Breaking News

O'zbekistonda xalq hayotini yaxshilash mahalliy hokimlar qo'lidami?


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Farg`ona vodiysidagi ishsizlik va ijtimoiy noroziliklarda viloyat hokimlarini aybdor topgan.

Andijon va Farg`ona viloyati hokimlari shu sabablar bois almashtirildi.

Biroq kuzatuvchilarga ko`ra, vaziyatni o`nglash siyosiy tuzumga bog’liq. Bu esa viloyat hokimlari vakolatidagi vazifa emas.

O`zbekistonda viloyat hokimlarining vakolatlari keng bo`lishiga qaramasdan cheklangan ham.

O`zbekiston prezidenti Andijon va Farg`ona viloyat hokimlarini vazifasidan chetlatar ekan, viloyatdagi ijtimoiy ahvol mahalliy hokimlarning o`z vazifalarini uddalay olmasliklari bilan bog’liq ekanini ta’kidlab o`tadi.

Xususan, O`zbekiston prezidenti xalq deputatlarining Andijon viloyat kengashida so`zlagan nutqida, sobiq hokim Saydulla Begaliyevni viloyat aholisi qiyinchiliklariga befarqlik ko`rsatib, o`z manfaatlari yo`lida ish ko`rganlikda aybladi. Prezidentga ko`ra, viloyat hokimining befarqligi haqli ravishda aholining noroziligiga sabab bo`lgan.

Prezident Farg`ona viloyati kengashida so’zlagan nutqiga, hokim Shermat Nurmatov o`z vazifasini uddalay olmaganligi uchun ishdan ketmoqda, ayniqsa qishloq aholisini ish bilan ta’minlash oqsagan, dedi.

Mustaqil kuzatuvchilar mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning o`nglanishi viloyat hokimlarini almashtirishdan taqozo etishiga shubha bilan qaraydilar.

O`zbekistonda viloyat hokimlari qanday vakolatlarga ega, mahalliy hokimlar ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxhsilash uchun nechog’lik tashabbus ko`rsata oladilar?

Jamiyatshunos Komron Aliyev fikricha, O`zbekiston konstitutsiyasida hokimlar joylardagi ijro tizimining bosh vakillari hisobanadi. Shu bilan birga, hokimlar prezident yuritayotgan siyosatni viloyatlarda davom ettiruvchi birinchi rahbar.

“Hozirgi vaziyat shunday-ki, hokimlar o`rta hisobda ikki-uch yilda o`zgarib turadi, chunki O`zbekistondagi iqtisodiy, siyosiy vaziyat og’ir. Vaziyatning og'irlashuviga sabab sifatida kimnidir ko`rsatish kerak, albatta bunda ta’lim boshqarmasining vakili aybdor deb ko`rsatish bilan ish bitmaydi”, - deb ta’kidlaydi jamiyatshunos.

Komron Aliyevning aytishicha, hokimlarning aniq bir iqtisodiy tashabbus ko`rsatishlari mablag’ masalasi bilan bog`liq, mablag’ topish esa muammoli, shuning uchun ham ularning faoliyati ma`lum ma’noda cheklangan.

Farg`onalik kuzatuvchi Abdusalam Ergashevga ko`ra, viloyat hokimidan ham ko`p narsalar taqozo etadi:

“Chunki mana kecha Farg`onada prezident o`tkazgan yig’ilishida ish joylari bilan odamlar ta’minlanmagani, ko`rsatkichlar tushib ketganligini norozi bo`lib aytdi. Eng aholi zich joylashgan vodiydagi aholining katta bir qismi ish bilan ta’minlaganda, noroziliklarning oldi olinarmidi, ehtimol Andijon voqealari kelib chiqmasmidi”, - deydi Ergashev.

Uning fikricha, avvalo aholini ish bilan ta`minlash kerak. “Ishsizlik juda katta darajaga yetib borgan, yashirishning hojati yo’q, vodiyning juda ko`p odamlari ish qidirib Rossiyaga, Qozog’istonga va boshqa yurtlarga chiqib ketishgan.”

Abdusalam Ergashevga ko`ra, ko`pgina ayollar Qozog’istonda, Qirg’izistonda paxta terish bilan ovora. Agar ularga Qozog`istondagi, qirg`izistondagichalik haq to`langanda ular hech qachon o`z yurtini, oila-turmushini tashlab boshqa yurtlarga chiqib ketmas edi:

“Agar shu masalalar hokimlar tomonidan to`g`ri hal etilsa, ish joylari ham hal bo`ladi”, - deb ta’kidlaydi kuzatuvchi.

O`zbekistonda viloyat hokimlariga yuklangan asosiy vazifalardan biri bu qishloq xo`jaligi. Paxta va don hosilini yig`ish bevosita hokimlardan talab qilinadigan vazifa.

20 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining yig`ilishida yana bir bor bunga e’tibor qaratilgan, viloyat hokimlariga topshiriqlar berilgan.

Viloyat hokimlari qishloq xo`jaligi uchun mas’ul bo`lishlaridan qat`iy nazar, bu sohaning qishloq aholisi turmushiga ta`sir qilishi mumkin bo`lgan asosiy tomoni – qishloq xo`jaligini erkinlashtirish vakolatiga ega emas, aksincha nazoratni ta’minlash uchun javobgar ekanliklari ta`kidlanadi.

Komron Aliyevning aytishicha, Andijon viloyati sobiq hokimlaridan biri aynan paxtaning plyonka usulini joriy etish tashabbusi bilan O`zbekiston qahramoni sifatida tanilgan, biroq hokimlarning mustaqil ravishda biron iqtisodiy tashabbus, savdoni erkinlashtirish, aloqalar o`rnatish kabi tashabusslari ma`lum emas.

“Hamma viloyatlarda bir xilda, markazdan beriladigan topshiriq asosida ish olib boriladi. Hokimlarning mustaqil tashabbuslari g’o’zani chopig`i, uni o`tdan tozalash, terimini aniqlash kabi harakatlar bilan chegaralanadi”, - deydi jamiyatshunos.

O`zbekistonda amaldorlaning korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib sudga tortilishi tez-tez kuzatiladi, jumladan viloyat va tuman hokimlarining ham.

Biroq bu jinoiy ishlar korrupsiyani kamaytirmayotganligi urg`ulanadi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biriga ko`ra, ma’lumki, viloyat hokimlari prezident tomonidan tayinlanadi. Ular ochiq saylov asosida, bevosita aholining irodasiga bog`liq holda tanlangandagina viloyat aholisi oldida o`z mas`uliyatini his etishi mumkin.

Uning ta’kidlashicha, o`z lavozimi aholining turmush darajasiga emas, ko`proq tepadagi beqaror kayfiyatga bog’liq ekanini bilgan amaldorlar, imkon qadar fursatdan foydalanishga urinadi.

XS
SM
MD
LG