayot faoliyati bilan tanish emasmiz. Hozirgi prezidentni munosib shaxs deb hisoblayman,”- deydi Rahmon Ro’ziboyev.

Tojikistondagi asosiy muxolif harakat – Islom uyg’onish partiyasi prezidentlik saylovida o’z nomzodini ilgari surmasligini aytgan edi. Fuqarolik urushi yillarida hukumatga qarshi kurashgan bu partiya saylovlar ozod va adolatli o’tishiga ishonmasligini e’lon qilgan. Ular o’z a’zolariga maslaklariga qarab saylovda ishtirok etishni maslahat bermoqda. Oldinroq ikki muholif firqa – Demokratik va Sotsial-demokratik partiyalar saylovlarni boykot qilishga qaror qilgan edi. Ular nazarida prezident saylovlarini o’tkazishning o’zi noqonuniy.

Dushanbe shahrida MDH kuzatuvchilari faoliyat ko’rsatmoqda. Markaziy saylov komissiyasi qaroriga ko’ra, respublikada 68 saylov okrugi va 3200 saylov uchastkalari tuziladi. Shuningdek, Rossiya federatsiyasining yigirmaga yaqin hududida muhojirlar saylovda ishtirok etishlari mumkin bo’ladi. Ziyoli Shomirzo Pirov fikricha, Rossiyadagi muhojirlarning 50 foizi saylovda umuman ishtirok eta olmaydi.

“Rossiyada muhojirlikda bo’lganlarning 50 foizi o’z ovozlarini bera olmaydi. Chunki bunga sharoit yo’q. Ishdan chiqishning iloji yo’qligi tufayli ular ovoz bera olmaydi. Bu odamlar nohaqlikdan zarar ko’rishadi,”- deydi Shomirzo Pirov.

Uning aytishicha, saylovchilarning aksariyati o’zga yurtlarda mardikorchilik bilan mashg’ul. Ular ushun vatanda oilalari ovoz berib qo’ya qolishadi.

Ziyoli Shahboz Ikromov amaldagi prezident atrofida birlashmoqni ma’qul ko’radi.

“O’zbek xalqida “otni kechuvda almashtirmaydilar” degan bir chiroyli gap bor. Kelinglar endi, otni kechuvda almashtirmaylik. Mayli, boshqalar ham shunga jazm qilibdi, bular ham hozirgi prezident olduda jipslashib, mamlakatimizning gullab-yashnashi uchun hissa qo’shsalar, nur ustiga a’lo nur bo’lardi,”- deydi ziyoli.

Tojikistondagi mustaqil “Tong” gazetasi yozishicha, saylovlarda Rahmonovga haqiqiy raqib bo’la oladigan nomzodlar qamalgan. Imomali Rahmonov 1997 yilgi tinchlik bitimidan avval ikki muddat prezident bo’lgan. Shu yili muxolifat uni yana bir bor 7 yil muddatga saylashga rozi bo’ldi. 2003 yilda prezident Rahmonov jiddiy qarama-qarshilikni uyg’otgan referendumni uyushtirdi. Referendum natijalariga ko’ra, u yana ikki muddat, ya’ni 2020 yilga qadar prezidentlikka o’z nomzodini ilgari surishi mumkin.

XS
SM
MD
LG